Ukraina inqirozi: Favqulodda xavfsizlik yig‘ini chaqirildi

Image copyright BBC World Service

Ukraina favqulodda xavfsizlik majlisida rossiyaparastlarning ishg‘olari muhokama qilinadi.

Ukrainaning sharqiy viloyatlarida boshlangan tartibsizliklar orqasida Ukrainaning muvaqqat prezidenti Oleksandr Turchinov Litvaga safarini bekor qilib favqulodda xavfsizlik yig‘ilishiga chaqirgan.

Bunga 6 aprel, yakshanba kuni rossiyaparast namoyishchilarning Ukraina sharqidagi Donetsk, Lugansk va Xarkov shaharlarida ma‘muriy binolarni bosib olib, binolar ustiga Rossiya bayroqlarini ko‘targanlari, bu hududlarni mustaqil deb e‘lon qilish talablari sabab bo‘lgan.

Yakshanba kuni norozilik namoyishi tashkillashtirgan rossiyaparastlar Xarkov viloyati ma‘muriyati binosiga bostirib kirganlar.

Militsiya kuchlarining chekinishiga to‘g‘ri kelgan.

Luganskda namoyishchilarga qarshi ko‘zdan yosh sizdiradigan gaz qo‘llashga to‘g‘ri kelgan.

Donetsk viloyati ma‘muriyati oldida 2000 tacha rossiyaparast yig‘ilgan.

Yuzlarini niqob bilan to‘sib olgan tajovuzkor yoshlar olomoni binoni qo‘riqlayotgan militsiya maxsus kuchlari xodimlariga hujum qilganlar, ularning qalqonlarini tortib olganlar.

To‘siqlarni buzib yopib qo‘yilgan bino eshigini buzib ichkariga kirganlar.

maska kiygan odamlar Binoning tepasiga Rossiya bayroqlarini hilpiratganlar, "Donetsk Respublikasi" degan shiorni osganlar.

Shuningdek dushanba kuni Donetsk viloyati "shahar va jamoat tashkilotlari vakillari" yig‘ilishida "Donetsk xalq respublikasi mustaqilligi" e‘lon qilingan. "Bu bizning oxirgi jangimiz. Oxirigacha turamiz va 9 mayda g‘alabamizni bayram qilamiz", deb aytgan yoshlar. Ular referendum kunini belgilashni talab qilganlar.

7 aprel kuni Ukraina Ichki ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Arsen Avakov aytishicha, Xarkov viloyati hokimligi binosi rossiyaparast faaollardan tozalangan.

Biroq BBC muxbiriga ko‘ra, bino hali ham rossiyaparast faollar bilan o‘rab olingan, ularning bir qanchasini ichkarida ko‘rish mumkin.

Ukraina muvaqqat vaziri tartibsizliklarda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va mamlakatning quvg‘indagi sobiq prezidenti Viktor Yanukovichni ayblagan.

Ukraina rasmiylariga ko‘ra, Ukrainaning sharqiy qismlarini mustaqil deb e‘lon qilish bo‘yicha referendum o‘tkazish talablarini ilgari surayotgan bo‘lginchilarni Rossiya tarafi va sobiq prezident Viktor Yanukovich moliyaviy dastaklamoqda.

"Kam sonli odamlarni to‘play olishdi, lekin agressiyachi kuchaytirmoqchilar. Bo‘lginchilar va qizigan kallalarga aytmoqchimanki, vaziyat qon to‘kmasdan nazorat ostiga qaytadi", deb yozadi muvaqqat ichki ishlar vaziri Arsen Avakov Facebookdagi sahifasida.

6 aprel kuni bo‘lginchilik ayblovlari bo‘yicha qo‘zg‘atilgan 75 ta jinoyat ishi doirasida 15 kishi hibsga olingan.

Namoyishchilar hibsga olinganlarni talab qilib, bino ichkarisiga bostirib kirishga uringanlar.

Donetskda, Luganskda g‘azabnok yoshlar derazalarga, politsiyaga qarata tosh, tuxum, yo‘lak parchalarini otishgan.

Muvaqqat bosh vazir Arseniy Yatsenyuk Moskva Ukraina davlatini yakson qilmoqchi, degan.

Unga ko‘ra, Ukrainaning sharqiy viloyatlariga Rossiya kuchlari kirishi rejasi ishlab chiqilmoqda.

"Men avvalo Ukrainaning sharqiy viloyat aholisiga murojaat qilmoqchiman. Hammaga yaqqol ravshanki, aksilukrain, aksildonetsk, lugansk va xarkov rejasini amalga oshirish ishlari ketmoqda. Vaziyatni beqarorlashtirish va chegaradan o‘tish ko‘zlanmoqda. Lekin biz bunga yo‘l qo‘ymaymiz", deydi Yatsenyuk.

Ukraina hukumati Rossiya qo‘shinlari chegarada ko‘payayotganidan xavotirlanmoqda.