Qozoq ziyolilari hukumatni Rossiya bilan ittifoqqa kirmaslikka chaqirishdi

Image copyright AP
Image caption Qozoq ziyolilari fikrida, Qozog‘iston ittifoqqa qo‘shilsa, foydadan ko‘ra ko‘proq zarar ko‘radi

Qozog‘istonlik ziyolilar hukumatni Rossiya boshchiligidagi Ovrosiyo ittifoqiga doir hujjatlarni imzolamay turishga chaqirgan. Ostonada yig‘ilgan ziyolilar Ukrainadagi so‘nggi hodisalar Qozog‘istonni bu kabi ittifoqlarga qo‘shilmay turish kerakligidan ogohlantirganini ta‘kidlashmoqda.

Davlat byudjetidan maosh olib ishlovchi qatlamning Ovrosiyo ittifoqiga qo‘shilmay turish chaqirig‘i ilk marotaba yangramoqda.

Ushbu anjuman tashkilotchisi Ovrosiyo Universiteti ilmiy markazi direktori Ziyabek Kobuldinovning BBCga aytishicha, Ostonadagi anjumanda ishtirok etgan olimlar Rossiya bilan integratsiya va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari Qozog‘iston uchun muhim ekanligini ta‘kidlashgan.

Biroq, ular fikrida, Ukraina va Qrimdagi so‘nggi hodisalar Rossiya boshchiligidagi Ovrosiyo Ittifoqiga qo‘shilishni ortga surishni taqozo etadi.

"Ukraina va Qrim hodisalari sabab xalqaro holat yomonlashgan vaqtda Rossiya bilan Bojxona ittifoqi borasida tuzilgan iqtisodiy hamkorlik darajasi yetarli. Ittifoqlashish borasida bundan u yog‘iga ketib bo‘lmaydi va mumkin emas", - deydi Ziyabek Kobuldinov.

Kobuldinov janoblariga ko‘ra, Qozog‘iston Bojxona ittifoqiga kirganidan so‘ng ekspertlarning hisob-kitoblariga ko‘ra qishloq xo‘jaligi va sharob yetishtirish sanoati ojizlasha boshlagan.

Qozog‘istonliklarni bu borada kuchli bo‘lgan Belarus va Rossiya ishlab chiqaruvchilari siqib chiqara boshlagan.

"Bu narsa Moskvadagi muhokamalarda taxminan 84 foiz mutaxassislar yaxshi tayyorlangan rossiyaliklar ekanligi bilan izohlanadi. Ular savdoda Rossiyaga foydali bo‘lgan shartlarni ilgari surishadi", - deydi janob Kobuldinov.

U Rossiya bilan ittifoqqa qo‘shilmaslikning ikkinchi sababi qilib qo‘shni davlatda millatchi shovinistlarning bemalol faoliyat yuritayotgani va bu yuz tuzilishi osiyoliklarga o‘xshovchi qozoqlarga tahdid bo‘lishi mumkinligini keltiradi.

Uchinchi sabab esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri Ukrainadagi hodisalarga borib taqaladi. Qozog‘istonlik ziyolilarga ko‘ra, Rossiya dini va kelib chiqishi bir bo‘lgan ukrain qardoshlariga xalqaro me‘yorlarga zid munosabat bildirayotgan bo‘lsa, boshqa xalqlarni ham shunday qismat kutib turgan bo‘lishi mumkin.

"Bundan tashqari, AQSh, Ovro‘po Ittifoqi va jahon hamjamiyati tomonidan Qrimni annektsiya qilib olgan Rossiyaga nisbatan ko‘rilayotgan jazo sanktsiyalari Qozog‘istonga ham zarba berishi mumkin. Birinchi navbatda neft narxlari keskin tushib ketishi mumkin. Bizda esa byudjet jahondagi neft narxidan kelib chiqib shakllanadi", - deydi janob Kobuldinov.

Qozoq ziyolilari Qozog‘iston jahonda o‘zi uchun ustivor qilib olgan ko‘p tomonlama munosabatlarga sodiq qolishi kerakligini ta‘kidlashmoqda.

Anjuman ishtirokchilari hukumat tomonidan may oyida imzolanishi kerak bo‘lgan Ovrosiyo ittifoqi hujjatlariga qo‘l qo‘ymay turishlikka chaqirgan. Bu kabi masalalar, ularning fikrida xalqning muhokamasiga qo‘yilib referendum orqali hal etilishi kerak.

"Qozog‘iston fuqarolari, hattoki biz ekspertlar ushbu shartnomaning loyihasi va uning ichida nimalar yozilganini bilmaymiz. Shuning uchun o‘z prezidentimizga qanday holatda nima qilish kerakligini ayta olmaymiz ham. Shartnoma rasmiy matbuotda chop qilinishi kerak. Keyin uni muhokama qilib, ijobiy va salbiy tomonlari olib chiqilishi lozim. Ana shundan keyin qaror berish mumkin", - deydi Professor Kobuldinov.

Qozog‘iston tadbirkorlari milliy palatasi raisi maslahatchisi Timur Nazxanov ziyolilar talabi ancha kechikkanini va hujjatlarni imzolashni ortga surib bo‘lmasligini aytadi.

"To‘g‘risini aytsak, imzo qo‘yish masalasi hal qilib bo‘lingan. Shuning uchun bu borada biror narsani o‘zgartirishga ko‘zim yetmaydi. Biroq keyingi muhokamalarda manfaatlarni himoya qilish uchun tomonlarga ko‘proq imkoniyat berishni so‘rasa bo‘ladi", - deydi janob Nazxanov.

Mutaxassisga ko‘ra, Bojxona ittifoqidan qozog‘istonlik tadbirkorlar va Qozog‘iston iqtisodi foydadan ko‘ra zarar ko‘rdi. Biroq, Nazxanov janoblari integratsiya davr talabi ekani va ushbu jarayonda milliy manfaatlarni ko‘proq himoya qilgan holda muhokamalarga kirishish lozimligini urg‘ulaydi.

12 aprel kuni Olma-ota shahrida muxolifat vakillari aksil-Ovrosiyo forumi o‘tkazishni rejalagan. Muxolifat vakillari hukumatdan ushbu ittifoqqa kirmaslikni talab qilmoqchi.