Angliyada havo ifloslanish darajasi o‘ta yuqori bo‘lishi kutilmoqda

Image copyright bruce mackie

Buyuk Britaniya hukumati Angliya bo‘ylab havo ifloslanishidan ogohlantirar ekan, maxsus maslahatlarini chop qilgan.

Havo zaharlanish ko‘rsatkichlarini chamalovchi Defra idorasiga ko‘ra, seshanba kuni Angliyada havo bo‘lg‘anish darajasi yuqori bo‘lgan.

Mahalliy va Ovro‘po sanoatidagi havoga chiqindilar hamda Sahroi Kabirdan kelayotgan chang-to‘zon qorishmasi kelgusi bir necha kun ichida Angliya janubi, sharqi va markaziy viloyatlarini qoplashi kutiladi.

Qariyalar hamda yurak yo o‘pka kasali bilan og‘rigan yashovchilar og‘ir mashq yo ish qilmasliklari maslahat berilgan.

Defra agentligi havo ifloslanishi darajasini 10 ballik tizim bilan o‘lchaydi – 1 havoning o‘ta oz, 10 o‘ta yuqori zaharlanganini bildiradi.

Image copyright Science Photo Library
Image caption Ob-havo ekspertlari havoning ifloslanish darajasi chorshanba oqshomi va payshanbada ko‘tarilishidan ogohlantirishmoqda

Chorshanba kuni Sharqiy Angliya va janubi-sharqda zaharlanish darajasi 6, ya‘ni mo‘‘tadil bo‘lgan. London va mamlakat shimoli-sharqida bu ko‘rsatkich 5 ballni tashkil qilgan.

Eng yuqori ko‘rsatkich, ya‘ni 10 seshanba kuni Norfolk viloyatida qayd etildi.

Biroq, ob-havo ekspertlari havoning ifloslanish darajasi chorshanba oqshomi va payshanbada ko‘tarilishidan ogohlantirishmoqda.

Angliya Jamoat Salomatligi tashkilotidan Doktor Pol Kosford BBCga havoning zaharlanishi "jiddiy muammo" ekanini aytdi.

Biroq, ayni damda, uning aytishicha, uning xavfini bo‘rttirib ko‘rsatish kerak emas. Unga binoan, "aksariyat odamlar" havo bo‘lg‘anishidan hech qanday jabr chekmaydilar.

Janubi-sharqdan esayotgan shamol Ovro‘podan yanada ko‘proq ifloslangan havoni olib kelishi kutiladi.

Meteorologik Idora mutaxassisi Andryu Siblining aytishicha, Sahroi Kabir qumi va changi kuchli shamollar bilan Yer shari bo‘ylab minglab chaqirimga olib borib sochilishi mumkin.