Oyjamol Do‘stum: "Afg‘onistonni, albatta, ayol prezident ham boshqaradi"

Image caption "Men uchun nomzodlarning erkak yoki ayolligi emas, xizmati muhim"

Afg‘oniston shimolidagi eng qudratli siyosatchilardan biri bo‘lgan general Abdulrashid Do‘stum qizining aytishicha, shaxsan o‘zining katta siyosat bilan shug‘ullanish istagi yo‘q, ammo shu yaqin yillarning o‘zida mamlakatida ayol kishi prezident bo‘lishiga ishonadi.

"Ko‘plab xorijiy davlatlar va mintaqa mamlakatlari bilan solishtirganda, Afg‘onistonda ayollar siyosatda haqiqatan ham faollar. Shuning uchun ham, uzoqqa borib yotishning hojati yo‘q, hatto, shu yaqin yillarning o‘zida Afg‘onistonda ayol kishi prezident bo‘lishi mumkin", - deydi Oyjamol Do‘stum BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Uning otasi general Abdulrashid Do‘stumning o‘zi esa, bu galgi saylovlarda faqat prezidentlikka asosiy nomzodlardan Ashraf G‘ani Ahmadzayning 1-muovini sifatida ishtirok etmoqda.

Afg‘onistondagi yirik muxolif siyosatchilaridan biri sanalishiga qaramay, janob Do‘stum yangi afg‘on hukumati qudratga kelgandan so‘ng faqat bir marta - 2004 yilgi prezidentlik saylovlarida ishtirok etgan va 10 foiz ovoz to‘plashga muvaffaq bo‘lgandi.

O‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, bu gal Afg‘oniston prezidentligi uchun bellashayotgan nomzodlar orasida birorta ham O‘zbek millatiga mansub bo‘lgan siyosatchi yo‘q.

Ustiga ustak, o‘tgan ikki saylovlardan farqli tarzda, bu yilgi saylovlarda faqat erkak nomzodlargina prezidentlik uchun bellashishmoqda, xolos.

Xuddi shu o‘rinda, suhbatdoshimiz Oyjamol Do‘stumning aytishicha, unga bo‘lajak prezidentning ayol yoki erkak siyosatchi bo‘lishining farqi yo‘q.

Unga ko‘ra, Afg‘oniston prezidentligi uchun bellashayotgan 11 nomzod orasida birorta ham xonimining yo‘qligi uni na-da xursand va na-da xafa qiluvchi voqe‘likdir.

"Sodiq, degan paytda, odamning xayoliga na ayol va na-da erkak keladi. Nomzod ham ayol bo‘lishi mumkin va ham erkak. Men bu o‘rinda ularning mamlakatim va millatimga qilgan xizmatiga qarayman. Ya‘ni, sadoqatlimi, bergan va‘dalarining ustidan chiqa oladimi?..Xuddi shuning uchun ham, men uchun nomzodlarning erkak yoki ayolligi muhim emas. Demoqchimanki, xizmati muhim", - deydi u.

Ammo, suhbatdoshimizga ko‘ra, katta siyosat bilan shug‘ullanish istagining yo‘qligi bu – ona Vatani va millatiga xizmat qilish maqsadida emasligini umuman anglatmaydi.

Uning aytishicha, bu ishni otasi yoki ayrim oila a‘zolariga o‘xshab siyosat emas, balki ta‘lim-tarbiya yo‘lidan amalga oshirmoqchi.

"Kelajakdagi rejalarim orasida hokim bo‘lish, parlamentga kirish yoki ayol prezident bo‘lish maqsadim yo‘q. Xuddi shuning barobarida, mening ham o‘z xalqim va millatimga xizmat qilish niyatim, albattaki, bor. Ammo mening Vatanim va millatimga xizmatim ta‘lim-tarbiya tariqidan bo‘ladi. So‘zsiz, men Afg‘onistondagi barcha siyosatchi xotin-qizlarni dastaklayman. Siyosatda juda faol bo‘lgan xonimlarimiz bor. Lekin, shaxsan o‘zimning bunday niyatim yo‘q", - deydi Oyjamol Do‘stum.

O‘z o‘rnida, eslatib o‘tish joiz, Oyjamolning o‘zi ruhshunos va oliy tahsilini Turkiyada olgan.

Image copyright BBC World Service

Ammo shunda ham, bizning "Afg‘oniston prezidenti bo‘lib qolganingizda, eng avvalo qanday ishlarni amalga oshirgan bo‘lardingiz?", - degan savolimizga:

"Bugungi Afg‘oniston bilan kelajakdagi Afg‘oniston bir xil bo‘lmaydi, albatta. Bugungi Afg‘onistonning ko‘plab jiddiy muammolari bor - Tolibon, terrorchilik...Berilgan qurbonlar, to‘kilgan qonlarning hisobi yo‘q. Xotin demaydi, bola demaydi, chaqa demaydi. Qo‘lida quroli bo‘lmagan begunoh insonlarni o‘ldirib ketaveradi. Islom dinidan tortib, biror bir qonun bunga izn bermaydi. Agar, kelajakda men Afg‘oniston prezidenti bo‘lsam va bu muammolar hanuz barham topmagan bo‘lsa, bir davlat uchun tinchlik ko‘p muhim masala. Boshini yostiqqa qo‘ygan farzandlar bo‘lsin, oilalar bo‘lsin, tinch yotmog‘i uchun mamlakat orom bo‘lmog‘i shart. Men xuddi shu yo‘lda qo‘limdan kelgan barcha ishni qilardim. Aks holda, hech bir oldinga siljish bo‘lmaydi. Shifoxonalar, maktablar qad rostlashi, ta‘lim gurkirab rivojlanishi mumkin. Ammo shundoq yonginangizda tolib sizni o‘ldiraman, hukumatga kelaman, deb o‘tirsa, bularning hech bir foydasi yo‘q. Eng avvalo Afg‘onistonda terrorchilik va toliblarning o‘zini yo‘q qilish kerak", - deydi Osiyo Oyjamol Do‘stum.

Suhbatdoshimiz, o‘z o‘rnida, Afg‘onistonda qudratga kelajak yangi prezident ta‘lim olishdan mosuvo qolayotgan, maishiy zo‘ravonliklar iskanjasida bo‘lgan, bola boshidan otasi tenggi erkaklarga majburan uzatilayotgan va jinsiy zo‘rlanib, dashtu sahrolarga tashlab ketilayotgan xotin-qizlarning himoyasiga e‘tibor qaratishi muhimligini ham urg‘ulaydi.

Image copyright Getty Images

"Nima uchun qizlar ko‘proq ta‘lim olishlari kerak, deyman: Chunki erkak kishi o‘zining nonini toshdan ham chiqara oladi. Har qanday sharoitda yo‘lini topib keta oladi, hayotini qura oladi. Ammo, ayol kishi, kichkina bo‘lsa ham, bir maslak sohibi bo‘lishi shart. O‘zini o‘zi boqa olsa, muallimami, hamshirami bo‘lsa...Men ularga shu jihatdan yordam berilishini juda xohlayman", - deydi u.

5 aprel kuniga rejalangan bu galgi prezidentlik saylovlari esa, qo‘shni Afg‘oniston uchun tarixiysi bo‘ladi – agar, muvaffaqiyatli amalga oshsa, mamlakatning bu yaqin tarixida qudrat tinch, demokratik yo‘l bilan almashadi.

Ustiga ustak, saylovlar 13 yillik harbiy hozirliklari ortidan G‘arb boshchiligidagi ittifoq qo‘shinlari Afg‘onistonni tark etajak bir yilda bo‘lib o‘tadi.

Hali-hanuz afg‘on mojarosi yechim topmagan bir vaziyatda Afg‘onistondagi voqealarning qay tariqa rivoj topishi O‘zbekiston doxil biror bir mintaqa davlatini befarq qoldirmagan.

Ammo, suhbatdoshimiz Oyjamol Do‘stumning eng so‘nggida aytishicha, agar, Afg‘onistonning o‘zi birlasha olsa, asosiy dushmani terrorchilik ekanini qabul qilsa, Tolibon muammosiga barham bera oladi va shu bois ham, xorijiy qo‘shinlarning ommaviy safarbarliklari ortidan, qudratga toliblar qaytadi, xotin-qizlar yana to‘rt devor orasiga qamalib qolishadi, deb unchalik ham qo‘rqayotgani yo‘q.