AQSh harbiy bazasida uch askar otib o‘ldirilgan

  • 3 Aprel 2014
Image copyright Reuters

AQShning Texas shtatidagi Fort Hud harbiy bazasida askar o‘zini o‘ldirishdan avval uch hamkasbini otib o‘ldirgan va 16 nafarini jarohatlagan.

AQSh matbuoti gumondorni 34 yoshli Ayvan Lopez deb atadi, biroq uning shaxsi hozircha rasman tasdiqlanmadi.

Rasmiylarga ko‘ra, hujumchi Iroqda xizmat qilgan va ruhiy xastalikdan og‘rigan.

Prezident Barak Obama hujum haqida eshitib o‘ta qayg‘uga botganini aytdi. Ayni bazada 2009 yilda yuz bergan qurolli hujum 13 askarni nobud qilib, 32 nafarini yaralagandi.

Image copyright Reuters

Mayor Nidal Hasan bu hujum uchun o‘lim jazosiga mahkum etilgandi.

"Qurbon"

AQSh armiyasi voizi General-Leytenant Mark Milli chorshanba kuni yuz bergan otishma terrorchilikka bog‘liq ekaniga hozircha hech qanday ishora yo‘qligini aytdi.

Unga ko‘ra, gumondor 2001 yilda harbiy xizmatda bo‘lgan vaqtida jarohat olmagan, biroq post-travmatik stress kasalligi bor yo yo‘qligi borasida tekshirilayotgan bo‘lgan.

General Milliy askar Lopez depressiyaga qarshi tibbiy muolaja olayotgan bo‘lganini aytdi.

General mazkur hujum avvaldan tayyorlangan bo‘lgani, hamda halok bo‘lganlar armiya a‘zolari bo‘lgani borasida hozircha ma‘lumot yo‘qligini bildirdi.

Image copyright AP

Askar bazadagi ikkita binoga mashina haydab borgan va harbiy politsiya to‘xtatishidan avval o‘t ochgan. Hujum 15-20 daqiqa davom etgan.

U so‘ngra 45 kalibrli yarim avtomatik to‘pponcha bilan o‘zini otib o‘ldirgan.

Rasmiylarga ko‘ra, qurol mahalliy do‘kondan sotib olingan bo‘lgan.

Odatda AQSh harbiy bazalarida qurol ko‘tarib yurishga faqat harbiy politsiya va sanoqli askarlarga izn beriladi.