"Gaz haqini oshirish Ukrainaga qarshi yana bir bosqin"

Image copyright AFP

Ukrainaning muvaqqat bosh vaziri Arseniy Yatsenyuk Rossiyaning Ukraina uchun belgilagan gaz haqini tanqid qilgan.

Uning aytishicha, bu Ovro‘podagi eng baland narx va shu yo‘l bilan Rossiya Ukrainaning yangi hokimiyatini jazolamoqchi.

Tabiiy gaz uchun narxni 80 foiz oshirish "Ukrainaga qarshi agressiya", deb aytgan Arseniy Yatsenyuk.

"Rossiya armiyasi va qurol-yarog‘idan tashqari ular o‘zlarining siyosiy va iqtisodiy bosimining eng samarali usulidan foydalanishga qaror qilganlar", deb aytgan Ukraina bosh vaziri vazifasini bajaruvchi.

1 apreldan boshlab Rossiya Ukraina uchun har 1000 kubometr gaz narxini 485 AQSh dollari qilib belgilashi haqida e‘lon qilgan.

Shu kuni Rossiya o‘tgan yili dekabrida Viktor Yanukovich bilan muzokaralarda Ukraina uchun joriy etgan imtiyozli gazdan qarzdorlik miqdori 1 milliard 700 million dollarni tashkil etgani xabar qilingan.

Image copyright AFP

Oradan bir necha kun o‘tib esa Rossiya Ukrainaning gaz uchun qarzdorligi 2 milliard 200 million dollarga yetganini aytmoqda, agar bu qarzni uzmasa, Ukrainaga gaz ta‘minotini to‘xtatib qo‘yishi haqida e‘lon qilgan.

Aprelgacha 1000 kubometr gaz uchun Ukrainaga 268,50 dollarlik narx belgilangan.

5 aprel kuni Ukraina Energetika vaziri Yuriy Prodin gaz haqi yuzasidan Rossiya ustidan Stokholm Arbitraj mahkamasiga murojaat etmoqchi ekani haqida ma‘lum qilgan.

Ukraina o‘ziga zarur gazning yarmini Rossiyadan oladi.

Shuningdek, Ovro‘poni gaz bilan ta‘minlaydigan Rossiya magistral quvurlarining 15 foizi Ukraina hududidan o‘tadi.

2009 yilda Rossiya bilan Ukraina o‘rtasidagi gaz "janjali" Ovro‘po gaz ta‘minotiga ham ta‘sir ko‘rsatgan, Rossiya gaziga qaram qator mamlakatlarda gaz bosimi pasayib ketgan edi.