Suriya armiyasi Yabrud shahrini isyonchilardan ozod qilgan

Suriya hukumatiga ko‘ra, isyonchilarning oxirgi qarorgohlaridan bo‘lgan Livan bilan chegaradagi Yabrud shahrida hukumat kuchlari nazorat o‘rnatgan.

Hukumat armiyasi va Livanning "Hezbolloh" guruhi shaharni bir necha haftadan buyon qamal qilib kelayotgan edilar.

Yabrud shahri uch yildan buyon jangarilarning muhim qarorgohi va asosiy transport yo‘nalishi hisoblangan.

Suriya armiyasi o‘tgan yilning noyabr oyida Livan chegarasiga yaqin Qalamun tog‘ida isyonchilarga qarshi yirik amaliyotni boshlagan edi.

Oxirgi paytda Assad kuchlari Kara, Deyr Attiya, Nabak shaharlarini isyonchilardan tortib olgan. Damashqni Xoms bilan bog‘lovchi strategik muhim avtomobil yo‘lini qo‘lga kiritgan.

Yakshanba kuni "Hezbolloh"ning ikki askari Suriyaga yaqin Beka viloyatida avtomashinaga o‘rnatilgan bomba portlashidan halok bo‘lgan.

Suriya armiyasini dastaklayotgan shia jangchilari isyonchilar tomonidan tez-tez nishonga olinadi.

Shuningdek, Al-Nabiydagi qishloqda sodir bo‘lgan portlashda uch shia o‘ldirilgan.

Ayni paytda Al-Qoidaga aloqadorligi aytiladigan "Al Nusra Fronti"ning Twitterdagi murojaatiga ko‘ra, hujum Eron partiyasining Yabruddagi jirkanchliklariga qarshi tezkor javobdir.

Hujumga mas‘uliyatni yana bir guruh "Ahror al-Sunniy" zimmasiga olib, uni "Yarmuq uchun o‘ch" deb atagan.

Suriya televideniyesi Yabrudning ko‘chalarida yurgan askarlarni ko‘rsatgan.

Muxolifatdagi manbalarning aytishicha, "hukumat shaharni hali to‘liq nazoratga oldi, deb bo‘lmaydi. Ba‘zi jangarilar oxirgi qonlari qolguncha olishishga tayyor".

Yabruddagi qaqshatqich janglar sababli 40 mingdan ortiq kishi qo‘shni mamlakatlar, aksariyati Livanga qochib o‘tganlar.

Suriyada uch yildan buyon davom etayotgan fuqarolar urushida 100 mingdan ortiq inson qurbon bo‘lgan. 2,5 million kishi mamlakatni tashlab chiqqan. 6 million 500 ming odam Suriyada qochqinlar jamlog‘ida jon saqlamoqda.