NATO Rossiya bilan hamkorliklarini to‘xtatayapti

Image copyright AP

NATO tashqi ishlar vazirlari Rossiya bilan barcha harbiy va harbiy bo‘lmagan hamkorliklarini to‘xtatishga kelishganlar.

NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussenga ko‘ra, Ukrainaning Qrim mintaqasi Rossiya tarafidan qo‘shib olinishi Ovro‘po xavfsizligi uchun uzoq muddatli tahdiddir.

Uning qo‘shimcha qilishicha, endi "odatdagidek biznes" bo‘lmaydi.

Oldinroq, Rasmussen janoblari Rossiya o‘z qo‘shinlarini Ukraina bilan chegarasidan uzoqqa olib ketayotgani borasidagi xabarlarni qat‘iyan rad etgandi.

Ishonilishicha, Moskva yaqin bir necha kun ichida Ukraina sharqiy chegarasiga o‘n minglab harbiy kuchlarini joylashtirayotgan. Bu esa, Kiyev va G‘arbda xavotir uyg‘otgan.

NATOning 28 a‘zo davlatlari tashqi ishlar vazirlari Byusselda Qrim Rossiya tomonidan anneksiya qilinganidan beri ilk bor uchrashishmoqda. Ular Rossiyaning bu ishi "noqonuniy" deya qoralangan bayonot chiqarishgan.

Ular qator sohalarda Rossiya bilan hamkorlikni to‘xtatish, biroq NATO-Rossiya Kengashi o‘rtasidagi muloqotni zarurat yuzasidan davom ettirishga kelishishgan.

Aytilishicha, "eng avvalo ushbu inqiroz yuzasidan fikrlar almashish" imkonini beradigan ushbu muloqotlar elchiliklar darajasida bo‘ladi.

"Biz NATOning Rossiya bilan munosabatlarini iyun oyida kechadigan kelgusi yig‘inimizda qayta ko‘rib chiqamiz", deydi NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen.

Shu bilan birga, NATO Sharqiy Ovro‘podagi a‘zolarini tinchlantirish uchun Boltiqbo‘yi davlatlarida doimiy harbiy bazalar joylashtirish doxil boshqa tanlovlarni ham ko‘rib chiqishmoqda. Rossiyaning Ukrainadagi harakatlari Sovuq Urush davrida Sovet Ittifoqi tarkibida bo‘lgan Estoniya, Latviya va Litvada xavotir uyg‘otgan.

NATO qiruvchi uchoqlari mintaqada havo hududini qo‘riqlash mashqlarida ishtirok etadi. Qator NATO davlatlari, jumladan, Buyuk Britaniya, Qo‘shma Shtatlar va Frantsiya qo‘shimcha harbiy uchoqlar taklif qilishgan.

AQShda esa, Vakillar palatasi Ukrainaga yordamlar va Rossiyaga qarshi muayyan jazo choralarini qo‘llab ovoz bergan. Endi qonun loyihasi imzolanish uchun Prezident Barak Obamaga jo‘natiladi.

"Tajovuz"

Rossiya bilan aloqalar rasman to‘xtatilishi haqida e‘lon qilarkan, janob Rasmussen NATOning aytmoqchi bo‘lgani aniq ekanini aytgan. Ya‘ni, harbiy blok har qanday sharoitda o‘z ittifoqchilari, Ukraina va yaqin o‘n yilliklar davomida taraqqiy topgan xalqaro qonun-qoidalar yonida turib beradi. Rasmussen janoblari Rossiyani "xalqaro qonun va Ukraina chegaralarini" hurmat qilishga undagan.

Shu bilan birga u NATO Ukrainaga ittifoq harbiy mashqlarida ishtirok etishi uchun ko‘proq imkoniyat berishi va harbiyligini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashi mumkinligini aytgan.

NATO rasmiylaridan biri BBCga tasdiqlashicha, Afg‘onistonda giyohvand moddalarga qarshi kurash bo‘yicha Rossiya bilan hamkorlik hozirgi yig‘indan keyin qayta yo‘lga qo‘yilmaydi.

Uning aytishicha, NATOda Rossiya masalasi ochiq qoladi, lekin Ukraina muammosi har qanday muzokaralar bosh mavzusi bo‘ladi.

Bryusseldagi yig‘inda Ukraina vazirlari ham ishtirok etishgan. Ikki tomon uchrashuvidan so‘ng, qo‘shma bayonot e‘lon qilingan. Unda Ukraina bilan hamkorlikni kuchaytirish, tayyorlov mashg‘ulotlari va boshqa dasturlar orqali mudofaa tizimida islohotlarga yordam berilishi aytiladi.

Avvalroq, janob Rasmussen Ukraina hukumati va harbiyligi tomonidan "namunali ravishda bosiqlik" ko‘rsatilganini olqishlagan.

Moskvada esa, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Kiyevni NATOga qo‘shilishga oid har qanday urinishga qarshi ogohlantirgan. Vazirlikka ko‘ra, o‘tmishda bu kabi hatti-harakatlar "Rossiya-Ukraina siyosiy aloqalari falajlanishi"ga, NATO-Rossiya munosabatlarida "boshog‘riq" hamda... Ukraina jamiyatidagi bo‘linishlar chuqurlashishiga yetaklagan.

Dushanba kuni Rossiya Prezidenti Olmoniya kantsleri Angela Merkelga Ukraina bilan sharqiy chegarasidan qo‘shinlarni qisman olib chiqishga buyruq bergani haqida aytgan.

Biroq, janob Rasmussen muxbirlarga: "Afsuski, men Rossiya o‘z qo‘shinlarini olib chiqayotganini tasdiqlay olmayman. Biz biz guvoh bo‘layotgan holat emas", deb aytgan.