Gorbachev: Meni sudlashga chaqiriqlar aqlsizlikdan boshqa narsa emas

Dumaning bir qancha deputatlari sobiq Ittifoqning birinchi va oxirigi prezidenti Mixail Gorbachyovni "buyuk mamlakatni parchalash" ga mas‘ul sifatida mahkamaga tortishga chaqirganlar.

Mixail Gorbachev Interfaks agentligiga bergan intervyusida deputatlarning o‘zini mamlakatni tarqalishida ayblashlari va sudlashga chaqiriqlarini axmoqgarchilik deb atab, bu shaxsiy piar uchun qilinayotganligini ta‘kidlagan.

"Ular haqida odamlar ismlarini atab gapirsa yoqadi, lekin bunday chaqiriq butunlay o‘ylanmagan va tarixiy faktlar nuqtai nazaridan umuman asoslanmagan harakatdir. Agar bu ichiqoralik bo‘lsa, hasad qiladigan narsaning o‘zi yo‘q. Deputatlar ko‘p marotaba pensiyalarni oshirish bo‘yicha prezidentga murojaat qilishdi, lekin bu masala hatto muhokama ham qilinmadi", deydi Gorbachyov deputatlar haqida.

"Men kimgadir xalaqit qilayotganimni shundan bilish ham mumkinki, oxirgi 20 kunda bir necha marta meni o‘ldi, deb xabar tarqatishdi. Bunday odamlarning vijdoni yo‘q. Men shubhasiz, bunday murojaatlarga ahamiyat bermayman, shuning uchun o‘z ishim va sog‘ligim bilan shug‘ullanishda davom etayapman", deb aytadi sobiq prezident.

Payshanba kuni Yagona Rossiya deputatlari Yevgeniy Fedorov, Anton Romanov, kommunistlar Ivan Nikitchuk, Oleg Denisenko va LDPR a‘zosi Mixail Degtyarev Rossiya Bosh prokurori Yuriy Chayka nomiga ariza yozib, SSSR tarqalishi paytidagi voqealarni tekshirishni talab qilganlari haqida xabar chiqqan edi.

Duma deputatlari sobiq Ittifoqining parchalanishiga sabab bo‘lganlar, jumladan oxirgi sovet rahbari Mixail Gorbachyovga qarshi jinoiy ish ochishni so‘raganlar.

Internet ijtimoiy tarmoqlarda ham bu xabarni muhokama qilish avjiga chiqqan. Aksariyat foydalanuvchilar Gorbachyovni SSSRni tarqalishda aybdor deb bilishlarini aytgan bo‘lsalar, ba‘zilar "keksa kishi"ni endi tinch qo‘yishga chaqirgan.

O‘tgan oyda Mixail Gorbachyov Rossiya matbuotiga bergan intervyusida Qrimning Rossiya tarkibiga kirishi borasida ijobiy fikrda ekanligini aytgan edi.

"Men xursandman qo‘shiluvdan. Qrim referendumi Sovet davri xatosini tuzatdi. Bu vaziyatda shundan kelib chiqib gapirish kerakki, odamlar o‘z xohishlariga qarshi Ukraina hududida bo‘lib qolishgandi. Buning hammasi ularning xohishlariga qarshi qilingan. Ular albatta Nikita Xrushyov nega bunday qilganiga javob berisholmasdi.

Muammo bo‘lgan va har doim o‘sib kelgan. Referendum Qrimdagi odamlarning fikrlarini oydinlashtirish uchun o‘tkazildi. Bu ularning huquqi. Referendumlar bizda ko‘p joyda o‘tkaziladi. O‘tkazishdi. Aniq bo‘lishicha, Qrimdagi ruslar Rossiyaga qaytishni istashadi. Balki, referendum o‘zining natijalari bilan hammani hayratga solgan bo‘lsa kerak. 90 foizdan ortiq aholi qo‘shilishga rozi. Bu hammaning ko‘z o‘ngida ochiq jarayon bo‘ldi, hech bir ko‘zbo‘yamachilik bo‘lmadi. Bu bilan hisoblashish lozim. Endi biz do‘stona hayot kechirishimiz kerak. Biz endi Ukraina bilan bir-birimizni quvvatlashimiz, rivojlanishimiz kerak", degandi sobiq prezident.