"Qovqoz Amirligi" tashkilotining yangi rahbari e‘lon qilindi

Image copyright YouTube
Image caption Abu Muhammad o‘zini Doku Umarov ishini davom ettirishga sodiqligini aytgan

Chechen jangarilari tomonidan YouTube video tarmog‘iga qo‘yilgan lavhaga ko‘ra, "Qovqoz Amirligi" tashkilotining halok bo‘lgan rahbari Doku Umarov o‘rniga Abu Muhammad saylangan.

Videomurojaatda Ali Abu Muhammad o‘zini Doku Umarov ishini davom ettirishga sodiqligini aytgan.

18 martda chechen jangarilarining sayti "Qovqoz markazi" web sahifasida Doku Umarovning halok bo‘lgani bildirilgan edi.

Asli ismi Aliasxab Kebekov bo‘lgan Abu Muhammad 49 yoshli Doku Umarovning o‘limini tasdiqlagan va uning oila a‘zolariga ta‘ziya izhor etgan.

Millati avar bo‘lgan 42 yoshli Abu Muhammadning o‘zi Dog‘istonda tug‘ilgan. Uning aytishicha, Doku Umarov o‘limidan oldin olti kishidan iborat kengashning a‘zolarini tayinlagan. Ular orasida Abu Muhammad oliy sha‘riy hakam va amirlik vazifasini egallagan. Vaziyat taqozo etganda, aynan u yangi rahbar haqida qaror berishga haqli bo‘ladi.

"Men bunday mas‘uliyatni zimmamga olish haqida hatto o‘ylamagan edim. Lekin birodarlar, amirlar mendan qattiq turib iltimos qilganlari uchun ularning gaplarini qaytara olmadim", deb aytgan Abu Muhammad.

Bundan bir necha oy oldin Checheniston rahbari Ramzan Qodirov o‘z manbalariga asoslanib, Doku Umarov yanvar oyida halok bo‘lganini bildirgan edi. Unga ko‘ra, maxfiy xizmatlar qo‘lida mavjud jangarilarning o‘zaro telefon muloqotlari ularning rahbari o‘lganiga aniq ishora qiladi.

Abu-Muhammad o‘z murojaatida Doku Umarovning qachon va qanday o‘lganini ochiqlamagan. Shu bilan birga, u ichki tekshirishlar qilinayotgani, mas‘uliyatsizlik qilganlar topilib, jazolanishiga va‘da bergan.

Rossiya terrorga qarshi qo‘mita vakili Umarov o‘limi haqida tashkilot tafsilotlarga ega ekanligini aytgan RIA Novosti agentliga.

Doku Umarov2006 yil chechen isyonchilarining rahbari qilib saylangan. Rossiya hukumati bir necha bor uning o‘ldirilganini aytgan. Lekin har safar Doku Umarov buni inkor qilib, tirik ekanligi haqida video murojaat bilan chiqqan.

Doku Umarovning oxirgi chiqishi 2013 yil iyunda paydo bo‘lgan. U o‘zining tarafdorlarini Rossiya hududida Sochi Olimpiadasi o‘tkazilishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirgan edi.