Pokiston: Parvez Musharrafga suiqasd qilindi

  • 3 Апрел 2014
Image copyright AFP

Pokiston politsiyasi xabar berishicha, Pokiston sobiq prezidenti Parvez Musharraf Ravalpindi harbiy kasalxonasidan Islomobodga uyiga qaytgunicha kortej yo‘lida bomba portlagan.

Portlash natijasida hech kim jarohatlanmagan.

Politsiya vakili bomba ko‘prik ostidagi quvurga qo‘yilganini, biroq portlash Parvez Musharraf korteji o‘tib ketgach yuz berganini aytadi.

Bu sobiq prezidentga nisbatan birinchi suiqasd emas. Oxirgi marta Parvez Musharraf hayotiga xavf tufayli dekabr oyidagi mahkamada qatnashmagan edi.

Parvez Musharrafga 31 martda davlatga xiyonat qilish bo‘yicha rasman ayblov e‘lon qilindi.

General Musharraf 2007 yil Pokiston konstitutsiyasini to‘xtatgan va mamlakatda favqulodda holat e‘lon qilgan edi. Mahkama Musharrafni aybdor deb topsa, uni o‘lim hukmi yoki umrbod qamoq jazosi kutadi.

Parvesh Musharraf o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad qilib keladi va ularni siyosiy ekanligini aytadi.

Parvez Musharraf o‘zining vakolatlarini kengaytirish uchun Pokistonda favqulodda holat qilganlikda ayblanadi.

Musharrafga besh band bo‘yicha ayblov e‘lon qilingan va sobiq prezident o‘zining aybdor emasligini aytib, ularning barchasini rad etgan.

Uning himoyachilariga ko‘ra, mahkama Musharrafning xavfsizligini yetarli ta‘minlaganiga ishonch yo‘q.

Parvez Musharraf 1999 yilda qonsiz yo‘llar bilan Navoz Sharifni hokimiyatdan ag‘darib, mamlakat rahbariga aylangandi.

U hokimiyatda to‘qqiz yil qoldi, biroq 2008 yilgi demokratik saylovlarda mag‘lub bo‘lib, Pokistonni ixtiyoriy tark etdi, va o‘tgan yil boshiga qadar asosan Dubay va Londonda yashadi.

Sobiq harbiy rahbar o‘sha paytdagi hukumat uning hibsga olinmasligiga kafolat berganidan keyin saylovlarda o‘z partiyasiga rahbarlik qilish maqsadida vataniga qaytdi, biroq saylovlardan chetlatildi va ko‘p o‘tmay o‘zi qudratda bo‘lgan paytida bir qancha jinoyatlar sodir etishda ayblanib, uy qamog‘iga olindi.

Musharraf davlatga xiyonatda ayblanib mahkamaga yuz tutayotgan birinchi sobiq harbiy rahbar bo‘lyapti.