BBC O‘zbek Xizmati web-sahifasiga to‘siqni olib tashlashga chaqirdi

Image copyright none

BBC Jahon Xizmati bosh direktori Piter Horroks(Peter Horrocks) O‘zbekiston hukumatini BBCUzbek.com web-saytiga qo‘yilgan to‘siqni olib tashlashga chaqirdi.

"BBC O‘zbekistondagi tinglovchilarini xolis va betaraf xabarlar bilan ta‘minlash ishiga sodiqdir va O‘zbekiston rasmiylaridan BBC O‘zbek xizmatining web-saytiga to‘siq qo‘yishni zudlik bilan to‘xtatishni so‘raydi", deyiladi korporatsiya bayonotida.

"Oylarki, BBC O‘zbek xizmatining Internet sahifalari mamlakatda imkonsiz bo‘lib qolmoqda va O‘zbekistondagi foydalanuvchilar web-sahifaga nima uchun kirib bo‘lmayotgani xususida bilishni istashadi".

BBC web-sahifaga to‘siq 2013 yil noyabridan boshlangani haqida O‘zbekiston hukumatiga maktub yozgan, biroq na javob va na tushuntirish olgan.

"Vaziyatdan mutlaqo bexabar"

BBC O‘zbek Xizmati O‘zbekiston rasmiylarining munosabatini bilish uchun avvaliga O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi qoshidagi "Jahon" xabar agentligiga bog‘landi.

Ular vazirlikning matbuot xizmatiga murojaat qilishi kerakligini aytishdi.

Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati vakili esa, BBC O‘zbek xizmati web-sahifasi ochilmayotgani bilan bog‘liq "vaziyatdan mutlaqo bexabar" ekani, o‘rganib chiqqanidan so‘nggina javob berishini bildirdi. Biroq, kelishilgan vaqtda qayta-qayta qilingan qo‘ng‘iroqlarimiz javobsiz qoldi.

"Internet dushmani"

O‘zbekistonda to‘siqqa uchragan faqat BBC sayti emas, boshqa o‘nlab g‘arb nashrlariga ham kirish imkonsiz qolmoqda.

"Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti"ning 12 martda chop qilingan hisobotida O‘zbekiston yana "Internet dushmanlari ro‘yxati"ga kiritildi.

Tashkilotning Ovro‘po va Osiyo bo‘limi rahbari Yohan Birga ko‘ra, O‘zbekiston doxil Markaziy Osiyo davlatlarida internetdagi cheklashlar va internet ustidan nazorat yildan-yilga kuchaytirilayotgani haqiqatdir.

"Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti" yillik hisobotiga ko‘ra, O‘zbekistonda Internetda foydalanish va shubhali saytlarni filtrlash uchun maxsus guruh tuzilgan.

"O‘zbekiston raqamli tiraniya bo‘lib qolayapti, u yerda Axborot va Aloqa ekspertlari komissiyasi internetni qattiq nazorat qiladi. Bu idora Vazirlar kengashiga bevosita hisobot beradi va har qanday mustaqil va muxolifat manbalarining ma‘lumoti man qilinishini ta‘minlaydi", - deb aytgandi "Chegara bilmas muxbirlar" tashkilotining Ovro‘po va Osiyo bo‘limi rahbari janob Bir.

BBC o‘quvchilarining yozishlaricha, hozir nafaqat BBC web saytiga kirish ilojsiz, shuningdek Ozodlik, Fergana.ru, kabi saytlarni ham ochib bo‘lmayapti.

Mart oyi boshida O‘zbek hukumati davlat idoralarida xorijiy elektron pochtalar va internet saytlariga kirishni taqiqlagan, buni milliy manfaatlarni ifodalovchi axborotlarning tashqariga sizib chiqishining oldini olish deya izohlagandi.