Ikki o‘t orasida qolgan Qrim yoki ichkarida nelar kechmoqda?

Image caption "Qrimdagi odamlar o‘zaro munosabatlarida taranglik harorati ko‘tarilgan, ammo keskin emas", deydi jurnalist Lenur Yunusov

Bugun Qrim tatarlarining Majlisi Islom Hamkorlik Tashkilotiga murojaat bilan chiqqan, Qrim tatarlari yana bir fojea ostonasida turiptilar, degan xavotir izhor etgan. Islom Hamkorlik Tashkilotidan inqirozni tinch yo‘l bilan hal etishda madad berish so‘ralgan. Qrimdagi bugungi vaziyat haqida biz Simferopoldan jurnalist Lenur Yunusovdan so‘radik:

Lenur Yunusov: Ovoz berish biror bir muammosiz davom etayapti. Eng katta muammo - Qrim jamiyati bugun ikkiga bo‘linib qolgani. Bir qismi referendumda ishtirok etib, ularning aksari Rossiyaga qo‘shilish uchun ovoz berayapti. Ikkinchi qismi esa uyida o‘tiripti, shu yo‘l bilan bu referendumni boyqot qilayapti. Ma‘lumki, bu referendumni Ukraina hukumati ham, xorijiy davlatlar ham, xalqaro tashkilotlar ham qonunga zid deb e‘lon qilganlar va uning natijalarini hech kim e‘tirof etmasligi haqida ogohlantirganlar. Qrim tatarlari Majlisi referendumga boyqot e‘lon qilgan hamda Qrimda yashaydigan aholi, nafaqat tatarlar, boshqa millat vakillarini ham ovoz berishda qatnashmaslikka chaqirdi. Haqiqatan ham juda ko‘p odamlar saylov uchastkalariga chiqqanlari yo‘q.

BBC: Qrim Tatarlarining Majlisi bugun Islom Hamkorlik Tashkilotiga murojaat e‘lon qildi. Bu murojaatda, 20 asrda surgun qilingan Qrim Tatarlari yana bir fojea ostonasida turiptilar, deyiladi. Bu xavotir asosi nimada?

Image copyright AP AFP
Image caption Bugun Qrim jamiyati ikkiga bo‘lingan...

Lenur Yunusov: Chunki, Qrim Tatarlari Qrimning Rossiyaga qo‘shilishiga mutlaq qarshilar. Ular Ukraina tarkibida yashashni xohlashadi va bu haqda ushbu inqirozning boshidayoq e‘lon qilishgan. Hozir esa bu referendum noqonuniy va Qrim Ukraina tasarrufida qolishi lozim, deya ta‘kidlab turishipti. Shu munosabat bilan odamlarda xavotir uyg‘ongan: ya‘ni mahalliy hokimiyat va Qrim aholisining aksar qismini tashkil qilgan rusiyzabonlar qolgan odamlarni ko‘pchilik fikrini qo‘llab-quvvatlamagani uchun, qo‘pol qilib aytganda, jazolashni hoxlab qoladi, degan xavotir yuzaga kelgan. Qrim tatarlariga qarshi fitna uyushtirilishi haqidagi xabarlar tarqalgan. Bugungi zamondagi mana shunga o‘xshagan inqirozlardan ko‘rinib turiptiki, bunday inqirozlar ba‘zan "etnik tozalashlar", qatliom, deportatsiya va hokazolar bilan tugallanadi. Boya aytganimday, Qrim jamiyati ikkiga bo‘lingan va har bir taraf o‘zini haq deb hisoblaydi. Shuning uchun ham, Qrim tatarlari o‘zlarining va farzandlarining kelajagidan haqiqiy xavotirga tushganlar.

BBC: Hozir oddiy odamlarning o‘zaro maishiy ma‘nodagi munosabatlari qanday?

Lenur Yunusov: Ushbu inqirozga qadar Qrimdagi millatlararo munosabatlar barqaror edi, deyish mumkin. Hozir voqealarning ta‘siri millatlararo munosabatlarning maishiy darajada ham taranglashishiga olib kelgan, deb aytish mumkin. Biroq, bu taranglikni men kuchli, demagan bo‘lardim. Odamlar ham avvalgidek yashashmoqda: ruslar, ukrainlar, Qrim tatarlari, armanilar, yahudiylar oldingidek qo‘shnichilik aloqalarini davom ettirishayapti, bir-birlari bilan muloqot qilishayapti. Ayni paytda men oxirgi hodisalar hatto bir oila a‘zolarining o‘rtasidagi kelishmovchilarga turtki bergani haqida eshitdim. Misol uchun, eri Qrim Ukraina tarkibida qolishi kerak, desa, xotini va xotinining ota-onasi Rossiyaga qo‘shilishi kerak, deb hisoblagani uchun ziddiyat kelib chiqqan. Mana shunday taranglik harorati ko‘tarilganini ko‘rish mumkin. Lekin, bu taranglik keskin emas.