Chilida o‘ta kuchli zilzila yuz berdi

Image copyright AFP
Image caption Zilzila tufayli ko‘plab odamlar o‘z uylaridan ko‘chirilgan

Chilining ikki shimoliy viloyatini 8,2 ballik zilzila titratar ekan, kamida olti kishi nobud bo‘lgan va minglab odamlar uylaridan ko‘chirilgan.

Zilzila mahalliy vaqt bilan saot 20:46da Ikeke kon hududining shimoli-g‘arbida yuz bergan.

Ba‘zi hududlarga 2,1 metrli to‘lqinlar kelib urilgan, elektr ta‘minoti uzilgan, yong‘inlar kelib chiqqan va yer ko‘chgan.

Hukumat Tarapaka, Arika va Parinakota viloyatlarida halokat holatini e‘lon qila turib, bu "talonchilik va tartibsizlik vaziyatini bartaraf qilish" yo‘lida qilinayotganini aytdi.

Prezident Mishel Bashele mahalliy xalqni osoyishtalikka va hukumat yo‘l-yo‘riqlariga bo‘ysunishga chaqirgan.

Image copyright AP

Qamoqdan qochish

Chili televideniye namoyish etgan suratlarda odamlar xavfsiz hududlarga shoshilishi bilan yo‘llarda kelib chiqqan tiqilinchlar namoyish etilgan.

Rasmiylarning aytishicha, qurbonlar qulayotgan devorlar ostida qolib, yoki yurak hurujidan nobud bo‘lishgan.

Image copyright AP

Ichki ishlar vaziri Chili televideniyesiga Ikekedagi turmadan 300dan oshiq ayol tutqunlar qochishganini bildirdi.

Rasmiylar biroz o‘tmay ulardan 26 nafari qayta qo‘lga olinganini aytishdi.

Ikeke hokimi Gonzalo Priyetoning ma‘lum qilishicha, halok bo‘lganlardan tashqari, ko‘p sonli odamlar og‘ir jarohatlangan.

Image copyright Reuters

Hukumat zilzila yetkazgan shikastning aniq ko‘lamini hozircha bilmaydi, biroq Arikadagi ko‘plab uylar vayron bo‘lgani ishoniladi.

Zilzila Ikekedan 470 chaqirim uzoqlikda joylashgan Boliviya poytaxti La Paz va Perudagi zamonaviy ko‘p qavatli binolarni titratgan.

Chili Ichki ishlar vaziri BBCga Ikekega eltuvchi yo‘llardan biri yer ko‘chishi tufayli yopilib qolganini aytdi.

Image copyright v

Hukumat talonchilikka qarshi bir uchoq to‘la maxsus qo‘shinlarni safarbar qilgani ishoniladi.

Tinch ummonining Tsunamidan ogohlantirish markazi avvaliga Chili, Peru, Ekvador, Kolumbiya va Panamga ogohlantirish yo‘llagan.

Biroq, keyinchalik bu ogohlantirish faqat Chili va Peru uchun saqlanib qoldi.

"Biz qirg‘oqda yashovchi aholidan uylarini tashlab chiqishni so‘radik", - dedi Ichki ishlar vaziri Mahmud Aleu.