Qirg‘izistondan Ukrainani qo‘llagan faol chiqib ketdi

Image copyright b
Image caption Huquq faollari Ukraina Maydonini yoqlab namoyishga chiqqandilar

Faol Ilya Lukash, o‘ziga nisbatan har tarafdan bosim va hayotiga havflar bo‘layotganligi sababli, Qirg‘izistondan chiqib ketishlikka qaror qilganini ma‘lum qildi.

Huquq faollari esa Davlat Milliy Havfsizlik Qo‘mitasiga murojaatnoma yo‘lladilar.

Joriy yil boshida poytaxt Bishkekda Qirg‘izistonning Boj Birligiga qo‘shilishiga qarshi norozilik namoyishida, hamda Ukrainaning yakdilligi va birdamligini qo‘llab o‘tkazilgan namoyishlarda qatnashgan yosh faol Ilya Lukash, davlatni tark etish sabablarini quyidagicha izohladi.

"Men shu yilning 7 - martida, sevimli Qirg‘izistonimni noilojlikdan tark etishga majbur bo‘ldim. Menga va yaqinlarimga bo‘layotgan turli xil bosim va qo‘rqituvlar ortidan ishimdan ham ayrildim, ko‘chada ham erkin yura olmay qoldim. Shu sababdan, oz muncha buyumlarimni yig‘ishtirib, oldimda bo‘lgan 300 dollar bilan, menga og‘ir kunimda yordam qo‘lini cho‘zishga tayyor insonlar oldiga borishga qaror qildim" – dedi Ilya Lukash.

Faol bosim avvaliga Bishkekdagi "Kalis" ("Xolis" – tax.) yoshlar tashkiloti faollari, keyinchalik esa Davlat Milliy Havfsizlik Qo‘mitasi hodimlari tarafidan bosim kuchayganini aytadi.

27 fevralda AQShning Bishkekdagi elchixonasi qarshisida "Qalis" yoshlar tashkiloti faollari Qirg‘izistonda gomoseksuallarga qarshi namoyish o‘tkazib, ularning huquqlarini Ilya Lukash himoya qiladi degan iddao bilan faol suratiga o‘t qo‘yganlar.

Tashkilot rahbari Jenish Mo‘ldakmatov davlatni tark etgan janob Ilya Lukash hayotiga tashkilot a‘zolari tarafidan havf solinganini rad etdi.

"Chet davlatga ketishning qulay imkoniyatni kutib turgan bo‘lsa kerakda. Uning hayotiga hech kim havf solgani yo‘q. Norozilik namoyishimizdan keyin u bilan ko‘rishib, gaplashganimiz ham yo‘q" dedi Jenish Mo‘ldakmatov.

Biroq, janob Ilya Lukash hech qanday gomoseksuallarning huquqini himoya qilmaganini, o‘zi ham ushbu guruh a‘zosi emasligini, qolversa nega uning suratiga AQSh elchixonasi qarshisida o‘t qo‘yilganiga hayron.

"Mening AQSh elchixonasi bilan hech qanday aloqam yo‘q. Yoshlar tashkilot rahbarlari men haqimda bunday ma‘lumotlarni qayoqdan olgan hayronman. Barchasi yolg‘on. Shu kunga qadar Bishkekdagi reklama va e‘lonlar bilan shug‘ullanuvchi tashkilotda ishlaganman" deb ajablanadi Ilya Lukash.

Bu orada Qirg‘izistondagi bir qator huquqbonlar, 12 martda Davlat Milliy Havfsizlik Qo‘mitasiga faol Ilya Lukashga nisbatan bo‘lgan bosim, qo‘rqituvlar va uning davlatdan chiqib ketishi yuzasidan murojaatnoma yo‘lladilar.

Murojaatda, davlatdagi mavjud faollarga nisbatan ta‘ziyq va bosimlar tanqid qilinib, faol Ilya Lukashning davlatdan chiqib ketishi, qator huquqbonlarga belgi sifatida ekanligini bildirdilar.

Faol Ilya Lukash, joriy yil poytaxt Bishkekda o‘tkazilgan Qirg‘izistonning Boj Birligiga qo‘shilishiga qarshi, Ukraina yakdilligi va birdamligini qo‘llab quvvatlagan namoyishlarda, shuningdek bir qator huquqbonlar o‘tkazuvchi namoyishlarda faol ishtirok etib kelgan.