Rossiyada bolasini sotib, uyiga qaytmoqchi bo‘lgan o‘zbeklar ushlangan

Image copyright BBC World Service

Rossiya politsiyasiga ko‘ra, Podmoskoveda yangi tug‘ilgan va bir yarim yoshli bolani sotishga uringan ikki o‘zbek qo‘lga olingan.

Ma‘lum bo‘lishicha, ular bolalarining puli evaziga O‘zbekistonga qaytishni rejalaganlar. Er-xotinning so‘zlariga qaraganda, yurtlarida yana uch bolalari qolgan.

Bundan oldin Lenin tumanida bolasini sotish haqidagi e‘lon mahalliy televideniye xodimlarining e‘tiborini tortgan va ular zudlikda politsiyaga xabar qilishgan.

Tumanning Asherino qishlog‘ida bola sotuvchilari politsiya tomonidan oldindan tayyorlangan "xaridorlar" - televideniye xodimlaridan bir million rubl olayotganda ushlangan.

Farzandsiz ota-ona rolini o‘ynagan jurnalistlar oldiga 35-40 yoshlardagi er-xotinlar kelishgan.

Keyinchalik so‘roq qilinganda ular duch kelgan ishni qilib yurishgani, pullari yo‘qligi uchun bolalarini sotishga majbur bo‘lganlarini aytganlar.

Ayni paytda bolalar tuman kasalxonasida. Shifokorlarga ko‘ra, bolalar ko‘pincha och qolgani sababli, tibbiy muolajaga muhtoj.

Hodisa yuzasidan jinoiy ish ochilgan.

Avval ham Rossiyaga ishlashga borgan mehnat muhojirlari orasida bolasini tashlab ketish holatlari sodir bo‘lgan.

Moskvada mehnat muhojirlariga huquqiy yordam markazining rahbari Yulduz Otaniyozova Markaziy Osiyodan, jumladan O‘zbekistondan ish izlab Rossiyaga kelgan qiz-juvonlar orasida nikohsiz bola tug‘ib, keyin undan qutulmoqchi bo‘lganlar uchrab turishini aytadi.

O‘tgan yili o‘zbekistonlik 24 yoshli ayol 3 kunlik chaqalog‘ini Zelinograd tumani Kumaryovo posyolkasida bir uyum muzdek qum ustiga tashlab ketgani, politsiya uni qo‘lga olgani xabar qilingandi.

Politsiya bilan suhbatda bolasidan voz kechmoqchi bo‘lganlar pulga zor bo‘lib shunday jinoyatga qo‘l urganlarini aytishgan.