Yangi "mahalla posboni" avvalgisidan farq qiladimi?

O‘zbekistonda "Mahalla posboni" jamoatchilik tuzilmasi nizomi tasdiqlangan.

1999 yilning 19 aprelida huddi shu tuzilma haqidagi nizom o‘z kuchini yo‘qotgani ma‘lum qilingandi.

Kuzatuvchilar O‘zbekistonda mahalla posbonlari huquq tartibot organlarining ayg‘oqchisi kabi vazifani bajarib qolayotganini va ularning maoshlari o‘ta kamligidan nizomda ko‘rsatilgan vazifalari bajarilmay qolayotganini aytishadi.

"Mahalla posboni" jamoatchilik tuzilmasi nizomi 2014 yilning 4 mart kuni hukumat qarori bilan tasdiqlangan.

Bu haqda Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti xabar bergan. Yangi nizom tasdiqlanishi ortidan 1999 yil qabul qilingan nizom o‘z kuchini yo‘qotgan. Institut xodimining BBCga ma‘lum qilishicha, ushbu nizomda takomillashtrish haqida gap ketyapti.

"Nizomda takomillashtirish to‘g‘risida gap ketyapti. Ya‘ni ushbu tizimni takomillashtirish. Shuning uchun bu boradagi hamma savolga "Mahalla" xayriya fondi javob beradi. Chunki ushbu qaror ijrosi mahalla fondiga yuklatilgan".

"Mahalla" xayriya fondi matbuot kotibi o‘z o‘rnida bo‘lmagani uchun ushbu nizomning 15 yil oldin qabul qilingan ayni shu nomdagi nizomdan qanday farqi borligini bilishning imkoni bo‘lmadi.

1999 yil qabul qilingan nizomda "Mahalla posboni" jamoatchilik tuzilmasining maqsadlari va faoliyatlari ko‘rsatilib berilgandi. Unda posbonlar mahalliy byudjetdan maosh olishi ko‘rsatilgan.

Toshkent shahridagi mahallalarning biridan faolning aytishicha, mahalla posboni xalq o‘rtasida huquq tartibot organlarining ayg‘oqchisi degan tasavvur shakllangan.

"Hokimiyat, maxfiy xizmatlar bilan hamkorlikda ishlaydigan agent darajasiga yetib qolishgan. Posbon deganda, mahallaning xavfsizligi, tinchligini saqlovchi, ayrim jinoyatlarning oldini olishga harakat qiluvchi odamlarni tushunardik".

Biroq bugungi kunga kelib mahalla posbonlari zimmasiga nizomda ko‘rsatilmagan vazifalar ham yuklana boshlangan.

"Kommunal to‘lovlarni to‘lash uchun xonadonlarga tazyiq o‘tkazib kirish posbonlarga yuklangan. Shanba kunlari shanbalik o‘tkazish va harbiy xizmatga bormayotganlarni izidan tushish yoki harbiy xizmat uchun pul to‘lashni nazorat qilish posponlarning zimmasiga yuklangan", - deydi mahalla faoli.

Toshkentdan huquqbon Su‘rat Ikromov mahalla posbonlarining faoliyati so‘nggi vaqtlarda o‘ta sustlashib ketganini va bunga ularning maoshli kamligi sabab bo‘lishi mumkinligini aytadi.

"Mahalla posbonining nomi bo‘lgani bilan bor yo‘qligi bilinmaydi. Menimcha, maoshi kichkina bo‘lgani uchun va e‘tiborsiz qoldirilgani uchun ko‘p joylarda bo‘shab kutgan yoki nomiga ishlayapti. Lekin ularning faoliyatini sezilarli deb bo‘lmaydi", deydi Su‘rat Ikromov.

Ikromov janoblariga ko‘ra yangi nizom posbonlarning ishini jonlantirish uchun qo‘l urilgan chora bo‘lishi mumkin.

O‘zbekistonda jami 9756 ta mahalla mavjudligi aytiladi. Mahallalar O‘zbekistonda rasman o‘zini o‘zi boshqarish organlari deb hisoblansada, ushbu tizimlarga hukumat va mahalliy hokimiyatning joylardagi ko‘zi qulog‘i va tepadan tushirilgan buyruqlarni amalga oshiruvchi tuzilma sifatida qaraladi.