Ollohning oshiqlari: O‘zbek so‘fiylar

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

"Yo Olloh, yo Olloh..." Chog‘roq xonada davra qurgan yuz chog‘li kishi tinimsiz bu qalimani qaytaradi. Ularning ko‘zlari yumuq, qo‘llari ko‘ksida va har safar Olloh nomini aytganda, ta‘zim qilishadi.

Shimoliy Afg‘onistonning Balx viloyatidagi kichikkina xonaqoda yig‘ilgan musulmonlar Tasavvufning aksar Naqshbandiya va Qodiriya oqimlari vakillari.

Afg‘onistonda radikal Islom yoyilishi va keyinroq Tolibonning qudratga kelishi ortidan so‘fiylar ham tazyiqqa uchragandi.

Besavod odamlar so‘fiylarni ilohiy kuch-qudratga ega, deb bilishadi. O‘qimishli insonlar esa ular "Ollohning oshiqlari" deb ataydilar.

Bu so‘fiy oqimlari ildizlari ko‘pincha hozirgi O‘zbekiston hududlarida.

17-18 asrlargacha hozirgi O‘zbekistonda ham so‘fiylik gurkiragan va turkiy olamdagi buyuk allomalar, Ahmad Yassaviy va Alisher Navoiydan tortib, keyinchalik Boborahim Mashrab, So‘fiy Olloyor, Nodirabegim, Uvaysiy kabi so‘iy she‘riyatida buyuk iz qoldirgan o‘zbekzabon shoirlar yetishib chiqqan.

Ammo Sovet davrida tasavvuf taqiqlangani bois, bugungcha O‘zbekiston so‘fiy maktablari to‘liq o‘zining tarixiy shukuhini tiklolganicha yo‘q.

Shimoliy Afg‘oniston o‘zbeklari esa endi-endi maxfiy va unutilayozgan tariqatlarni qayta jonlantirishmoqda.

Ko‘pchilikning o‘ylashicha, o‘z davrida Islomiy ilm-fan, adabiyot, musiqa va san‘at tarqqiy etishiga katta hissa qo‘shgan tasavvuf Afg‘onistonni ham mo‘‘tadil Islom va rivojlanish yo‘liga olib chiqishi mumkin.

Lekin so‘fiylar korruptsiyaga botgan hukumatlar bilan ishlamasligini, Tolibon kabi radikal oqimlar bilan hamkor bo‘lmasliklarini aytishadi.

"Hukumat poraxo‘rlikka botgan" - deyishadi o‘z qarorlarini izohlab so‘fiylar - "Tolibon esa juda radikal. Olloh ham, payg‘ambarimiz ham mo‘‘tadil bo‘lishni buyurishgan".

BBC Jahon Xizmatining Ingliz tilidagi diniy dasturlari uchun maxsus lavhalar tayyorlagan Rustam Qobil bugungi lavhada shimoliy Afg‘oniston o‘zbeklaridagi so‘fiylikni tadqiq etadi.