Yo‘qolgan boing "Qozog‘iston va Turkmaniston sari uchgan bo‘lishi mumkin"

  • 17 Март 2014
Image copyright AFP

Malayziya Bosh Vaziri Najib Razaqning xabar qilishicha, Malaysia Airlines havo yo‘llarining Boing 777 avialayneridagi aloqa tizimlari oldindan o‘chirib qo‘yilgan bo‘lgan.

Uning aytishicha, sun‘iy yo‘ldoshlardan olingan ma‘lumot uchoq o‘z aloqa tizimi o‘chirilishidan so‘ng yo‘nalishini o‘zgartirib yana yetti soat boshqa yo‘nalishda uchganiga ishora qiladi.

"Tergov yangi bosqichga kirdi. Uchoqning harakatlari unda kimningdir ataylab qilgan amallaridan darak beradi", - dedi janob Razaq.

Avialayner Boing 777 o‘tgan jumada Kuala-Lumpurdan Pekinga MN370 reysi bilan uchayotgandi. Uning bortida ekipajning 12 a‘zosi va 227 yo‘lovchi bor edi.

Layner yerdan ko‘tarilishidan taxminan bir soat o‘tib radar ekranlaridan yo‘qolib qolgan. Bu vaqtda u Vetnamning havo hududida Janubiy Xitoy dengizi uzra uchayotgandi.

Avvalroq paydo bo‘lgan ma‘lumotda uchuvchilar bilan radio aloqa yo‘qolib qolishi ortidan bir necha soat davomida uchoq dvigatellarining ishlab turgani borasida telemetrik ma‘lumot olinib turgani aytilgan.

Xabar qilindiki, Londonda joylashgan Inmarsat shirkati uchoqdan besh soat davomida ishoralar qabul qilgan. Agar bu ma‘lumot to‘g‘ri bo‘lsa, bu uchoq uchishda davom etgani va 1600 kilometrdan oshiq masofani bosib o‘tganini anglatadi.

Qidiruv kengaytirilmoqda

Matbuot anjumanida gapirgan Najib Razaqning aytishicha, sun‘iy yo‘ldoshlardan olingan ma‘lumot Boing 777da aloqa tizimi o‘chirib qo‘yilgani va uchoq so‘ngra Malayziya hududiga qaytib, Hindiston sari harakat qilganiga ishora qiladi.

Razaq janoblarining aytishicha, hozirda rasmiylar uchoqning ikki havo dahlizlari bo‘ylab harakat qilgani ehtimolini ko‘rib chiqishmoqda.

Qozog‘iston va Turkmaniston chegarasidan Tayland shimoligacha

Indoneziya janubidan Hind ummoni janubigacha

Unga ko‘ra, Malayziya harbiylari ayni damda Janubiy Xitoy dengizidagi amaliyotlarini to‘xtatib, qidiruv hududini kengaytirish maqsadida boshqa davlatlar bilan muzokaralar olib bormoqdalar.

"Matbuot vositalarida uchoq olib qochilgani borasida paydo bo‘lgan xabarlarga qaramay, men bir narsaga aniqlik kiritmoqchiman. Biz hali ham uchoq o‘z yo‘nalishini o‘zgartirishiga yetaklagan barcha sabablarni ko‘rib chiqayapmiz", - dedi bosh vazir.

Your contact details
Disclaimer