Xorij fuqarolariga O‘zbekiston vizasini olish nima uchun mushkul?

O‘zbekiston davlat televideniyesi xorijliklarga o‘zbek vizasini rasmiylashtirishda ko‘mak bergan mahalliy shirkat egalarini, ta‘biri joiz, "fosh etuvchi" ko‘rsatuv namoyish etgan.

3-chi aprel kuni O‘zbekistonning birinchi telekanali orqali ko‘rsatilgan dastur "Xatar bilan o‘ynashish" deb nomlanadi.

Unda ayrim "soxta shirkatlar" chet el fuqarolariga O‘zbekistonga safar qilish uchun "noqonuniy ko‘mak ko‘rsatgani" aytilgan.

Iddao qilinishicha, ko‘rsatuvda nomi tilga olingan tadbirkorlardan biri shirkat nizomida ko‘rsatilgan faoliyat turi o‘rniga "muntazam ravishda xorijliklarni O‘zbekistonga taklif qilish" bilan shug‘ullanib kelgan.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, O‘zbekiston xorijiy fuqarolar uchun viza olish nihoyatda qiyin bo‘lgan mamlakatlardan hisoblanadi. Nima uchun? Suhbatdoshimiz Londonda ingliz tilida nashr etiluvchi Ochiq Markaziy Osiyo jurnali muharriri Marat Ahmedjanov.

Marat Ahmedjanov: Xorijliklarga O‘zbekiston vizasini olish doimo murakkab bo‘lgan. Bir muddat viza olish osonroq bo‘lgan davr ham bo‘ldi albatta. O‘shanda O‘zbekiston elchixonalari viza berish vakolatiga ega edilar. Endi esa o‘zbek tomonidan taklifnoma bo‘lishi shart. Bunga ilova Tashqi ishlar vazirligining ruxsati berilgan taqdirdagina chet el fuqarosi O‘zbekiston vizasini olishi mumkin. Faqat Tashqi ishlar vazirligigina ruxsatnoma berish vakolatiga ega. Joylardagi O‘zbekiston elchixonalari esa qandaydir qaror olish huquqiga amalda ega emaslar.

BBC: Bu holatni nima bilan izohlash mumkin?

Marat Ahmedjanov: Bu bir tomondan konsul xizmatlari xodimlariga ishonchsizlik va ikkinchi yondan O‘zbekistonga kelib ketayotganlarni nazorat qilish bilan izohlash mumkin. O‘zbekistonga kelishi istalmagan xorijliklar ro‘yxati bor. Bu ro‘yxat xavfsizlik xizmatlarida saqlanadi. Ayni ro‘yxatga kiritilgan shaxslar O‘zbekistonga kirish imkoniga emaslar. Boshqa yondan viza olish tartibini murakkablashtirish harakatlarini O‘zbekistonda xavfsizlikni kuchaytirish istagi bilan ham izohlash mumkin.

BBC: Turizm sohasiga e‘tibor qaratilsa, O‘zbekiston bu sohadan ulkan daromadlar olish imkoniga ega mamlakatlar sirasiga kiradi. Lekin, nima uchun rasmiy Toshkent bunday imkoniyatdan foydalanmaydi?

Marat Ahmedjanov: Yuqorida aytganimday, bu xavfsizlik muammolari va ekstremist unsurlarning O‘zbekistonga kirib kelishi, istalmagan axborotning tarqalishidan qo‘rquvga hamda chetdan keluvchi har qanday narsani nazorat qilishni kuchaytirishga bog‘liq.

BBC: Lekin bugun globallashuv davrida yashayapmiz. Barcha eshiklarni yopib olgan holda rivojlanish imkonsiz. Bunday holatda nima qilish kerak? Muammoga qanday qilib yechim topish mumkin?

Marat Ahmedjanov: Globallashuv dunyoning aksar davlatlarida borayotgan bo‘lishi mumkin, lekin Markaziy Osiyodagi ba‘zi mamlakatlar aksincha, berkilib olishayapti va o‘zlarini ayniqsa turizm sohasidan chetda tutishga harakat qilishmoqda. Bu Arab davlatlarida va MDH davlatlarida yuz berayotgan so‘nggi hodisalarga bog‘liq. Chetdan kirayotgan unsurlar mavjud rejimlarni izdan chiqarib yuborishi mumkin, degan qo‘rquv bor. Viza olish tartibini nafaqat O‘zbekiston, balki Qozog‘iston ham qiyinlashtirgan. Turkmaniston butunlay berk mamlakat desak bo‘ladi. Mintaqada faqat Qirg‘iziston va Tojikiston ochiqroq davlatlar hisoblanishadi. Qirg‘iziston dunyoning 28 mamlakati fuqarolariga viza tartibini bekor qilgan. Boshqa mamlakatlar fuqarolariga ham viza olish tartiblari soddalashtirilgan. Bu Qirg‘izistonga keluvchi sayyohlarning ortishiga yo‘l ochdi. Lekin mamlakat tinchligiga xavf paydo bo‘lgani yo‘q. Bu holat chet el fuqarolaridan qo‘rqish amalda asossiz va bema‘ni ekanini ko‘rsatadi.

BBC: O‘zbekiston hukumatining bu qo‘rquvi sizningcha yana qancha davom etishi mumkin?

Marat Ahmedjanov: Bu hozirgi hokimiyat qancha tursa, shuncha davom etishi mumkin, deb o‘ylayman.