O‘zbeklar Rossiyaga qo‘shilishni istaydimi?

Image caption Islom Karimov davrida millionlab o‘zbeklar Rossiyada mardikorga aylandi

Ukraina inqirozi masalasida o‘zbekzabon internet tarmoqlarida fikrlar ikkiga bo‘linganini ko‘rish mumkin.

Fikr bildiruvchilarning ko‘pchiligi Rossiyaning tutgan pozitsiyasini qo‘llab quvvatlashiga guvoh bo‘lasiz.

Kuzatuvchilar bunday holatni millionlab o‘zbekistonliklarning rossiyada non topayotgani va O‘zbekistonda oddiy odamlarga nisbatan davlat boshqaruv organi xodimlarining noinsoniy munosabatlari asosiy sabab qilib ko‘rsatmoqda.

O‘zbek ijtimoiy tarmoqlar Rossiyaning Ukrainaga tutgan pozitsiyasini oqlovchi fikrlarga to‘la deyish mumkin.

Fikr bildiruvchilar, Rossiyaning g‘arbga ko‘rsatib qo‘yib to‘g‘ri qilganini va joiz bo‘lsa ushbu davlatning pasportini olishga tayyor ekanligini bildirishgan.

Frantsiyadan siyosatshunos Kamolliddin Rabbimov bu kabi qarashlarni boshqa Markaziy Osiyo o‘lkalari kabi O‘zekistonning ham Rossiya ommaviy axborot vositalari ta‘siridan chiqib keta olmagani bilan izohlaydi.

"Menimcha, bu yerda ajablanadigan joyi yo‘q. Bu qonuniyat. Qonuniyatligi shundan iboratki, 30 milliondan oshgan o‘zbek jamiyati butun Markaziy Osiyo singari Rossiya axborot hududi orqali oziqlanadi", - deydi Kamoliddin Rabbimov.

Unga ko‘ra, O‘zbekistonda tsenzuraning kuchliligi sababli, Rossiya matbuoti orqali xabar olish ancha qulay hisoblanadi.

Ikkinchidan til muammosi yo‘q.

Rishtondan mustaqil jurnalist va huquq himoyachisi Bahodir Eliboyev O‘zbekistondan millionlab odamlarning mehnat muhojiri sifatida Rossiyada non topishi ularning dunyoqarashiga ta‘sir o‘tkazganini aytadi.

"Biz tomonlarda juda ko‘pchilik Rossiyada rizqini teradi. Rusiyzabon mamlakatlarga borgandan keyin, ular bilan yashagandan keyin, ularning mafkurasini o‘zlariga qabul qilishadi", - Bahodir Eliboyev.

U o‘zi istiqomat qilayotgan tumanda odamlar orasida Rossiya bilan ittifoqdosh bo‘lish masalasi so‘nggi vaqtlarda ko‘proq muhokama qilinayotgan mavzu ekanini aytadi.

Kuzatuvchilar mustaqil bo‘lganiga endi 23 yil bo‘layotgan O‘zbekistondagi eski avlod eski kunlarni qo‘msayotganini aytishsa, mustaqillik arafasida va undan keyin tug‘ilgan avlod turmushdagi qiyinchiliklar va Rossiyadan bir ikki so‘m pul topish ortidan ushbu davlatning siyosatini qo‘llab quvvatlashi mumkinligini ta‘kidlashadi.

"Xalq uchun birinchi o‘rinda non muhim. Nonni Rossiya beryaptimi, demak, u Rossiyaga xayrixoh. Ta‘lim tarbiyadan ham oldin non turadi. Bu yerda ishsizlik avj olib ketdi. Ishsizlikdan boshqa muammolar, jinoyatchilik, fahsh holatlari avj olib ketaveradi", - deydi Bahodir Eliboyev.

Hukumatning o‘z xalqiga nisbatan o‘ta qattiqqo‘l siyosati, rahbarlarning o‘z qo‘li ostidagilarni tahqirlashi, quldorona munosabat va huquqsizlik Rossiyaga nisbatan xaloskor bir davlatni shakllantirgan bo‘lishi mumkin.

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov bu kabi holatlarning mavjudligi O‘zbekistonda davlatchilik inqirozidan dalolat berishini aytadi.

"O‘zbekistonda davlatchilik inqirozi shu qadar kuchliki, 23 yil o‘tayotib o‘zining 30 millionlik fuqarolari va Markaziy osiyoliklarga jozibador siyosiy tizim shakllantira olmadi," - deydi Kamoliddin Rabbimov - "O‘zbekistonda gapirsa bitta odam gapiradi, inkor qilsa aynan o‘sha odamning o‘zi inkor qiladi. 30 million aholi bitta odamning, bitta siyosiy rejimning rohat farog‘ati uchun yaratilgandek. O‘zbekistonning jamiyati va davlatchiligida jiddiy muammolar bor."

Kamoliddin Rabbimovga ko‘ra, ushbu muammolar vaqti kelib yechilishi mumkin.

Biroq ushbu ijtimoiy-siyosiy qiyinchiliklar sabab davlat mustaqilligidan voz kechish katta xato bo‘ladi.

Siyosatshunos avtoritar tizim bo‘lmish Rossiyada ham emin erkin hayot surib bo‘lmasligini ta‘kidlaydi.

"Rossiya ham avtoritar davlat. Rossiyaning iqtisodiy farovonligi zamirida bu mamlakatda yo‘lga qo‘yilgan siyosiy tizim, inson potentsialini amalga oshirish orqai emas. Aksincha, dunyoda keyingi 4,5 – 5 yilda neftning narxi misli ko‘rilmagan qimmat turishi va uning asosida rossiyada misli ko‘rilmagan katta boylik paydo bo‘ldi. Agar neft narxi tushib ketadigan bo‘lsa, Rossiyadagi ijtimoiy iqtisodiy farovonlik yarim yilning ichida parokanda bo‘ladi. Shuning uchun O‘zbekiston jamiyati hozirgi Rossiyaga havas bilan qarashi va milliy g‘ururi va o‘zligi hamda davlat mustaqilligiga shubha bilan qarashi, o‘ylaymanki, juda ham katta xato", - deydi siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov.