"Qrimda hayot mavhumlikda qolgan"

Simferopoldan jurnalist Lenur Yunusov
Image caption Simferopoldan jurnalist Lenur Yunusov

Rossiya harbiylari nazorati ostida qolayotgan Qrimda aholining bir qismi Rossiyaga qo‘shilishni olqishlashayotgan bo‘lsa, yarim orol Ukraina tarkibida qolishini istaganlar o‘z kelajaklari mavhum qolganini aytadilar.

Qrimdan BBC muxbiri xabar qilishicha, yarim oroldagi Ukraina harbiylariga bosimlar kuzatilayapti.

U yerdagi vaziyat va odamlar kayfiyati haqida biz Simferopoldan jurnalist Lenur Yunusovdan so‘radik.

Lenur Yunusov: Hozir hamma Rossiya qanday qarorga keladi, deb kutishayapti. Rossiya Qrimni o‘z tarkibiga qo‘shib oladi, deyishayapti. Agar shunday bo‘lsa, Qrimda ko‘pchilik hayotini o‘zgartirishga majbur bo‘ladi. Hozirning o‘zida odamlar Qrimni tark etishni boshladilar. Bunday odamlar soni minglab deyilayapti. Ular Kiyev, Lvov va Ukrainaning boshqa hududlariga ko‘chib o‘tishayapti. Bugun xalqaro jamg‘arma, xalqaro tashkilotlar Qrimdan ayrim jurnalistlarni olib chiqib qo‘yganlari haqida xabarlar tarqaldi. Chunki, bu jurnalistning salomatligi, ularning hayotiga tahdid bo‘lgan. Ya‘ni, Qrim so‘z erkinligini ifoda etish hayot uchun xavfli hududga aylanmoqda. Odamlarning oddiy hayotiga to‘xtaladigan bo‘lsak, ular bizning bank omonatlarimizga nima bo‘ladi, mol-mulkimizga nima bo‘ladi, Ukraina oliy o‘quv yurtlarining diplomlariga nima bo‘ladi, bu yerdagi Ukrain tilida saboq beradigan maktablarga nima bo‘ladi, degan savollar ostida qolganlar. Odamlarning hayoti mavhumlikda qolgan, hech kim ertaga nima bo‘lishini bilmaydi.

BBC: Hozir Qrimda bo‘lgan BBC muxbiri xabar qilishicha, u yerdagi Ukraina armiyasi harbiylariga bosim o‘tkazilayapti. Ularga, yoki Rossiya armiyasiga qo‘shil yoki Qrimdan chiqib ket, degan shart qo‘yilayotgan ekan...

Lenur Yunusov: Chindan ham shunday bo‘layapti. O‘zlarining harbiy bazalarida turgan Ukraina harbiylari oldiga ultimatum qo‘yishgan - yoki qurolingizni tashlab Qrim armiyasiga qo‘shilasiz yoki Ukrainaga ketishingiz kerak, degan talab. Ha, bu yerdagi Ukrain harbiylari ana shunday bosim ostida qolganlar.

BBC: Bugun do‘konlarda oldi-sotdi qilishda muammolar yuzaga kelgani, do‘konlar bank kartochkalarini qabul qilmayotganlari haqida xabarlar tarqaldi. Bu muammolar naqadar keng tarqalgan?

Lenur Yunusov: To‘g‘ri. Qrimda eng yirik bank "Privat-bank" hisoblanadi. Kecha bu bank ishlamagan. Aytishlaricha, go‘yoki bu narsa "Privat-bank"ning Ukraina milliy pul birligi grivnadan Rossiya rubliga o‘tayotgani bilan bog‘liq. Naqd pul olish uchun bankomatga borsangiz, ko‘plab bankomatlarda pul yo‘q. Qrimdagi odamlar pullarini bu yerdagi Ukraina banklarida grivnada omonat qilib saqlashgan, ularning depozitlari, kreditlari va hokazolar hammasi Ukraina pul birligida bo‘lgan. Butun Qrimdagi bank tizimi vayron bo‘lishi mumkin. Bank tizimiga nima bo‘lishini ham hech kim bilmaydi.

BBC: Qrimda nechta bankning bo‘limlari faoliyat yuritadi?

Lenur Yunusov: Qrimda Ukrainadagi deyarli barcha banklarning bo‘limlari bor. Ukrainadagi jami banklarning soni hozir aniq yodimda yo‘q. 100 tacha bo‘lsa kerak. Ana shu banklarning hammasi bu yerda filiallarini ochishgan. Chunki Qrim har doim bank faoliyati uchun manfaatli hudud bo‘lgan. Qrim dam olish joyi, shuning uchun bu yerga sayyohlar ko‘p kelishadi. Qrimga har yili hordiq uchun keladigan turistlarning 70 foizi Ukrainadan bo‘lgan va ular o‘zlarining bank kartochkalari bilan bu yerda hisob-kitob qilishgan. Endi bu banklarga nima bo‘ladi, men bilmayman.