Tahlil: "Qrim masalasi butunboshli MDHni "o‘ldirishi" mumkin"

Image copyright AFP
Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Ayrim mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra, kichik bir Qrimni qaytarib olaman deb, Rossiya o‘zining katta MDHdagi so‘nggi ta‘sirini ham yo‘qotishi mumkin.

"Gurjiston Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligidan chiqqanida bu - katta zarba emas edi. Mana, bugun Ukraina chiqayapti... O‘ylaymanki, bu - Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Tashkilotining majruhlanishi va mutlaq obro‘sizlanishiga olib keladi, deb aytishimiz mumkin", - deydi, jumladan, Frantsiyadan siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov.

O‘z o‘rnida, tahlilchi suhbatdoshimizning ta‘kidlashicha, Rossiya uchun Qrimdagi xatti-harakatlarining oqibatlari judayam jiddiy va salbiy bo‘ladi.

"Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi yoki Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti bo‘lsin, bugunning o‘zida ularga a‘zo davlatlarning hammasida Rossiyadan "qochish", Rossiyadan "chekinish" va rasmiy Moskvaga ishonchsizlik tendentsiyasi haddan tashqari kuchli", - deydi Kamoliddin Rabbimov.

Tahlilchining nazdida, hattoki, MDH davlatlari orasidan Rossiya bilan xavfsizlik, iqtisodiy va siyosiy jihatdan nihoyatda bog‘liq bo‘lgan Qozog‘iston va Belarus ham bosqichma-bosqich, rasmiy Moskvaning jahlini chiqarmasdan, bu tashkilotlar va bu bog‘liqliklardan uzilishga harakat qiladi.

Qolgan MDH mamlakatlari esa, allaqachon Rossiyaning, agar ta‘bir joiz bo‘lsa, "orbita"sidan tezroq uzilish va ta‘siridan qutulish harakatiga tushib qolishgan, deydi u.

O‘zbekistonlik siyosiy tahlilchining bu kabi baholari Qrim masalasida Rossiya va AQSh o‘rtasidagi so‘nggi siyosiy muzokaralar ham chippakka chiqqan bir manzarada yangramoqda.

Qrimning Rossiya tarkibiga qaytishi-qaytmasligiga oid referendumga esa, bor-yo‘g‘i bir kun qoldi, xolos.

G‘arbning nazdida, yakshanba kungi referendum va Rossiyaning Qrimdagi so‘nggi amallari Ukrainaning hududiy yaxlitligiga daxl qilish va xalqaro qonunlarga zid bir ish bo‘ladi.

AQSh tomoniga ko‘ra, barcha diplomatik urinishlari va po‘pisalari samara bermaganiga qaramay, Qrim masalasini shunchaki tashlab qo‘ymaydi va buning oqibatlari Rossiya uchun judayam jiddiy bo‘ladi.

Ammo, ta‘kidlash joiz, Qrim muammosiga diplomatik yechim topishga qaratilgan juma kungi so‘nggi muzokaralar ham G‘arbning siyosiy va iqtisodiy ixotalashlarga oid keskin ogohlantirishlari manzarasida bo‘lib o‘tgandi.

Buyog‘i tavakkalchilikmi?

Image copyright AFP

Tahlilchi Kamoliddin Rabbimovga ko‘ra, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Qrim masalasida juda shoshilinch qaror qabul qilgan va shu bois ham, hozir orqaga qaytish imkoniyatlari juda kam.

Ammo, suhbatdoshimizning ta‘kidlashicha, bu - xato ish bo‘lgan.

"Rossiya Qrimni tortib olish orqali, bamisoli, Ukrainaning Nato va Ovro‘po Ittifoqiga kirishiga vetosini qo‘ymoqchi. Aslida, o‘ylaymanki, bu jarayonni ancha tezlashtirdi. Chunki Boltiqbo‘yi davlatlari va umuman, Rossiyaning atrofidagi mamlakatlarda Natoga kirish uchun qo‘shimcha stimul ham paydo bo‘ldi. Chunki ularda Rossiyadan o‘zimizni himoya etishimiz uchun biz ertaroq Natoga kirishimiz kerak, degan "oqlov", ya‘ni vaziyatni "oqlash" imkoniyati paydo bo‘ldi", - deydi tahlilchi Kamoliddin Rabbimov.

Lekin, suhbatdoshimizning ta‘kidlashicha, hatto, hozirgidek bir vaziyatda ham G‘arbning qo‘lidan hech bir ish kelmadi va Qrimning "taqdiri hal bo‘ldi", deb qat‘iy xulosaga kelish noo‘rin bo‘ladi.

"Mana, Rossiya allaqachon Yuqori Sakkizlikdan "quvilayapti". Iqtisodiy hamkorlik tashkilotlaridan "quvilayapti". Ovro‘poda Rossiyaning gazi va neftiga mutlaq muqobili izlanayapti. Amerika va arab davlatlari o‘rtasida neftning narxini pasaytirish choralari qidirilmoqda. Agar, bularning hammasi ish bersa, Rossiya misli ko‘rilmagan darajada katta iqtisodiy va siyosiy yo‘qotishlarga uchraydi", - deydi u.

Kamoliddin Rabbimov, o‘z o‘rnida, "haliyam dunyodagi hududi eng katta davlat ekani sabab, Checheniston, Dog‘iston, Tatariston, Boshqirdiston va hatto, Uzoq Sharqi misolida Rossiya o‘zining ichkarisida ham markazdan qochish tendentsiyasi oshkora va yashirincha har doim bo‘lganiga e‘tibor qaratarkan, rasmiy Moskva hozir juda xavfli o‘yin o‘ynayapti", deydi.

Unga ko‘ra, bu nuqtai nazardan ham, Qrimdagi so‘nggi xatti-harakatlarining oqibatlari Rossiya uchun salbiy bo‘lishi ehtimoli judayam yuqori bo‘ladi.

Tahlilchining ta‘kidlashicha, 21-asrda hududlarni bosib olish orqali o‘zining ta‘sirini "parvarishlash" davri o‘tib bo‘lgan va hozir dunyo hamjamiyati, atrofga ta‘sir qilishning boshqa vositalari mavjud.

Lekin Rossiya Prezidenti Vladimir Putin buni inobatga olmayapti, deydi u.

Rasmiy Moskvaning Qrimdagi sa‘y-harakatlari esa, uzoq davom etgan ommaviy namoyishlar ortidan, Ukrainada rossiyaparast prezidentning ag‘darilishi va g‘arbparast yangi hukumatning qudratga kelishi ehtimoli paydo bo‘lgan bir vaziyatda kuzatilmoqda.

Markaziy Osiyoning mavqei qanday bo‘ladi?

Image copyright none

G‘arblik yetakchi tahlilchilarga ko‘ra, Qrimdagi hodisalarni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari ham diqqat bilan kuzatib borayotgan bo‘lishlari tayin.

Tahlilchilarning aytishlaricha, Qrimda kechayotgan voqealar ular uchun, agar, o‘z manfaatlariga bevosita to‘qnash kelsa, Rossiya "qulayotgan tuzumni"ni tutib qolish uchun sobiq Sho‘ro hududlariga bemalol bostirib kirishi va mintaqadagi boshqa bir yirik qo‘shnisi Xitoy uning bu amallarini, hech bo‘lmaganda, jimgina ma‘qullashi mumkinligini anglatadi.

Boshqa tomondan esa, Rossiya istab qolsa, ozchilik ro‘siybzabonlarning huquqlarini himoya qilish bahonasida sobiq Sho‘rolar Ittifoqi hududida o‘sha davrlardan meros qolgan "o‘lik mojarolar" istalgan paytda qayta jonlantirishi mumkinligiga dalolat qiladi, deyishadi ular.

O‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, rasmiy Moskva yaqinda xuddi shunday izoh bilan Ukrainaga o‘z qo‘shinlarini kiritishga tayyor ekanini ham oshkora bayon qilgan va hozircha bunday ehtimolni nazardan soqit etmay kelayapti.

Tahlilchilarning nazdlarida, mavjud holat, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarini, hech bo‘lmaganda, dunyoning qudratlari bilan muvozanatni qanday tutib turish masalasida jiddiy o‘yga toldirmay qo‘ymaydi.

Suhbatdoshimiz nazdida, 2009 yildan keyin Vashington - Toshkent yaqinlashuvining zamirida ham ikkita katta nuqta turibdi: Birinchisi, Afg‘oniston. Ikkinchisi, Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Ovro‘osiyo Ittifoqi g‘oyasini majruhlantirish.

Ayni o‘rinda tahlilchi Kamoliddin Rabbimov Ukraina hodisalaridan keyin Rossiyaning Markaziy Osiyoga e‘tibori kuchayadi, degan fikrda.

Uning aytishicha, xuddi shu manzarada qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyat ham murakkablashib bormoqda.

Bularning barchasidan kelib chiqib, tahlilchi, bu yaqin o‘rtada O‘zbekiston-Amerika munosabatlari, ayniqsa, Afg‘oniston masalasida kuchayib boradi, deydi.

Suhbatdoshimizga ko‘ra, mavjud vaziyatda, ayrim tahlilchilar nazdlarida, "o‘zining tomorqasi", deb bilgan hududda Vashingtonning hozirligiga keskin qarshi bo‘lgan Rossiyaning bosimi ham Markaziy Osiyo davlatlari uchun u qadar qo‘rqinchli bo‘lmaydi.