Yanukovich tez orada Kiyevga qaytmoqchi

Image copyright Reuters
Image caption "Men tirikman. Men albatta Kiyevga qaytaman, bunga juda oz vaqt qoldi", - degan Yanukovich

Ukrainaning qudratdan ketkazilgan prezidenti Viktor Yanukovich Rostov Don shahrida ikkinchi matbuot anjumani o‘tkazgan.

"Men Ukrainaning nafaqat qonuniy prezidenti, mamlakatning oliy qo‘mondoni ham bo‘lib qolaman. Men tirikman. Men albatta Kiyevga qaytaman, bunga juda oz vaqt qoldi", - degan Yanukovich janoblari.

Yanukovich shuningdek, yangi hukumatni Ukrainani fuqarolar urushi girdobiga tortmoqchi bo‘layotganlikda ayblagan.

"Ular armiyani Bandera bayrog‘i ostida fuqarolar urushiga olib kirmoqchi", deb aytgan Viktor Yanukovich yangi hukumatni tan olmasligini, hokimiyatda millatchi guruhlar turganini ta‘kidlar ekan.

O‘z chiqishini Ukraina gimnidagi "Shche ne vmerla Ukraina i slava i volya", so‘zlari bilan yakunlagan Yanukovich matbuot anjumanida jurnalistlar savollariga javob berishni xohlamagan.

28 fevralda ham Rostovda matbuot anjumani o‘tkazgan Yanukovich o‘zining qonuniy prezident ekanligini ta‘kidlagan edi.

"Hech kim meni ag‘dargani yo‘q. Men hayotimga xavf borligi bois Ukrainani tark etishga majbur bo‘ldim", degandi u.

Yanukovich Rossiya Ukrainaning yirik hamkori va qo‘shnisi sifatida mamlakat ishlariga aralashishga haqqi borligini urg‘ulagan.

BMT Xavfsizlik Kengashining Qrimga bag‘ishlangan shoshilinch yig‘ilishida Rossiya tomoni Ukrainaga qo‘shin kiritilishiga asos qilib Yanukovichning xatini ko‘rsatgan edi.

Unga ko‘ra, Yanukovich Ukrainadagi vaziyatni barqarorlashtirish uchun Rossiyadan harbiy yordam so‘ragan.

Rossiya ham Ukrainaning qonuniy prezidenti so‘rovini e‘tiborsiz qoldirmasligini aytgan.