Afg‘oniston saylovlari qay yo‘llar bilan soxtalashtirilishi mumkin?

  • 4 Апрел 2014
Image copyright AFP

Afg‘oniston saylovlarida firibgarliklar yuz berishi ehtimoli eng yirik xavotirlardan biridir.

Keng ko‘lamli soxtagarchiliklarga qo‘l urilgani 2009 yilgi prezidentlik saylovlariga dog‘ tushirgandi.

Xo‘sh, bundan qanday saboq chiqarildi?

"2009 yil bizda u qadar tajriba yo‘q edi", - deydi Afg‘oniston Mustaqil Saylov Komissiyasi voizi Nur Muhammad Nur.

"Ammo, bu gal xodimlarimiz ko‘proq tayyorlovdan o‘tkazildi va anchayin yaxshi hozirlanganmiz", deya qo‘shimcha qiladi u.

Afg‘oniston Mustaqil Saylov Komissiyasi saylovni nazorat qilishga mas‘ul va 260, 000ga yaqin targ‘ibotchilar, jurnalistlar va kuzatuvchilarni akkreditatsiyadan o‘tkazgan.

Ulardan 10, 000 nafari Afg‘oniston Erkin va Adolatli Saylov Jamg‘armasi deb nomlangan nohukumat tashkilotidan.

Kuzatuvchilar ovoz berish jarayoniga 5 xil yo‘l bilan salbiy ta‘sir o‘tkazilishi mumkinligidan xavotir bildirishadi.

Tahdidlar va qo‘rqitishlar

Tolibon saylov jarayonlariga xalaqit berish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishi bilan ogohlantirdi.

O‘tgan saylovlarda xavfsizlik yaxshi ta‘minlanmagani bois ovoz berish shahobchalarini yopib qo‘yish hollari kuzatilgandi. Ba‘zi saylov markazlari esa, muayyan nomzodlarning kuchli tarafdorlari tarafidan ishg‘ol bo‘lgandi.

Afg‘oniston Erkin va Adolatli Saylov Jamg‘armasi boshqaruvchi direktori Jondod Spin G‘ar bu safar mamlakat bo‘ylab 10 foiz ovoz berish markazlari ochilmaydi.

Abdulloh Salomiy Mustaqil Saylov Komissiyasining Kobuldagi maslahat markazida faoliyat olib boradi.

"Bizga qurollilar mahalliy odamlarga muayyan nomzodga ovoz berishni aytishayotgani xususida xabarlar olyapmiz".

"Bu ko‘proq nimalar yuz berayotganini aniqlash imkonsiz chekka hududlarda kuzatiladi", deydi Abdulloh Salomiy.

Qanday choralar ko‘rilishi kerak?

"Biz ovoz berish shahobchalarini faqat xavfsizlik kafolatlangan joylarda ochishga harakat qildik", deydi Mustaqil Saylov Komissiyasidan Nur Muhammad Nur.

"Ammo, xodimlarimizga tahdid qilinsa, bu qonunning buzilishlariga yetaklashi mumkin, chunki ular oddiy odamlar va o‘zlarini himoya qila olmaydilar".

Ko‘p marta ovoz berish

Ovoz berish uchun haqli 12 million odamga 20 millionga yaqin saylov byulleteni tarqatilgan. Bu esa, byulletenlar sotilishi va yo bir kishi bir necha bor ovoz berishiga imkon berishi yuzasidan xavotirlarni uyg‘otgan.

Afg‘oniston Erkin va Adolatli Saylov Jamg‘armasi boshqaruvchi direktori Jondod Spin G‘orga ko‘ra, ovoz varaqalarining ehtiyojdan ko‘proq tarqatilishiga bir necha sabablar bor: "Ayrim katta ta‘sirga ega qo‘mondonlar o‘z tarafdorlariga bir emas, bir necha byulleten so‘rab murojaat qilishni aytishgan".

Janob Spin G‘orga ko‘ra, kompyuterlashtirilgan rekordlar imkonsiz bo‘lgani uchun odamlarga yetarlicha ovoz varaqalari berildimi yo‘qligini tekshirish qiyin.

Mustaqil Saylov Komissiyasidan Abdulloh Salomiyning bildirishicha, maslahat markazi ko‘plab shikoyatlar olmoqda.

"Daykondi viloyatidagi (Afg‘oniston markazi) qishloqlardan birida 400 kishi ovoz berishga haqli, ammo 1700ta saylov byulleteni tarqatilgan".

"O‘zim kimlarda uchtadan ovoz varaqasi borligini bilaman", deydi Abdulloh Salomiy

Bu hollarga qarshi qanday chora ko‘rilishi mumkin?

Qayta ovoz bera olmasliklari uchun har bir saylovchining barmoqlari rangga botiriladi. 2009 yil rangni yuvib tashlash mumkin bo‘lgani haqida shikoyat qilingandi. Bu gal rasmiylar tizimni yaxshilashga urinishgan.

"Hozir jihozlarimiz sifati ancha yaxshi", deydi Nur Muhammad Nur. "Bizda ko‘zga ko‘rinadigan va ko‘rinmaydigan ranglar bor".

"Biz maxsus uskuna orqali aniqlash mumkin bo‘lgan ko‘rinmas rangdan foydalanamiz", deydi Abdulloh Salomiy.

Ammo, kuzatuvchilar chekka hududlarda zaruriy jihozlarni yetkazish va to‘g‘ri foydalanishini ta‘minlash anchayin mushkul bo‘lishini tan olishadi.

Saylov byulletenlarini noto‘g‘ri ishlatish

Erkaklar ayol qarindoshlari o‘rnidan ovoz berishlari mumkinligidan xavotirlar bor. Shunday ekan, saylov yoshimga yetmaganlar ham ishtirok etishlari mumkinligi aytiladi.

"Ko‘plab ayollar xavfsizlik xavotirlari bois ovoz berish markazlariga kela olmaydilar", deydi Faryobdagi kuzatuvchi Zakiya Ma‘sumiy.

"Xullas, erkaklar o‘z ayollarining ovoz varaqalarini olib kelishadi va ular uchun ovoz berishadi".

"Kimlikni tasdiqlovchi hujjatda ayollar suratlarini qo‘yishlari talab qilinmaydi va bu boshqalar ham undan foydalanishlari imkonini beradi", Abdulloh Salomiy.

Shuningdek, u 18 yoshga to‘lmaganlarga saylov byulleteni berilgani borasidagi shikoyatlar duch kelganini aytadi. Unga ko‘ra, bunday hollar qudratli shaxslar o‘z ovozlarini ko‘tarishga uringan paytlarida ham kuzatiladi.

Qanday chora ko‘rilishi kerak?

Har bir saylov markazida ayollar va erkaklar uchun alohida shahobchalar mavjud.

Saylov qonunlariga ko‘ra, "har bir saylovchi bir shaxs uchun ovoz beradi. Boshqa kishi uchun ovoz berish taqiqlanadi".

Kobulda ayollar saylovda bexavotir ishtirok etishlarini ta‘minlash uchun mingdan ortiq qo‘shimcha ayol politsiya xodimlari tayyorlovdan o‘tkazilgan.

Korruptsiya

2009 yildagi prezidentlik saylovlarida mahalliy rasmiylardan ko‘p sonli xabarlar tushdi, hatto saylov markazi xodimlari moddiy manfaat yoki siyosiy qarashlari tufayli ovoz berishga ta‘sir qilishga urinishgan.

Hatto ovoz berish qog‘ozlari sotilganligi hodisalari uchragan.

Afg‘onistonda Erkin va Adolatli Saylov Jamg‘armasi matbuot voizi Faxim Naximiyning aytishicha, mahalliy amaldorlarning qaysi nomzodga ovoz berish to‘g‘risida o‘z xodimlariga bosim o‘tkazishlari haqida jiddiy xavotirlar bor.

Shuningdek, saylov komissiyalarining betarafligi to‘g‘risida ham shubhalar mavjud.

"Mahalliy saylov komissiyasi vakili ovoz berishni kuzatishi mumkin", deydi janob Naimiy."Ular jarayonni pastda kuzatishadi va xohlagan narsalarini qilishlari mumkin".

Nima qilish kerak?

Markaziy Saylov Komissiyasi vakili Nur Muhammad Nurga ko‘ra, bu safargi saylovlarda misli ko‘rilmagan nazorat o‘rnatiladi.

"Biz 260 ming kishiga akkreditatsiya berdik, jumladan kuzatuvchilar, jurnalistlar va vakillar", deydi u.

"U yerda o‘nlab xalqaro va mahalliy ommaviy axborot vositalari bo‘lishadi. Va eng muhimi, ijtimoiy media 2009 yilga solishtirganda ancha rivojlangan va ular juda yaqindan, sinchiklab kuzatadi.

Saylov qutilarini nomunosib qo‘llash

2009 yilgi saylovlarda saylov qog‘ozlari tashlab yuborilgan va bir milliondan ortiq ovoz sanalmay qolib ketgan.

BBCga gapirgan tinglovchi bunga misol keltiradi.

"Bizning Tahor mintaqamizda mahalliy amaldorlar tomonidan ko‘zbo‘yamachiliklar sodir etilgan", deydi Omonulla Aziziy. "Bizning ovozlarimiz bo‘lgan qog‘ozlar daryoga oqizilganini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rganmiz. Boshqa qutilar esa to‘ldirildi", deydi u.

Afg‘onistonda Erkin va Adolatli Saylov Jamg‘armasidan Jondod Spin Garga ko‘ra, bu holat uzoq tumanlarda hali ham katta muammo bo‘lib qolmoqda.

"Saylovchilar kam bo‘lgan va ko‘p kuzatuvchilar qatnashmagan bo‘limlarda Markaziy saylov komissiyasi vakili u yoki bu nomzod foydasiga qutilarni to‘ldirib qo‘yishi muammo emas", deydi u.

Nima qilish kerak?

Jarayonlar murakkablashtirildi. Saylov komissiyasi web-saytida bildirilishicha, ovozlarni sanash saylov bo‘limlarining o‘zida amalga oshiriladi.

Ovoz berish natijalari saylov maskanlari tashqarisiga osib qo‘yiladi va uning nusxalari kuzatuvchilar va nomzodlar agentlariga beriladi.

So‘ngra natijalar so‘rg‘ichlangan qoplarga solinib, Kobulga olib ketiladi.