Jamshid Muxtorov AQSh josuslik dasturini savol ostiga oldi

Image copyright registan.net
Image caption Jamshid Muxtorovni Federal Qidiruv Byurosi 2012 yil Chikago aeroportida Turkiyaga uchib ketishga hozirlangan payti qo‘lga olgan

Los Anjelos Tayms gazetasida bosilgan maqolada terrorchilikda ayblanayotgan Jamshid Muxtorov AQSh josuslik kuzatuv dasturini savol ostiga olgani xususida so‘z boradi.

"2012 yil federal prokurorlar Koloradoda yashovchi Jamshid Muxtorovni o‘zining asl vatani O‘zbekistondagi terrorchi tashkilotga ko‘mak berishda ayblarkan, mahkama hujjatlari Federal Qidiruv Byurosi maxfiy ravishda uning telefonlarini eshitgani va elektron maktublarini o‘qiganiga ishora qildi", deydi maqola muallifi Ken Dilanian.

Shuningdek, maqolada faqat Federal Qidiruv Byurosi emas, balki oktyabr oyi Adliya mahkamasi Milliy Xavfsizlik Xizmati ham Muxtorovga qarshi dalillar to‘plaganini e‘tirof etgani tilga olingan.

Aytilishicha, mazkur ish 2008 yilgi sud tomonidan ruxsat olmay turib, xorijiy josuslik kuzatuvlariga izn beruvchi qonun asosida olib borilgan. Muxtorovning himoyachilariga esa, maxfiy dalillar bilan tanishish imkoni berilmagan.

"Yanvar oyi Muxtorov Milliy Xavfsizlik Xizmatiga telefon va elektron pochtalarga daxl qilish imkonini beruvchi qonunning konstitutsiyaga qanchalar muvofiqligini savol ostiga olgan ilk ayblanuvchi bo‘ldi", deydi muallif.

Fuqaroviy erkinliklarni muhofaza qilish faollari mazkur ishda va Illinoys, Oregon va Nyu York shtatidagi boshqa mahkama jarayonlarida hukumat huquqiy jihatdan xorijiy josuslik tadqiqotlari xulosalaridan mamlakat ichkarisidagi jinoiy ishlarda foydalanishi mumkinmi degan masalaga diqqat qaratilishiga umid qilishadi.

Mazkur masala Milliy Xavfsizlik Agentligi sobiq xodimi Edvard Snouden o‘tgan yoz maxfiy dasturlar tafsilotlarini oshkor qila boshlashi bilan paydo bo‘lgan va shaxsiy daxlsizlikning milliy xavfsizlik bilan to‘qnashuviga oid bahsu munozaralarni uyg‘otgandi.

Edvard Snouden Amerikadagi Prism dasturi haqida Britaniyada chop etiladigan Guardian va AQShdagi Washington Post gayeztalariga ma‘lum qilgan hamda Facebook, Google, Yahoo, Apple va Microsoft shirkatlarini Amerika maxsus xizmatlari bilan hamkorlik qilayotganlikda ayblagandi.

"Faollar Oq Uyni AQSh fuqarolari va mamlakatda qonuniy yashovchi shaxslar haqidagi ma‘lumotlarni nazorat qilishiga oid yangi cheklovlar joriy etishga chaqirishadi", deydi maqola muallifi.

AQSh rasmiylari esa, amerikaliklarning muloqotlar tasodif bilan qo‘lga tushgani, bu ish atayin amalga oshirilmaganini ta‘kidlaydilar. Chunki, ularga ko‘ra, Yahoo va yo Gmaildagi manzillar AQSh fuqarosiga yoki xorijlikka tegishlimi ekanini aytish ko‘pda mushkul bo‘ladi.

Ayni paytda Milliy Xavfsizlik Agentligida AQSh fuqarolariga tegishli qancha ma‘lumot borligi va yo ulardan qanday foydalanishlari qorong‘u qolmoqda, deyiladi Los Anjelos Taymsda e‘lon qilingan maqolada.

Shaxsiy daxlsizlik bo‘yicha huquqshunos Peter Suvayr (Peter Swire)ga ko‘ra, "tekshiruvlarga aloqasi bo‘lmagan Amerika fuqarolari haqidagi ma‘lumotlar saqlanmasligi kerak". Huquqshunosga ko‘ra, bu ayni qonunning noqis nuqtasidir.

Amerika Fuqaroviy Erkinlik Uyushmasi huquqshunosi va Muxtorovning kuzatuv dasturlarini savol ostiga olish bo‘yicha ishida himoyachisi Jamil Jaffar esa, Milliy Xavfsizlik Agentligi xorijliklarni kuzatishga izn beruvchi vakolatidan amerikaliklarni nazorat qilishda foydalanilayotganini aytadi.

Prezident maslahat guruhi Barak Obama uchun hozirlagan hisobotida amerikaliklar yoki mamlakatdagi qonuniy yashovchilar haqidagi har qanday josuslik uchun qimmatga ega bo‘lmagan va yo aniq tahdid tug‘dirmagan ma‘lumotni yo‘q qilinishi tavsiya qilingan.

Shuningdek, Qo‘shma Shtatlar fuqarolari ismlarini qo‘llamaslik, ularning elektron pochtalari yo-da, shaxslariga taalluqli boshqa ehtimoliy ma‘lumotlardan foydalanmaslik maslahat berilgan. Ayni paytda jinoiy mahkamalarda ruxsatsiz tinglangan telefon so‘zlashuvlari transkriptsiyasi ishlatilishini ham taqiqlash so‘ralgan.

Maqola muallifining urg‘ulashicha, hozirga qadar Obama ma‘muriyati bu o‘zgarishlarning birontasiga ham qo‘l urmagan.

Maqolada Milliy Razvedka agentligi direktori Jeyms Klapperning Vakillar palatasi oldida qilgan chiqishi va Milliy Xavfsizlik Agentligi tahlillarida ba‘zan AQSh fuqarosi yo-da, qonuniy yashovchisining ismlari, elektron pochta manzillari va yo telefon raqamlari Prism dasturi doirasida ishlatilganini tan olgani eslatiladi.

"Federal Qidiruv Byurosi Milliy Xavfsizlik Agentligi ma‘lumotlariga yangi cheklovlar kiritilishiga qarshi", deydi muallif.

Ularga ko‘ra, bu josuslik va huquq-tartibot organlarini o‘zaro o‘ta muhim ma‘lumotlarni bo‘lishish imkoniyatidan mahrum qiladi.

"Ularning aytishlaricha, Muxtorovning ishi ham ma‘lumotlar bo‘lishish qanchalar ahamiyatli ekanini isbotlaydi".

"Nima uchun biz foydali va qonuniy to‘plangan ma‘lumotdan o‘zimizni mahrum qilishimiz kerak", deydi Qo‘shma Shtatlar josuslik xizmati yuqori martabali rasmiylaridan biri.

Muxtorovning tarafdorlariga ko‘ra esa, uning ishi hukumat josuslik dasturida haddan oshayotganini ko‘rsatadi.

Shuningdek, maqolada aytilishicha, Milliy Xavfsizlik Xizmati huquq-tartibot organlariga terrorga aloqasi bo‘lmagan jinoiy ishlarga oid ma‘lumotlarni qanchalar tez-tez berib turishi aniq emas. Ammo, faoliyatdagi va sobiq josuslarning aytishlaricha, bu ish juda kamdan-kam amalga oshiriladi, chunki Milliy Xavfsizlik Xizmati mahkamalarda ko‘rinish berishni istamaydi.

Hozir 38 yoshda bo‘lgan Jamshid Muxtorov qochqinlik maqomini olgach, xotini va ikki bolasi bilan 2007 yil Kolorado shtatiga kelib joylashgan. U O‘zbekistonni siyosiy ta‘qiblar tufayli tark etgani aytiladi.

Federal Qidiruv Byurosi uni 2012 yil Chikago aeroportida Turkiyaga uchib ketishga hozirlangan payti qo‘lga olgan.

Prokurorlar u O‘zbekistondagi Al-Qoidaga aloqador Islomiy Jihod Ittifoqiga qo‘shilishni rejalaganini aytadi.

Ayblov xulosasida qayd etilishicha, elektron yozishmalarida Muxtorov o‘zining "har qanday vazifaga, hatto o‘limga ham tayyor"ligini aytgan. Ammo, AQSh rasmiylari u Amerika yoki G‘arb manfaatlariga qarshi hujumni rejalaganiga ishora beruvchi dalillar taqdim etishmaydi.

Ayblov xulosasida Milliy Xavfsizlik Agentligini tilga olmaydi, ammo hukumat Muxtorovni chetdagi terrorchi guruhning xorijiy a‘zosi bilan muloqotda bo‘lganini aniqlagani aytiladi. Aftidan, Milliy Josuslik Xizmati ayni shaxs va yo guruhni kuzatayotgan bo‘lgan. Josuslik ma‘lumotlari asosida Federal Qidiruv Byurosi rasmiylari Muxtorovni kuzata boshlaydilar.

"Adliya Departamenti voizi izoh berishdan bosh tortdi. Muxtorovga tayinlangan himoyachi ham bu haqda gapirmadi", deydi maqaola muallifi.