Eron Amerika ustidan g‘alaba qozondi

Image copyright fila
Image caption Eron polvonlarining g‘alabasi butun Eron bo‘ylab ro‘znomalarning bosh sahifalariga aylangan

Erkin kurash bo‘yicha Kaliforniyada o‘tkazilgan Jahon Kubogi musobaqalarida eronlik kurashchilar rossiyalik raqiblarini yengib chempion bo‘lganlar.

Eron jamoasi Rossiya jamoasini 4-2 hisobida mag‘lub etgan.

Prezident Hasan Ruhoniy mamlakati kurashchilariga o‘z tabriknomasini yo‘llagan.

Bu yangilik butun Eron bo‘ylab barcha ro‘znomalarning bosh sahifalariga aylangan.

"Vatani Imro‘z" ro‘znomasi eronlik kurashchilarni "qahramonona qayishqoqlik"ni namoyish eta olganlari uchun olqishlagan.

Eron davlat televideniyesi mamlakat bayrog‘i boshqa bayroqlardan balandda hilpiraganini to‘lqinlanib hikoya qilgan.

"Eron kurash chempioniga aylanar ekan, Amerika zaminida Eron madhiyasi yangradi va Eronning bayrog‘i Rossiya va Amerika bayroqlaridan yuqoriga ko‘tarildi", deb aytgan teleboshlovchi.

Eronlik kurashchilar boshida Armaniston kurashchilari bilan bellashganlar.

So‘ng Turkiya polvonlari bilan kurashganlar.

Shundan keyin hindistonlik kurashchilarning yelkasini yerga tegizganlar.

Ana undan keyin eronlik polvonlar amerikalik kurashchilar ustidan g‘alaba qozonishgan, musobaqalarni tomosha qilish uchun to‘plangan amerikalik eronilar bu g‘alabani hayqiriqlar bilan kutib olganlar.

Eng oxirida eng kuchli polvonlar sifatida Rossiya va Eron polvonlari davraga tushganlar.

AQShlik kurash direktori Rich Bender jahon chempionligi uchun musobaqalar payti siyosat chetga surib qo‘yilganini olqishlagan.

"O‘ylaymanki, bu bizning Eron kurash federatsiyasi bilan haqiqiy munosabatimizning va kurash butun dunyo bo‘ylab naqadar mashhurligining isbotidir", deb aytgan u.