Urganchlik muallim: "O‘qituvchilar shahar farroshlariga aylantirildi"

Image caption Urganchda yirik qurilish va obodonchilik ishlari amalga oshirilmoqda

Xorazmlik o‘qituvchining BBCga bildirishicha, sakkiz oydan beri maktab o‘qituvchilari Urganch shahrini obodonlashtirish ishlariga majburan jalb qilinib kelinmoqdalar.

Hokimiyat sa‘y harakatlari bilan Urganch shahri markazi, hamda Shovot kanali qirg‘oqlari qayta rejalashtirilib, yirik qurilish ishlari boshlangan.

Ismi oshkor etilishini istamagan muallimning BBCga aytishicha, bu qurilish va shaharni tozalash ishlariga byudjet tashkilotlaridan faqat maktablar jalb qilingan va o‘qituvchilar farroshlikka safarbar qilingan.

"O‘tgan yili prezident Urganch shahrini obodonlashtirish uchun juda katta pul ajratdi, 1 milliard so‘m atrofida. Juda ko‘p qurilishlar boshlanib ketdi bizning shaharda. Qurilish bo‘lsa yaxshi, lekin nima uchun biz o‘qituvchi bo‘la turib har kuni farroshlik qilishimiz kerak, shunga tushunmayman", - deydi muallim.

Uning aytishicha, avvalo "subbotnik" deya taqdim qilingan bu ishlar endi kundalik ravishda o‘tkazilmoqda.

"Mana bir necha oydirki, biz har kuni, qaytaraman, Xudoning bergan kunida subbotnikka chiqayapmiz. Bolalarni soat 1:00da uylariga qo‘yvorishimiz kerak, keyin maktabga o‘zimiz bilan olib kelgan eski-tuski kiyimlarimizni kiyib, biz uchun belgilangan qurilishlar atrofiga borib ko‘cha supurishimiz kerak", - deydi suhbatdosh.

Uning aytishicha, keng ko‘lamli qurilish ishlari tufayli Urganchda chang-to‘zon ko‘paygan va buni tozalash o‘qituvchilar zimmasida.

"Biz faqat ko‘chalarnimas, xatto shu qurilishga yaqin bo‘lgan joylardagi ko‘p qavatli turar joylarning pod‘ezdlarini ham tozalayapmiz, ishonasizmi? Yuvib chiqamiz birovlarning pod‘ezdlarini. Men o‘zim ham markazga yaqin domda turaman, ba‘zi paytda uydan chiqib ketayotganimda, mening pod‘ezdimni boshqa maktablarning o‘qituvchilari tozalayotgan bo‘ladi. Men ularga, xavotir olmanglar, menam sizlarning pod‘ezdni tozalashga ketayapman, deb hazillashaman", - deydi muallim.

Uning aytishicha, Urganch shahrining 16ta maktabi shaharni tozalash ishlariga jalb qilingan. Hech bir o‘qituvchi, hatto tibbiy spravka bilan ham tozalashdan istisno qilinmayapti.

"Faqat bitta erkak o‘qituvchimizga "Chiqma, maktabda o‘tiraver" deb qo‘yishdi. Chunki u norozilik bildirib, janjal qilgan. O‘tgan oy Toshkentda komissiya kelgandi qurilish ishlarini tekshirishga. Shu komissiya tarkibida bo‘lgan bir yoshroq yigit bizning bir keksa o‘qituvchimizga sansirab "O‘v, mana bu yoq qolib ketibdi, yaxshiroq supur" deb hurmatsizlik qilganida, bizning erkak hamkasbimiz tutoqib ketdi va o‘sha komissiya a‘zosini so‘kib berdi. Ertasiga uni direktor oldiga chaqirib "San chiqma, tinchgina o‘tir" dedi", - deydi suhbatdosh BBCga.

O‘qituvchining bildirishicha, o‘qituvchilar haftaning yetti kuni farroshlik bilan shug‘ullanayotganlariga qaramay, hech kim norozilik bildirishga botina olmayapti.

"Ishdan quvadi, qanaqa norozilik? Hamma qo‘rqadi, direktorlar qo‘rqitib qo‘ygan. Qishda qattiq sovuq bo‘lganda, yo yomg‘ir yoqqanda o‘sha chang loyga aylanib botqoq bo‘lib qolganda chiqarishmaydi, boshqa paytda hammamiz chiqayapmiz, na iloj... Ta‘lim umuman nol darajaga tushib ketgan. Yetti yoshli o‘g‘lim rus maktabga boradi, kecha bir narsani aytib berdi, hatto o‘ris sinfdoshlari ham o‘rischa gaplasha olishmaydi ekan, chunki ta‘lim deyarli yo‘q", - deydi u.

BBCga mazkur hikoya haqqoniyligini boshqa o‘qituvchi ham tasdiqladi. BBC bu da‘volarga rasmiy munosabatni bilish uchun Xorazm viloyat hokimiyatiga bog‘langanida, savolni eshitgan hokimiyat xodimi mavzuni muhokama qilishdan bosh tortdi va trubkani qo‘yib qo‘ydi. BBC ayni raqamga yana bog‘langanida, go‘shakni ko‘targan xodim "Bu hokimiyat emas", deya javob berdi.

Siz O‘zbekistondamisiz? Siz yashayotgan hududda byudjet tashkiloti xodimlari obodonchilik ishlariga jalb qilinmoqdami?

Your contact details
Disclaimer