Moskvadagi "Tinchlik yurishi"da o‘n minglab odamlar qatnashdi

Moskva markazida Rossiyaning Ukraina hududida harbiy amaliyotlarni amalga oshirishiga qarshi o‘tkazilayotgan "Tinchlik yurishi"ga o‘n minglab odamlar yig‘ilgan. Bu haqida BBC rus xizmatining muxbiri Yuriy Maloveryan xabar qilmoqda.

Avvaliga Ukrainaga qo‘shinlarning olib kiritilishiga qarshi rejalangan mazkur namoyish endilikda internetdagi ommabop saytlarning man qilinishi va "Lenta.ru" internet nashri rahbariyatining ishdan bo‘shatilishiga qarshi yurishga ham aylandi.

Biroz avval, shanba kuni ertalab, Sergey Kurginyanning Prezident Vladimir Putinni qo‘llab-quvvatlovchi "Sut vremeni" (Vaqt mazmuni) harakatining yurishini bo‘lib o‘tdi. Undan 10 ming atrofida odamlar qatnashdi.

Ichki Ishlar vazirligi ma‘lumotiga ko‘ra, "Tinchlik yurishi" uch ming odamni yiqqan, Rossiya hukumati tarafdorlari yurishida esa, vazirlikka ko‘ra, 15 ming odam ishtirok etgan.

Image copyright Reuters

Vazirlikning bayonotida urushga qarshi chiqqan namoyishchilar "Qrimning Rossiyaga qo‘shilishiga qarshilar" deya ta‘riflangan, Rossiyaparast namoyishning a‘zolari esa "fashizmga qarshi" faollar deya olqishlangan.

Ba‘zi kuzatuvchilarning ikki tomon orasida to‘qnashuvlar yuz berishi mumkinligi borasidagi xavotirlari oqlanmadi.

Moskvada avval ham Qrimga bostirib kirishga qarshi ruxsatsiz aktsiyalar bo‘lib o‘tgandi, biroq uning a‘zolari hibsga olingandi.

Lekin, ayni damda hukumatning o‘zi tomonidan Vasilevskiy mavzesida uyushtirilgan Qrimning Rossiyaga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlovchi tezkor mitingga o‘n minglab odamlar yig‘ilgan. Ba‘zi ma‘lumotlarga ko‘ra, mazkur namoyishga byudjet tashkilotlarining xodimlari olib chiqilganlar.

Your contact details
Disclaimer