Ukraina inqirozi: Rossiya sharqiy Ukrainaga kirishga tayyormi?

Image copyright Reuters
Image caption G‘arblik tahlilchilarga ko‘ra, Rossiya Ukraina uchun uzoq muddat harbiy tahdid bo‘lib qolishi mumkin

NATO hisob-kitoblariga ko‘ra, Ukraina chegarasiga, agar buyruq berilsa, bir necha soat ichida harakat qilishga tayyor bo‘lgan 40,000 atrofida rus qo‘shinlari joylashtirilgan.

Bu holat Moskva va Kiyev o‘rtasida tobora keskinlashib borayotgan dahanaki jangning haqiqiy mojaroga aylanib ketishi ehtimollarini kuchaytiradi.

Agar Rossiya sharqiy Ukrainaga bostirib kirish uchun bahona izlayotgan bo‘lsa, bunday sharoit allaqachon ko‘zga tashlana boshlagan.

Ammo Rossiyaning harbiy salohiyati qanday? Hozirda Rossiyaning Qrimda o‘tkazgan amaliyotlaridan qanday xulosa chiqarish mumkin?

Islohot natija bermadimi?

Rossiya harbiy sohasini ixtisoslashgan guruh - Mojarolarni O‘rganish Tadqiqot Markazining direktori Keyr Jaylsning ta‘kidlashicha, "bugungi Rossiya armiyasi 2008 yili Gurjiston urushi paytida ko‘rganimiz armiyadan juda farq qiladi".

O‘shanda, Rossiya Gurjistonda oson g‘alabaga erishgan esa-da, rus armiyasining jangovar salohiyatidagi jiddiy kamchiliklar ko‘zga tashlanib qolgandi.

"Mazkur armiya 1980 yillardan buyon unchalik o‘zgarmagan va boshqa turdagi janglarga moslashgan pos-Sovet armiyasi edi", - deydi Keyr Jayls. - "Qo‘shinni tashkillashtirish, jihozlash, boshqarish, nazorat etish va ayniqsa turli bo‘linmalar o‘rtasidagi hamkorlik kabi masalalarda jiddiy saboqlar olindi".

"Er va havo bo‘linmalari o‘rtasidagi aloqani tashkillashtirish asosiy muammo edi. Quruqlikdagi bo‘linmalar havo kuchlarini to‘g‘ri yo‘naltira olmasdi. Natijada, Rossiya bir necha uchog‘ini yo‘qotdi. Aftidan Rossiya armiyasining o‘zi ularni urib tushirgandi", - deya ilova qiladi u.

Rus armiyasini zamonaviylashtirish rejasi 2008 yildan oldin mavjud edi. Biroq Gurjiston mojarosi ushbu muammo qanchalar dolzarb ekanini yaqqol ko‘rsatib qo‘ydi. Mazkur urush harbiy sohada tub islohot o‘tkazishga siyosiy turtki berdi.

Ammo Vashingtondagi Jeymstun Vaqfi Ovrosiyo harbiy dasturining katta tadqiqotchisi Rojer Makdermott Rossiya armiyasidagi islohotda ma‘lum cheklovlar borligiga ishora qiladi.

"Gurji kampaniyasida kamchiliklardan harbiy kuchlarni isloh qilish bo‘yicha oldindan rejalangan islohotni boshlashda turtki sifatida foydalanildi. Biroq bu islohot yomon reja va idoriy fasod tufayli ko‘plab sohalarda kutilgan natijani bermadi", - deydi Rojer Makdermott.

Ammo u Rossiyada "qurolli kuchlar tizimini o‘zgartirish va harbiy texnikani zamonaviylashtirish harakatlari davom" etayotganini ta‘kidlaydi.

Biroq Rossiya quruqlik qo‘shinlari "deyarli isloh qilinmagan", - deb hisoblaydi Makdermott. - "Aslida, barcha rejalar harbiy xizmatga chaqiriluvchilar sonining nihoyatda ko‘pligi va bitim asosida harbiy xizmatda bo‘lganlar sonining ozligi tufayli barbod bo‘ldi. Ular shuningdek yaxshi tayyorgarlikka ega va ta‘lim olgan serjantlarni tayyorlay olishmadi".

Ustunlik

Rossiya armiyasi islohoti istalgan natijani bermagan esa-da, yaxshi tomonga o‘zgarishlar bo‘lganini inkor etib bo‘lmaydi.

Ularning ba‘zilarini Qrim amaliyoti chog‘ida payqash qiyin emasdi.

"Oxirgi ikki yil ichida bu armiyaning tobora g‘arbona tus olayotganini harbiy paradlarda ham ko‘rish mumkin edi", - deydi Kir Jayls.

"Askarlardagi yangi qurol-yaroqlar, yaqin-yaqingacha faqat vzvod qo‘mondonlarida bo‘lgan ratsiyalarning keng tarqalgani, – Rossiya armiyasining o‘z texnik jihozlarini yaxshilash uchun sarmoyalar yotqizgani yaqqol alomatidir".

Mojarolarni O‘rganish Tadqiqot Markazi xodimlari Qrim amaliyotida ishtirok etgan ko‘plab bo‘linmalar harakatini kuzatganliklarini aytadilar.

"Ular birgina havo-desant qo‘shinlari emas, balki Rossiya armiyasining turli tezkor harakat bo‘linmalari vakillari edi, - deydi Jayls. - Ular orasida razvedka bo‘linmalari va dengiz kuchlari vakillari ham bor edi".

Kamchiliklardan qat‘i nazara, Kir Jaylsning ishonishicha, "bugungi kunda Rossiya qo‘shinlari 2008 yilgan nisbatan ancha jangovar hamda Ukraina va shuningdek sharqiy qo‘shinlarga qiyoslaganda" ancha yaxshi tayyorgarlikdan o‘tgan.

Uning o‘ylashicha, Rossiya Ukraina uchun yetarlicha uzoq muddat harbiy tahdid bo‘lib qolishi mumkin.