Turkiyada tartibsizliklarning yangi to‘lqini boshlangan

Image copyright RENGIN ARSLAN

11 martda o‘tgan yilgi namoyishlardan buyon komada yotgan 15 yoshli o‘smir vafot etgach, butun Turkiya bo‘ylab tartibsizliklar boshlanib ketgan.

Istanbulda politsiyaning namoyishchilarni kuch bilan tarqatish payti ko‘chaga non olishga chiqqan o‘smir ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz idishidan jarohatlangan, bir yildan buyon xushsiz qolayotgandi.

Politsiyaning tasodifiy qurboni Berkin Elvan aksilhukumat namoyishchilarni go‘yoki birlashtirgan.

Shifoxona o‘ngida yig‘ilganlarga qarata Berkin Elvanning onasi faryod bilan uning o‘g‘lini Yaratgan emas, Bosh vazir "olib ketgani" haqida aytgan.

Alavitlardan bo‘lgan o‘smir bolaning jasadi masjidga olib borilganda, hukumatga qarshi odamlar Istanbul ko‘chalarida "Erdo‘g‘an qotil", "Qotil hukumat hammasi uchun javob beradi" degan shiorlarni aytib qichqirishgan.

Bundan oldin ham Turkiyaning diniy ozchiligini tashkil qiluvchi alavitlar bilan mo‘‘tadil islom tarafdori bo‘lgan Erdo‘g‘on hukumati o‘rtasida bir necha bor muammoli vaziyat vujudga kelgan.

Turkiyaning inqilobiy kasaba uyushmasi konfederatsiyasi Elvanning dafn marosimida qatnashishini bildirgan.

Turkiya prezidenti Abdulla Gul marhumning yaqinlariga ta‘ziya izhor etgan.

2013 yil may oyida hukumatning Istanbuldagi Geza bog‘ini qayta ta‘mirlash ishlariga qarshi chiqqan namoyishlarda halok bo‘lganlar soni Elvin doxil sakkizta bo‘lgan.

Shuningdek namoyishlarning butun Turkiya bo‘ylab tarqalishi Rajab Toyib Erdo‘g‘onning 11 yillik boshqaruvi paytida vujudga kelgan eng muammoli vaziyat hisoblanadi.

Hukumat Anqarada namoyishchilarga qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va suv purkagichlarni ishlatgan. Aksilhukumat harakat qatnashchilari Erdo‘g‘on hukumatini iste‘fo berishini talab qilishgan. Namoyishchilar Qiziloy maydonidan siqib chiqarilgach, tor ko‘chalarda ham noroziliklarini davom ettirishgan.

Turkiyaning boshqa shaharlarida yoshlar ijtimoiy tarmoqlardagi chaqiruvlar orqali namoyishga chiqishgan. Adanada politsiyaga toshlar otilgan. Izmir va Eskishaharda ham yirik namoyishlar bo‘lib o‘tgan.

Istanbul va Anqarada hukumatning internetga nazoratni kuchaytirish qaroriga norozilar bir necha haftadan buyon namoyish o‘tkazib kelishayotgandi.

Rajab Toyib Erdo‘g‘on oldinroq Facebook va Youtube tarmoqlarini taqiqlashini bildirgandi.

Berkinning oilasi o‘g‘illari seshanba kuni erta bilan soat 7 da olamdan o‘tganligini Twitter orqali e‘lon qilishgan.