Qozog‘iston: Yangi bosh vazir nomzodi taklif etildi

  • 2 Апрел 2014
Image copyright none
Image caption Karim Masimov 2007 va 2012 yillar orasida Qozog‘iston Bosh vaziri lavozimida faoliyat yuritgan

Qozog‘iston Bosh Vaziri Serik Axmetov iste‘foga chiqishi ortidan, Prezident Nursulton Nazarboyev bu lavozimga Karim Masimovning nomzodligini taklif qilgan.

Bu haqida Oq O‘rdaning Twitterdagi sahifasida xabar qilindi.

Karim Masimov 2007 va 2012 yillar orasida Qozog‘iston Bosh vaziri lavozimida faoliyat yuritgan.

Seshanba kuni Bosh Vazir Serik Axmetov hukumat majlisida o‘z iste‘fosini e‘lon qildi.

"Bugun davlat rahbari mening iste‘foimni qabul qildi", - deb aytgan u.

Qozoq qonunlariga binoan, Vazirlar Mahkamasi rahbarining iste‘foga chiqishi butun hukumatning iste‘fosini anglatadi.

Vazirlar o‘rinlariga boshqa mulozim saylanguncha o‘z vazifalarini bajarishda davom etadilar.

Janob Axmetov ko‘p vazirlar o‘z lavozimida qolishiga umid qilishini aytdi.

U Qozog‘iston Bosh vaziri lavozimini 2012 yildan beri egallab kelayotgandi.

CA-NEWS xabar agentligiga gapirgan qozog‘istonlik siyosiy tahlilchi Sergey Rasovning aytishicha, hukumatning iste‘fosi avvaldan kutilgandi.

"Bu kutilgandi, chunki Serik Axmetov o‘z vazifalarini bajara olmayotgandi. Undan tashqari, ba‘zi xabarlarga ko‘ra, u va Qozog‘iston Prezidentining devoni rahbari Karim Masimov bilan aloqalari yaxshi emas edi", - dedi tahlilchi.

Uning aytishicha, hukumatning iste‘fosi haqida yarim yildirki gapirilib kelinayotgandi.