Toshkent: "Paynetlarda to‘lov naqd pul bilan amalga oshadi"

Xabarlarga ko‘ra, UZPAYNET shirkatining Paynet tizimi mijozlardan faqat naqd pul bilan to‘lov o‘tkazish mumkinligini aytgan.

Oylik maoshlar asosan plastik kartochkalarga tushirilib, naqd pul ko‘pincha muammo bo‘lgan joylarda bu narsa muammo tug‘dirayotgani bildiriladi.

Toshkentlik talaba Sardorning aytishicha, u foydalanadigan Paynetlar har doim naqd pulga ishlagan.

Shahar markazidagi aksariyat Paynet xizmatlari ham plastik kartochka orqali to‘lov qilinishini rad qilmoqda.

"Hozir qancha pul tashlasangiz, shuncha tushadi telefoningizga. Avval 1000 so‘mga 40-60 so‘m olib qolardi. Shuning uchun yo‘limdagi bir qancha Paynetlar kommission xizmat puli olib tashlangach, yopilgan" deydi u.

Bugun Yunusoboddagi paynetga kirib so‘rasam, kartochkaga ishlamas ekan, deydi boshqa toshkentlik.

Ba‘zi o‘quvchilarimizning aytishicha, faqat Toshkentda emas, viloyatlarda ham bu muammo yuzaga kelgan. Paynetchilar ularga naqd pul bilan muomala qilinishini aytganlar.

Ayni paytda UzPaynetning Toshkentdagi offisi vakili faqat naqd pul orqali to‘lov qabul qilish haqida ko‘rsatma berilmaganini, agar joylardagi agentlar shunday talab qo‘yayotgan bo‘lsa, bu mijozlarni aldash va chalg‘itish ekanini bildiradi Fergana.ru agentligiga.

Shuningdek, u ko‘p Paynet tizimlarida to‘lovlarni qay tarzda o‘tkazish agentning o‘zining xohishi ekanini ham qayd etgan. Mijozlarning qaysi to‘lov turiga ko‘proq talabi bo‘lsa, shunga qarab terminallar o‘rnatilishi mumkin, deydi UzPaynet rasmiysi.

UzPaynet shirkati 2005 yildan buyon O‘zbekistonda faoliyat yuritadi. Mamlakat bo‘ylab 25 mingdan ortiq to‘lov bo‘limlari bo‘lib, ikki milliondan ortiq foydalanuvchi uning xizmatidan foydalanib kelgan.

O‘tgan oyda UZPAYNET shirkati faoliyati tekshirila boshlagani, shirkat Gulnora Karimovaga yaqin Gayane Avakyan nazoratida bo‘lib kelgani aytilgandi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Avakyan hamda o‘nga yaqin shaxsga nisbatan soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash ayblovlari bo‘yicha jinoyat ishi ochilganini ma‘lum qilgan.

Ba‘zi kuzatuvchilarga ko‘ra, Paynetlarga tegishli yangi muammolar Gulnora Karimova va uning yaqin hamkorlariga aloqador tekshiruvlar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, mart oyida UCell va Beeline telefon operatorlari o‘z xizmat haqlarini oshirishga qaror qilgan.

Bunga ham Paynetlarga to‘lanadigan komission haq xizmat ko‘rsatuvchi shirkatlar zimmasiga yuklangani sabab bo‘lgani aytiladi.