Donetskdagi tartibsizliklarda ikki kishi vafot etgan

Rossiyaparast namoyishchilarning "Ukraina birligi uchun" harakat qatnashchilariga hujumi oqibatida ikki kishi halok bo‘lgan, 50 ga yaqini turli darajadagi tan jarohati olgan. O‘ndan ortiq odam kasalxonaga yotqizilgan.

22 yoshli yigit pichoqlanishi orqasidan "Tez yordam" mashinasida jon bergan.

"Ukraina birligi" aktsiyasi militsiya va ichki ishlar xodimlari qurshovida bo‘lib o‘tgan.

Harakatga qarshi olomon namoyishchilarga tuxum, tutun chiqaruvchi vositalar otishgan, so‘ngra militsiya qurshovini yorib kirgan.

Shuningdek militsiya namoyishchilarni avtobusda olib chiqib ketmoqchi bo‘lganda, ularga qarshi yoshlar avtobus oynalarini sindirganlar va yong‘in chiqaruvchi narsalar otganlar.

Ommaviy tartibsizlikda ikkala tomondan ikki mingga yaqin kishi qatnashgani aytilmoqda.

Militsiya namoyishni o‘tkazishga xalaqit bergan bir necha kishini ushlagan.

Biroq 500 dan ortiq faollar militsiyadan hibsga olinganlarni qo‘yvorishni talab qilib baqirishgan. Militsiya avtobusini qimirlatib, oyoqlarini teshganlar.

Natijada militsiya ushlanganlarni qo‘yvorishga majbur bo‘lgan.

O‘tgan haftada ham Ukraina janubi va sharqidagi mitinglarda o‘n minglab odamlar ishtirok etganlar.

Ularning bir qismi Ukrainaning yaxlitligi uchun chiqqan bo‘lsalar, boshqa qismi Rossiyaning Qrimdagi amallarini qo‘llab-quvvatlab chiqishgan edi.

Yakshanba kuni Taras Shevchenko tavalludining 200 yilligi nishonlangan, biroq aksar bayram tadbirlari urushga qarshi shiorlar ostida o‘tgan va to‘qnashuvlar yuz bergan.

Rossiyani qo‘llab-quvvatlovchi "mudofaa" jangarilari, xususan kazaklar namoyishchilarni do‘pposlaganlar.

Ommaviy chiqishlar Ukrainaning boshqa shaharlarida ham bo‘lib o‘tgan.

Donetskdagi namoyishlarda rossiyaparast faollar viloyat hokimiyati binosidan Ukraina bayrog‘ini yirtib olib, o‘rniga Rossiya bayrog‘ini o‘rnatganlar.

Xarkovda 10 ming atrofidagi odamlar Ukrainaning hududiy yaxlitligini uchun marshga chiqqanlar. Faollar "Urushga yo‘q!", "Ukraina, Xarkov, Qrim!" deya xitob qilishgan.

16 mart, yakshanba kuni o‘tishi rejalangan Qrim referendumi oldi yana tartibsizliklar bo‘lishi mumkinligidan xavotirlar bor.