Iordaniyadagi Suriya qochqinlari jamlog‘ida to‘qnashuv

Image copyright n

Iordaniyadagi Suriya qochqinlari yashaydigan Zaatariy jamlog‘ida xavfsizlik kuchlari bilan to‘qnashuv oqibatida o‘nlab kishilar yaralangan.

Kamida bir suriyalik qochqin halok bo‘lgani xabar qilinmoqda.

"Frans Press" axborot agentligiga guvohlardan birining aytishicha, bir ayol halok bo‘lgan.

Zo‘ravonliklar boshlanib ketishiga Iordaniya rasmiylari boshqa, Zaatariy jamlog‘ida yashaydigan suriyalik qochqinlar boshqa sababni ko‘rsatishgan.

Jamloq ma‘muriyatiga ko‘ra, uchta suriyalik qochqin jamloqdan noqonuniy chiqib ketishga harakat qilgan paytlarida hibsga olinganlar.

Bundan norozi bo‘lgan qochqinlar xavfsizlik kuchlariga hujum qilganlar, toshlar irg‘itganlar, bir necha chodir, rasmiy idora va avtomobillarga o‘t qo‘yganlar.

Iordaniya rasmiylariga ko‘ra, kamida 22 politsiyachi jarohatlangan.

Qochqinlarning aytishlaricha, norozilikka to‘rt yashar suriyalik bolani Iordaniya xavfsizlik kuchlari avtomobili bosib ketgani sabab bo‘lgan.

Suriyaliklar o‘zlariga nisbatan jamloqda Iordan rasmiylari ko‘rsatayotgan yomon munosabatdan norozi bo‘lib keladilar, bu galgi norozilik xavfsizlik kuchlari bilan to‘qnashuvlarga aylanib ketgan.

Qochqinlar to‘qnashuv oqibatida jarohatlangan suriyaliklar soni ko‘p ekanini aytadilar.

Jamloq yashovchilariga qarshi ko‘zdan yosh sizdiradigan gaz qo‘llashga to‘g‘ri kelgan.

Zaatariy jamlog‘i bugungi kunda jahondagi eng yirik qochqinlar jamlog‘i hisoblanadi.

Ko‘p inson to‘plangani bo‘yicha birinchi o‘rinda Keniyadagi Dadaab jamlog‘i turadi.

Suriya chegarasidan 12 kilometr Iordaniya ichkarisida, sahro o‘rtasida Zaatariy jamlog‘i 2012 yil yozida tashkil qilingan.

Hozirgi paytda u yerda 106 ming suriyalik qochqin to‘plangani xabar qilingan.

Zaatariy Iordaniyaning eng aholisi ko‘p to‘rtinchi maskaniga aylangan.

Iordaniya rasmiylariga ko‘ra, bu jamloqni ta‘minlab turish uchun har kuni yarim million dollar mablag‘ sarflashga to‘g‘ri kelmoqda.

Har kuni Zaatariy jamlog‘iga yarim million dona non va 4 million 200 ming litr suv tashib keltirilishi aytiladi.

BMTga ko‘ra, hozirga kelib Suriyaning 10 foizdan ortiq aholisi vatanini tark etgan, rasman 2,5 million qochqin qayd qilingan.

Iordaniyadan tashqari Turkiya va Livandan suriyalik qochqinlar panoh topganlar.