Qrim referendumi uchun Rossiyaga qarshi jazo choralari kiritildi

Ukrainaning Qrim yarim orolidagi rossiyaparast aholi 16 mart kunidagi referendum natijalarini shod-xurramlik bilan nishonlashar ekan, G‘arb jazo choralariga qo‘l urishga qaror qilgan.

Ovro‘po Ittifoqining 28 davlatining bu choralari viza taqiqlovi va ayrim Rossiya rasmiylarining bank hisoblarini muzlatish amallarini nazarda tutadi.

Ovro‘po Ittifoqining dastlabki jazolari sifatida Rossiya va Ukrainaning 21 davlat mulozimi Ovro‘po davlatlari hududiga kirishi taqiqlandi va bank hisoblari muzlatilishi bildirildi. Ro‘yxatda kimlar borligi sanktsiyalar amal qilishni boshlashigacha oshkor etilmaydi.

Manbalarning xabar qilishicha, Ovro‘po ushbu choralar Rossiyani sergaklantiradi, harakatlarining oqibatini o‘ylab ko‘rishga undaydi deb umid qiladi.

Prezident Barak Obama ham Moskvani ogohlantirgan.

Ukrainadagi amallari uchun Vashington Rossiyaga qarshi "baho" joriy etishga tayyor, deb aytgan Prezident Obama.

Xitoy esa Qrim referendumidan so‘ng Ukrainadagi inqirozni hal qilish borasida vazminlik bilan qaror qabul qilishga chaqirmoqda. Xitoy Tashqi ishlar vakiliga ko‘ra, siyosiy muzokaralar inqirozni yechishning yagona yo‘li hisoblanadi.

Na Ukraina hukumati va na Rossiyadan tashqari boshqa birorta mamlakat qonuniyligini e‘tirof etgan referendum Qrim jamiyati ikkiga bo‘lingan sharoitda o‘tkazilgan.

Qrim aholisining 58 foizini tashkil qiladigan ruslar yarim orolning Rossiya tarkibiga kirishi tarafdori, 12 foiz Qrim tatarlari va ukrainlar Ukraina tarkibida qolishni xohlashadi.

Qrimning rossiyaparast rasmiylariga ko‘ra, referendumda ishtirok etganlarning 97 foizi Rossiyaga qo‘shilish uchun ovoz berganlar.

Qrim tatarlarining Majlisi referendumni boyqot qilishga chaqirgan.

Bu boyqotni dastaklaganlar ovoz berishda qatnashmaganlar.

Qrimdagi ruslar referendum natijalarini ertalabgacha bayram qilganlar.

Rossiya Qrim referendumi natijalarini qabul qilishi haqida e‘lon qildi.

Rossiya Davlat Dumasi tez orada Qrimning Rossiyaga qo‘shilishiga izn beradigan qonuniy hujjatni qabul qilishi haqida aytgan Duma spikeri o‘rinbosari.

Qrim Oliy Kengashi allaqachon Rossiya rublini rasmiy milliy valyuta deb e‘lon qilgan. Oliy kengash qaroriga ko‘ra, Ukraina grivnasi Qrim hududida 2016 yilgacha amalda bo‘lishi mumkin.

Undan oldin deputatlar muxtoriyatning mustaqilligi haqida qaror qabul qilgan edilar.

"16 mart referendumi natijalaridan kelib chiqib, respublika oliy kengashi Qrimni mustaqil davlat deb e‘lon qiladi. bunda Sevastopol shahri muhim maqomga ega bo‘ladi." deyiladi parlament murojaatida. Parlament shuningdek, Rossiyadan Qrimni federatsiya tarkibiga qabul qilishni so‘ragan.

Ayni paytda Rossiya tashqi ishlar vazirligi Ukrainadan rus tilini ikkinchi rasmiy til sifatida ko‘rishga chaqirgan.

Shu bilan birga, Tashqi ishlar vazirligi xalqaro hamjamiyatdan Ukrainani quvvatlash guruhini tuzib, inqirozni yechishni taklif qilmoqda.

Moskvaning fikriga ko‘ra, inqirozdan chiqish uchun avvalo 2014 yil 21 fevralda prezident Yanukovich va muxolifat o‘rtasidagi kelishuv amalga oshishini ta‘minlash lozim.