Qirg‘iz - Tojik chegarasida navbatdagi nizo bartaraf etildi

Image copyright Askar Baimuratov

Chegaroldi hududlarda yashovchi aholi ikki davlat rahbarlarini mavjud muammoni tezroq hal qilib berishlarini iltimos qiladilar.

Rasmiylar esa, buning uchun vaqt kerakligini aytadilar.

Qirg‘izistonning Botken viloyatiga qarashli Oqsoy qishlog‘i aholisi Tojikistonga tegishli Vorux eksklavi bilan Isfara tumanini bog‘lovchi yo‘lni, 14 - martda hamqishloqlaridan biri qo‘shni davlat fuqarolari tarafidan do‘pposlanishi ortidan to‘sib qo‘ygan.

Bunga javoban, Tojikistonning Xo‘ja A‘lo qishlog‘i aholisi ham Oqsoy qishlog‘ini Botken shahri bilan bog‘lovchi yo‘lni to‘sgan.

Ikkala tarafdan yig‘ilgan 200 dan ortiq odam bir-birlarini tosh bilan nishonga olganlari aytilmoqda.

Ziddiyatni bartaraf etish uchun mahalliy kuch tizimlari safarbar etilgan.

Shuningdek, Botken viloyati rahbari o‘rinbosari Seit Abraxmanov hamda Botken tumani hokimi Seitmurat Qaliqov boshchiligidagi guruh, Tojikistonning Isfara tumani boshchisi Davron Zaxidzoda bilan muammoni voqea joyida muhokama etib, taraflarni yarashtirganlar va 15 mart kuni kechga yaqin to‘sib qo‘yilgan yo‘lni ochishga erishganlar.

Tojikiston tarafining bildirishicha, nizo Oqsoy qishlog‘ining yashovchisi, tojikistonlik yo‘lovchi tashuvchi kichik avtobusning haydovchisini haqoratlaganidan keyin boshlangan.

Botken tumani hokimi Seitmurat Qaliqovning so‘zlariga ko‘ra, bo‘lib o‘tgan hodisa yuzasidan ikki taraflama tergov ishlari olib borilmoqda.

13 - mart kuni Tojikistonning Xo‘ja A‘lo qishloq yashovchilari, Qirg‘izistonning Uch Dovon qishlog‘i bilan chegaradosh yo‘lga tuproq solayotganida, ushbu qishloq aholisi ishni to‘xtatishni talab qilgan va o‘zaro kelishmovchilik kelib chiqqan.

Muammo mahalliy militsiya xodimlari aralashuvi bilan hal etilgan.

Voqeadan ko‘p o‘tmasdan, shu kunning o‘zida Qirg‘izistonning Oqsoy qishlog‘i yo‘lini to‘g‘rilash uchun ketayotgan yer tekislovchi maxsus mashina(greyder)ni Tojikiston chegarachilari o‘tkazmay qo‘yishi ortidan, chegarada ikki tarafdan yana aholi to‘plangan va mahalliy rasmiylarning o‘zaro muzokaralaridan so‘ng taraflar tarqalganlar.

Joriy yil boshidan Qirg‘iziston - Tojikiston chegaralarida yashovchi aholi o‘rtasida bir necha nizolar qayd etilgan.

Ulardan 11 yanvarda yuz bergan chegarachilar o‘rtasidagi otishma natijasida, Qirg‘izistonning besh nafar, Tojikistonning esa uch nafar chegarachisi yaralangan.

Sobiq Sovet Ittifoqi tarqashi ortidan, mustaqillika erishgan Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan Qirg‘iziston - Tojikiston o‘rtasidagi ba‘zi cheragaraoldi hududlari hali hanuz aniqlanmaganligi hududda yashovchi aholiga bir qator noqulayliklarni yaratmoqda va ularning noroziligiga sabab bo‘lmoqda.