Tojikistonlik mehnat muhojiri kundaligidan. 14-hikoya

O‘n to‘rtinchi hikoya

"Yuz so‘m puling bo‘lguncha, yuzta do‘sting bo‘lsin!" Men Shuhrat yashaydigan yangi ijara uyda u damlab bergan achchiqqina ko‘kchoyni ichib o‘tirar ekanman, ana shu o‘zbek maqoli xa-yolimda aylanardi.

Bir ko‘chada katta bo‘lgan tengdoshlar ko‘p, sinfdoshlar ko‘p, lekin chinakam do‘stlar barmoq bilan sanarli. Mayli, yuzta bo‘lmasa ham, menda Shuhrat kabi eng og‘ir damlarda yukimni yengillatadigan, suyunsam, suyunadigan, kuyunsam, kuyunadigan do‘stlarim bor-ku! Agar u meni deb hatto ishini tashlab kelmaganda, ko‘chada qoldim, uch-to‘rt kungina boshpana berib turinglar, deya qaysi bir tanishimning eshigida sarg‘ayib o‘tirgan bo‘larmidim…

Shuhrat esa, tinmay mening ko‘nglimni ko‘taradi:

- Qaysi bir baxti kulgan qizni ko‘z ostiga olib kelding, Inshaalloh, bu yil to‘yingni yer ekanmizda, - deydi bo‘shagan piyolani qo‘limdan olar ekan.

Men jilmaygancha javobdan qochamanda, Shuhratning Petrovsko-Razumovskiy metrosi yaqinidagi yangi ijara uyidagi sheriklari bilan qiziqaman. U hali taksida kelayotganimizda besh kishi bir bo‘lib, bir xonalik uyni ijaraga olishganini, hammalari shu uyda ro‘yxatdan o‘tishganini aytgandi. "Endi OMONchilar ham, boshqalari ham kelishsa, hujjatimizni ko‘rsatib, ostonadanoq qaytaramiz", dedi va "Umid, sen oltinchimiz bo‘lasan", deya yelkamga qo‘l tashladi.

Ishqilib, OMONchilar qo‘liga tushmagan bo‘lsinda

Image copyright RIA Novosti
Image caption OMON xohlagan payt ijara xonaga bostirib kelishi mumkin

Ijara uy o‘ttiz ming rublga olingan ekan. Kenggina xonada bemalol o‘n kishi ham yotsa bo‘ladi. Ustiga oshxona ham bor. Olti kishiga besh mingdan tushadigan bo‘ldi.

- Umid aka, siz meni tanimadingiz-a, - dedi kechki payt ishdan qaytgan yangi hamxonalarimdan biri. – Akangiz bizga sinf rahbari bo‘lganlar. Sen o‘qishing kerak, bilimingni uvol qilma, derdilar hali maktabni bitirmasimdanoq Rossiyaga otlanayotganimni eshitib.

Men Olimjon ismli yigirma bir yashar bu yigitni tanimadim. Ko‘rgan bo‘lsamda, eslay olmadim.

- Lekin Umidjon akamning kelganlari yaxshi bo‘ldida, kvartira haqimiz besh yuz-besh yuzdan kamaydi, - dedi hazilkash qo‘shnimiz Biloliddin.

U shundaygina bizdan uch hovli narida turadi. Otasi qishloqdan birinchi bo‘lib Rossiyaga ketganlardan biri edi. To‘rt yil bo‘ldimi, besh yilmi, Rossiyadan tobutini olib kelishgandi. Ikkala o‘pkasi shamollab o‘tib ketgan ekan. Rahmatli buni bilmaganmi, yo bilsada, tuzalib ketarman, deb ishlab yuravergan ekanmi, to‘rtta bolasi yetim qoldi. Kattasi - mana shu Biloliddin.

- Lekin bir narsani aytib qo‘yay: sening azon aytishingga biz o‘rganib qoldik. Umid akang hali o‘rganmagan. Vaqtidan bir soat oldin azon aytib, shirin uyqusini buzmaysanda, - dedi va-ha-halagancha Shuhrat.

Xullas, ijara uyida qishlog‘imizdan to‘rt kishimiz. Yana bir hamxonamiz - Eshmurod Dushanbe tomondan. Oltinchi sherik - Xolmurod esa, o‘zbekistondan. Men u bilan tanishayotib, Ergashalini eslagandim. Bu hazilkash, ichi kuysa ham, jilmayib turadigan, bosiq yigit bilan tezda do‘stlashib ketgandik.

Qo‘ng‘iroq qilsam, telefoni javob bermayapti. Ishqilib, OMONchilar qo‘liga tushmagan bo‘lsinda. Chunki u ham biz turadigan ijara uyda emas, boshqa yerda vaqtincha yashash uchun ro‘yxatdan o‘tgandi. Ijara uyimizga bostirib kirgan OMONchilar u yerda ro‘yxatdan o‘tganlarnig pulini olib, boshqa yerda ro‘yxatdan o‘tganlarning hammasini Rossiyadan chiqarib yuborishgan ekan-ku!

Rossiyada neofashistlar yo‘qmi?

Image copyright AP
Image caption Taqirboshlar dastidan muhojirlarning elektrichkaga o'tirishga yuraklari yo'q

Ishdan kelgan yigitlar yuvinib-artinib chiqishguncha Shuhrat o‘rtadagi stolga dasturxon yozdi. Men jomadonimni ochdimda, uydan olib kelgan non va boshqa ne‘matlarni o‘rtaga qo‘ydim. Faqat ikkita patir, uch-to‘rt siqimdan mayiz, bodom, yong‘oq mag‘zi, kichkina plastmassa idishdagi asalni olib qo‘ydim. Uyga ketayotganimda Ergashali "menga nima olib kelasiz, onam yopgan patirni sog‘indim", degandi odatdagiday jilmayganicha.

Kiyimini almashtirib chiqqan Biloliddin choy damlab keldi. Zum o‘tmay, dasturxon atrofida oltovlon jamuljam bo‘ldik.

- Qani, jannatmakon yurtimiz mevalarini intizor qilmaylik, - Shuhrat shunday deya patir sindirdi.

Qishlog‘imiz yigitlari, Eshmurod ortiqcha "oling-oling"ni kutmasdan, goh bodom, goh mayiz tatib ko‘rishga kirishishdi. Faqat Xolmurod tortinib o‘tirardi.

- Xolmurod, olsangizchi, dasturxonga qo‘yildimi, demak, hammamizniki.

Shuhratdan keyin men ham Xolmurodni dasturxonga qarab o‘tirishga undadim.

Olimjon televizorni yoqdi. Naq supradek keladigan televizorda Ukraina voqealari ko‘rsatilardi. Biri qo‘yib, ikkinchisi Ukrainada neofashistlarga Xudo bergani, ular

istagan noma‘qulchiliklarini qilayotganlarini aytardi.

- Shu Ukraina voqealari chiqib, biz haqimizda ko‘rsatmay qo‘yishdi, xayriyat, - dedi Shuhrat. - Yo‘qsa, har kuni qaysi birdir uyga OMONchilar bostirib kirishgani, qonunni buzib ishlayotgan tojikistonlik, o‘zbekistonlik, qirg‘izistonlik mardikorlarni ushlab, deport qilishayotganini ko‘rsatishardi.

- Bitta biz emas, vetnamliklarni ham ko‘rsatishadiku - dedi Biloliddin. - o‘tgan hafta ular kiyim tikayotgan yerto‘lani topishgani, yashirinib olgan yerlaridan hammalarini chiqarib, yurtlariga badarg‘a qilganliklarini og‘iz ko‘pirtirib ayta-ayta, ko‘rsatishdi-ku!

- O‘rtaosiyolikmi, vetnamlimi, qora tanlimi, ko‘chada uchrab qolsa ayamay savalaydigan, o‘lasi qilib uradigan, o‘ldirib ketadigan o‘zlarining fashistlarini nega ko‘rsatishmaydi? Onda-sonda biz chora ko‘ryapmiz, biz irqchi emasmiz, degandayin bitta-ikkitasiga yengilgina hukm berishadi. Odamlarimizning elektrichkaga o‘tirishga yuraklari yo‘q. To‘satdan anovi taqirboshlari boshlarini yaltillatib, qo‘llarida temir tayoq ko‘tarib kirib kelib, duch kelgan musofirni ayamasdan urishga tushishadi…

Shuhrat aytgan bu gaplarni birinchi marta eshitishim emas. Shungami, jimgina quloq solib o‘tirardim. Biloliddin, Olimjon, Eshmurod o‘zlari duch kelgan, eshitgan voqealarni gapirishardi. Faqat Xolmurod gapga aralashmas, jimgina choy ho‘plab o‘tirardi.

Ichimdan top Xolmurod

Image copyright AFP
Image caption "Muhojirlar gaplarini ham o‘ylab gapirishadigan bo‘lgan"

Xolmurod bir xonada yashay boshlaganimizga uch-to‘rt kun o‘tganda ham men bilan salomlashish, hol-ahvol so‘rashdan nariga o‘tmadi. Shuhrat buni sezgan ko‘rinadi, menga, "shoshma, hali Xolmurod bilan qalinlashib ketasizlar. o‘zi yaxshi yigit. Lekin yaxshi tanib-bilmagan odamning oldida ochilib gapirmaydi, uning o‘zi bilan xam tuzuk-quruq suhbatlashmaydi", dedi. Keyin bilsam, Xolmurod Rossiyaga kelayotganda otasi "og‘zim bor, deb duch kelgan odamning oldida vaysayverma. Devorda ham quloq bor. o‘ylamay-netmay aytgan gaping o‘zbekistonga yetib kelsa, ana keyin chaqir-chaqir qilishsa, nima qilamiz", degan ekan.

"Xolmurod aslida Bekobodning Bo‘kaga yaqinroq qishloqlaridan bo‘ladi. Uning aytishicha qishloqlarida uch-to‘rtta odam yig‘ilsa, hech kim o‘z hayotidan nolimas, hukumat odamlari to‘g‘risida bir og‘izgina tanqidiy fikr ayta olmas ekan. Bittasi yetishtirgan bug‘doy hosilidan bir qop qoldirmasdan rejaga deb olishganliklaridan noligan ekan, ertasigayoq tegishli idoralarga chaqirishibdi.

Shuhrat aytganday dasturxon atrofida o‘tirganimizda, yo televizor ko‘rayotganimizda Xolmurod asta-sekin gapga aralashadigan bo‘lib qoldi. Lekin baribir u menga xavotirlanib qarab qo‘yayotganini sezardim.

Umid,

Moskva.