Sobiq O‘sh hokimi boshlagan qimmatbaho ko‘prik tergov qilinmoqda

"Asr qurilishi" deya nom olgan Oq-bura daryosi ustidan o‘tuvchi ko‘prik qurilishi o‘tgan yili boshlanib, 2015 yili foydalanishga topshirilishi aytilgan edi. Lekin, mablag‘ tanqisligi sabab, hozirgi kunda ushbu ko‘prik qurilishi to‘xtab qolgan.

Ayni damda O‘sh shahar prokuraturasi tarafidan qurilishi hali to‘la boshlanmasdanoq to‘xtab qolgan ko‘prikning loyihasi, uni qurish ishtiyoqini bildirgan horijiy tashkilotlar tenderi noqonuniyligi, shahar byudjetidan bo‘lgan noqonuniy harajatlar yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, hozirgi kunda tergov olib borilmoqda.

O‘sh shahrining markaziy bozori bo‘ylab o‘tuvchi osma ko‘prik qurilishi, shahar sobiq hokimi Melis Mirzaqmatovning tashabbusi bilan o‘tgan yilning sentyabrь oyi oxirida boshlangan.

O‘shanda sobiq hokim, qurilayotgan ko‘prikning uzunligi 400 metr, eni esa 17 metr bo‘lib, jami qurilish 539 million so‘mga baholanganini aytgandi.

Biroq, O‘sh shahar kengash raisi Ulan Primov qurilajak ko‘prikni moliyalashtirish uchun shahar byudjetida mablag‘ yetarli emasligini aytadi.

"O‘sh shahar kengashi deputatlari 2014 yilga shahar byudjetini 787 million so‘m deb qabul qilishgan. Yangi quriluvchi ko‘prikning umumiy bahosi esa 539 million so‘mni tashkil qiladi. Bu mablag‘ shahar byudjetining yarmidan ko‘pini tashkil etadi. Bu yil shahar byudjetidan ko‘prik qurilishiga 40 million so‘m ajiratildi. Ba‘zi harajatlarni qisqartirish hisobidan, yana 25 million bo‘linishi mumkin" - dedi janob Primov.

Joriy yil boshida O‘sh shahar hokimligiga bo‘lib o‘tgan saylovda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan, iqtidordagi shahar hokimi Aytmamat Qadirbayev, O‘sh shahri uchun ko‘prik qurilishi muhim ekanligini, lekin buni faqat mahalliy hokimiyatning o‘zi eplay olmasligini aytar ekan, markaziy hukumatga yordam so‘rab murojaat etganliklarini ma‘lum qildi.

"Biz, ko‘prik qurilishi uchun turli imkoniyatlarni izlayapmiz. Shu qatorda markaziy hukumatga ham, respublika byudjetidan ko‘prik qurilishi uchun mablag‘ bo‘lib berishlarini so‘rab murojaat qildik. Hozircha aniq javob olganimiz yo‘q" - dedi janob Qadirbayev.

Bu orada Qirg‘iziston Hukumat Bosh Vaziri Jonto‘ra Sotiboldiyev 10 martda O‘sh shahriga qilgan bir kunlik rasmiy ish safari chog‘ida hozirgi kunda qurilishi to‘xtab turgan ko‘prikning ahvoli bilan tanishib, Qirg‘izistonning mavjud moddiy ahvoli sabab hukumat bu kabi ko‘p mablag‘ talab qiluvchi ko‘prik qurilishini moliyalashtirishga imkoniyati yo‘qligini aytdi va mahalliy rasmiylarga ko‘prikning arzon mablag‘ bilan quriluvchi turlarini ishlab chiqishni buyurdi.

"Agar, bu ko‘prik qurilishiga mahalliy byudjetdan yiliga 40 million so‘mdan ajratilsa, u holda ko‘prik 10 yildan ortiqroq vaqtdan keyin to‘la bitkaziladi. Bu kabi katta qurilishni boshlashdan, avvalgisini buzishdan avval, unga moliya manbalarini izlab topish kerak edi. Ana undan keyin, qurilish loyihasini ishlab chiqib, ishni boshlasa bo‘lardi. Hozir respublika byudjetida bu qimmatbaho ko‘prikni moliyalashtirishga mablag‘ yo‘q".

O‘sh shaharida markaziy ko‘chalardan biri hisoblanmish Alisher Navoiy ko‘chasi bo‘ylab quriluvchi, Masaliyev hamda Lenin ko‘chalarini tutashtirishi rejalanayotgan ko‘prik qurilishi bahonasida markaziy bozor yo‘li to‘siqligi, shahar yashovchilariga va mashina harakatiga bir qator qiyinchiliklarni yaratmoqda.

Mahalliy yashovchi Ilxom Azizov har kuni ertalab, bir necha chaqirim aylanma yo‘llar bilan ish manziliga boradi va kechga yaqin ham shu ko‘rinish.

"Bu yo‘lni yopib qo‘yilgani oddiy xalqqa yomon bo‘ldi. Shaharda qancha mashina tiqinlari, odamlarda ovoragarchilik. Mayli, Mirzaqmatov bu ko‘prik qurilishini moliyaviy jihatini o‘ylamay boshlab qo‘yibdi, lek hozirgi hokim, hukumat bu ko‘prikni tezroq qurib, bitirish kerak-ku", - deya xunob bo‘ladi u.

2010 yilda O‘sh va Jalolobodda bo‘lib o‘tgan millatlararo etnik nizolar ortidan o‘zining millatchilik ruhidagi chiqishlari bilan tanilgan O‘sh shahar sobiq hokimi Melis Mirzaqmatov ko‘prik qurilishi boshlanishi arafasida quyidagi so‘zlarni aytgan edi.

"Odamlar, bu ko‘prikni qurilishi bo‘yicha har xil gaplarni aytayapti. Biz ikki yil davomida ko‘prikni qurib, ishni oxiriga yetkazamiz. Bu yil shahar byudjetidan 100 million so‘m ajiratildi. Kelajakda bu O‘rta Osiyodagi yagona ko‘prik bo‘lib hisoblanadi. Ko‘prikni "Asr Qurilishi" deb atasa ham bo‘ladi" - degan edi Mirzaqmatov.

"O‘zboshimcha hokim" deb tanilgan sobiq hokim Mirzaqmatov 539 million so‘m, taqriban 9 800 000 AQSh dollari miqdordagi mablag‘ni talab qiluvchi "Asr Qurilishi" ko‘prigini qay mablaqqa solishni maqsad qilgani hanuz noma‘lum.

Your contact details
Disclaimer