"O‘shdan Suriyaga jihodga ketayotganlar soni ortmoqda"

Image copyright none
Image caption Qozog‘istondan ham Suriyaga jihodga ketganlar aniqlangan

O‘sh viloyati Ichki Ishlar Boshqarmasiga ko‘ra, so‘nggi paytda O‘sh va Botken viloyatlaridan Suriyaga 54 kishi jihodga ketganligi aniqlangan.

Suriyaga ketganlarning orasida turli yoshdagi erkak va ayollar bor. Kuch tuzilmalari jihodga jalb etayotganlarning tobora ko‘payib borayotganini aytmoqdalar. Bundan tashqari, oxirgi kezlarda tibbiyot o‘quv yurtlarida bilim olgan qizlarni ham Suriyaga olib ketish urinishlari bo‘layotgani haqida ma‘lumotlar bor. Bu kabi harakatlarni oldini olishda militsiya diniy ulamolardan yordam so‘radi.

Ma‘lum bo‘lishicha, bir qancha kishilar Suriyaga qalbaki hujjatlar bilan, ism–shariflarini o‘zgartirib chiqqanlar. O‘sh shahar va viloyat militsiyasining bo‘lib o‘tgan maxsus yig‘inida ularning soni o‘sish ehtimoli borligi ma‘lum qilindi.

O‘sh viloyati Ichki Ishlar Boshqarmasining 10-bo‘lim rahbari Jaqipbek Zulpuyev yig‘inda quyidagilarga to‘xtaldi.

-Bizga Suriyaga ketgani aytilgan 54 odamning ro‘yxati berildi. O‘sha 54 odamning 32 nafari aniqlandi, qolgan 22 tasi o‘rganilmoqda. Sababi, berilgan familiyadagi odamlarni izlab ko‘rsak, unday odamlar yo‘q bo‘lib chiqayapti. Bu odamlar boshqa bir o‘ylanib topilgan ismlar bilan qalbaki pasport olib ketishgan. Biroq, hozirgi kunda ham ularni surishtiruv ishlari davom etmoqda. 32 odamning 5 nafari O‘sh shahridan, 17 tasi Botken viloyati va 10 nafari O‘sh viloyati fuqarolari.

Jaqipbek Zulpuyevga ko‘ra, ismi – sharifi ma‘lum odamlarning orasida erkaklar bilan birga ayollar, hattoki er-xotinlar ham bor. Ularning ko‘pchiligi xorijga ishlagani ketdi deyilmoqda.

-Har bir qishloqdan Rossiyaga, Qozog‘istonga va boshqa davlatlarga ishlagani ketgani aytilayotgan insonlarni, o‘sha yerdagi ishlash joyidan ma‘lumot olgandan keyin aniq bo‘ladi. Ular telefon orqali yaqinlari bilan bog‘lanishib, qayerda yurganini aytishmasa, Suriyada yoki boshqa bir terrorchi guruhlarning lagerida yurganligiga hech kim kafl bo‘la olmaydi. Shu sababdan, har bir qishloqda mahalliy militsiya bo‘lim xodimlari, qishloq rahbarlari, imomlar, masjidda namoz o‘qigan odamlar bor. O‘shalarning barchasidan iltimos qilar edim, bu yo‘nalishda hamkorlikda ish olib borishni. Aks holda ijobiy natijaga erisha olmaymiz – deydi Jaqipbek Zulpuyev.

"Student qizlar ham olib ketilmoqda"

Suriyaga ketayotganlarning soni ko‘pligi, shuningdek hamshira qizlarni ham jang maydoniga jalb etish harakatlari qayd etilganini aytadi O‘sh viloyat Ichki Ishlar boshqarmasining rahbari Suyun Omurzaqov.

-Agar hududda yashagan gumondor bolalar, yoki kelib - ketgan bir odamlar to‘g‘risida ma‘lumotlar bo‘lsa, militsiya bo‘limlariga xabar bersangizlar. Biz tezkor choralarni ko‘ramiz. Sababi, Suriyaga bir odam ketib, orqasidan ikkinchi odamni ergashtiryapti. Bizdagi ma‘lumotlarga qaraganda, hozir O‘shda, Jalolobod va Botkenda o‘qigan hamshira qizlarni Suriyaga olib ketgani tayyorlashmoqda ekan. Qizlarimiz u yerda ko‘p maosh to‘lar ekan deb, aldanib qolishmoqda. Bu yerdan Turkiyaga uchoq bilan borib, so‘ngra Suriyagacha mashina bilan olib ketishayapti. Keyin, u yerdan qizlarni Qirg‘izistonga majburlab qo‘ng‘iroq qildirib: "Bu yerda yaxshi maosh to‘lar ekan", deb do‘stlarini ham chaqirtirishar ekan. Bu ma‘lumotlar ochiqlanmasligi kerak edi, lekin biz bu ma‘lumotlarni zarur bo‘lganligidan aytmoqdamiz. Ota – onalar qizlar, bolalarga yaxshi qaranglar" – deydi Suyun Omurzaqov.

Bugungi kunda dolzarb muammoga aylangan masala yuzasidan, huquq tartibot idoralari O‘sh shahar hamda viloyat imomlarini yig‘ib, ekstremistik va radikal guruhlarni aniqlashda ko‘maklashishlarini so‘ramoqda. Viloyat qozisi Niyazali hoji Oripov bu kabi illatlarga qarshi birgalikda kurashish kerakligini aytadi.

-Birinchidan, qonunni buzganlar albatta javob berishlari kerak. Ikkinchidan, shariatni buzganlar Olloh Taoloning oldida javob beradilar. Biz radikalizm islomda yo‘q ekanligini, islom ekstremistik din emasligini saboqlar orqali tushuntirish ishlarini olib borishimiz kerak. Bunga faqat diniy ulamolar emas, jamiyatdagi barcha insonlar birgalikda harakat qilsa, natija bo‘ladi deb o‘ylayman. Biz mahalliy masjiddagi imomlar orqali xalqqa tushintirish ishlarini olib bormoqdamiz" – dedi Niyazali hoji Oripov.

Mart oyining boshida O‘sh shahrida Qirg‘iziston bosh muftiysi ishtirokida o‘tkazilgan yig‘inda ham shahardagi diniy ahvol murakkab ekanligi qayd etilgan edi.

Fevral oyida Qirg‘iziston havfsizlik xizmati Qorasuv tumanidan Suriyaga otlanayotgan 7 insonni qo‘lga olgan. Qo‘lga olinganlarning orasida, mahalliy masjid imomining muovini ham bor ekanligi aytiladi.