Tsukerberg Obamadan internetni kuzatmaslikni so‘radi

Image copyright GETTY IMAGES
Image caption Mark Tsukerberg internet xar bir foylanuvchi uchun xavfsiz bulishi kerakligini aytadi

Facebook asoschisi Mark Tsukerberg AQSh Prezidenti Barak Obamaga telefon qilib, Amerika hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan internet ayg‘oqchiligi borasida noroziligini bildirgan.

Oq Uy vakiliga ko‘ra, Obama va Mark Tsukerberg o‘rtasida suhbat bo‘lib o‘tgan, lekin boshqa tafsilotlariga to‘xtalmagan.

Bundan oldin "Chegara bilmas jurnalistlar" xalqaro tashkiloti yillik hisobotini chiqargandi. Unda internetni doimiy nazorat qiladigan tashkilotlar qatoriga Amerika milliy xavfsizlik agentligi ham kiritilgan.

Shuningdek, AQSh josuslik xizmati sobiq tahlilchisi Edvard Snouden oshkor qilgan yangi ma‘lumotlarda, Amerika hukumati Facebook tarmog‘i ostida niqoblangan kuzatuv xizmati tuzgani , u orqali foydalanuvchilarning kompyuteriga kirish imkoniga ega bo‘lgani keltiriladi.

Amerika xavfsizlik xizmati esa Snouden chiqargan ma‘lumotlarni "aniq emas" deb atagan.

"AQSh internet kelajagi uchun xavf tug‘dirmasdan, u haqida kayg‘urishi kerak", deb yozadi Facebook asoschisi Tsukerberg o‘z sahifasida.

"Muhandislarimiz xavfsizlikni yaxshilash ustida tinmay ishlar ekanlar, biz o‘z hukumatimizdan emas, jinoyatchilardan himoyalanayotganimizni tasavvur qilamiz", deydi u.

Mark Tsukerburgga ko‘ra, internetning kuchini saqlash uchun uning xavfsizligini asrash zarurdir.

Edvard Snouden taqdim qilgan ma‘lumotlarga qaraganda, Amerika maxsus xizmatlari yuzlab telefon qo‘ng‘iroqlarini eshitib, "qora yo‘llar" orqali Microsoft, Yahoo, Google, Facebook, PalTalk, AOL, Skype, YouTube va Apple kabi yirik kompyuter va internet shirkatlarning tizimlariga ulangan.

Hukumatlarning internetni ommaviy kuzatuvi internetning kelajagini yo‘qotadi, deya xavotirlanadi Edvard Snouden.