"Real" - "Bavariya", "Atletiko" - "Chelsi", kimga qiyin bo‘ladi?

Image copyright Getty

Ha, juma 11 aprel kuni tashlangan qur‘a natijalariga muvofiq, dunyoning bu to‘rt old jamoasi Ovro‘po Chempionlar ligasining yarim finalida xuddi shu tartibda bir-birlariga maydonga tushishadi.

Final bosqichiga chiqish uchun dastlabki uchrashuv 22/23 aprel, yakuniy ikki raqibni aniqlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega javob bellashuvlari esa, 29/30 aprel kunlari bo‘lib o‘tadi.

To‘qqiz karra Ovro‘po Chempionlari chempioni "Real"(Madrid) amaldagi kubok sohibi Olmoniyaning "Bavariya" jamoasiga yuz tutsa, Ovro‘po Kubogi sohibi Londonning "Chelsi" klubi chorak finalda kimsan nahang "Barselona"ni pastga qulatgan "Atletiko"(Madrid) bilan to‘qnash keladi.

Shunday ekan, yarim final bellashuvlarida qit‘aning shuncha old jamoalaridan "omon qolgan" bu to‘rttovlandan qay biriga qiyin bo‘ladi.

BBC O‘zbek Xizmati Shveytsariyada bo‘lib o‘tgan rasmiy qur‘a tashlash marosimi ortidanoq xuddi shu savol bilan O‘zbekistondan taniqli murabbiy Vadim Abramovga murojaat qildi:

Vadim Abramov: Agar, juma kungi qur‘a tashlash marosimigacha qilgan gap-so‘zlariga qaralsa, "Real"(Madrid) "Bavariya"ning o‘zi yarim finalda ko‘rishni istagan raqib. Menimcha, "Borussiya" bilan o‘yinidan kelib chiqib, Myunxen jamoasi o‘zini "Real"dan kuchliroq, deb biladi. Shuning uchun ham, "Real" bilan tushishni xohlagan, nazarimda. Menimcha ham, bu ikkovlon bir-biriga munosib raqib. Agar keyingi juftlikka kelsak, nazarimda, "Chelsi" Madridning "Atletiko"si uchun qulay raqib. To‘g‘ri, oldindan hech narsani aytib bo‘lmaydi. Hamma narsani vaqt ko‘rsatadi. Lekin, shunda ham, menimcha, finalga "Bavariya" va "Atletiko" chiqsa kerak.

BBC: Agar, bundan bor-yo‘g‘i ikki yil burun Ovro‘po Chempionlari chempioni bo‘lgani nazarda tutilsa, "Chelsi" ham uncha-munchaga bo‘sh kelmaydigan jamoa. Madridning "Real"i esa, to‘qqiz karra ushbu kubok sohibi. Nega, sizningcha, bu ikkovlon emas, finalga "Bavariya" va "Atletiko" chiqishi mumkin?

Vadim Abramov: Bunga jamoalarning o‘zimiz shu paytgacha guvohi bo‘lgan o‘yinlari dalolat qiladi. Chunki "Bavariya" joriy paytda haqiqatan ham chempionlarga xos o‘yin ko‘rsatishga harakat qilayapti. Xuddi shuning uchun ham, "Real"ga qarshi o‘yinda biz ularni yaqqol favorit deyishimiz mumkin. Agar, "Atletiko"ga kelsak, bu jamoa ham hozir o‘zining nimalarga qodirligini amalda ko‘rsatib turibdi. Demoqchimanki, klub bekorga La Ligada peshqadamlik qilayotgani yo‘q. Menimcha, "Atletiko" yarim finaldagi bo‘lajak raqiblariga qaraganda kuchli. Birgina chorak finalda "Pari Sen Jermen"ni yutganiga qarab, "Chelsi"ga kuchli, deb baho berib bo‘lmaydi. Hatto, Bosh murabbiyi Joze Mourinoning o‘zi ham chempionlikka tayyor emasliklarini aytib o‘tiribdi. Zaxira o‘rindig‘ida ham futbolchilari unday tizilib turishgani yo‘q. Menimcha, chorak finalda ularga omad kulib boqdi. Agar, frantsuz jamoasi kuchliroq o‘ynaganida, javob o‘yinida bu kabi muammoga to‘qnash kelmasdi.

Image copyright AFP
Image caption Ispaniyaning nahang "Barselona"si 2007 yildan buyon ilk bor bu yil Ovro‘po Chempionlar ligasining yarim finaliga chiqa olmadi

BBC: Vadim aka, siz kimsan nahang "Barselona"ning bu gal chorak finaldan pastga qulashini qanday baholaysiz? Jamoa 2007 yildan buyon bu kabi mag‘lubiyat alamini tatimagandi. Sizningcha, ularga nima pand berdi?

Vadim Abramov: Agar, buning sababini izohlaydigan bo‘lsak, menimcha, ikkita bir-biriga o‘xshamaydigan jamoa bir-birlariga qarshi to‘p surishdi. Nazarimda, bu o‘yinda istak-xohish ham kattagina rol o‘ynadi. Demoqchimanki, "Atletiko" "Barsa"ga qaraganda kuchliroq istak-xohish namoyish etdi. Erishgan shuncha yutuqlari ortidan, "Barselona"da g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoq u qadar bo‘lmadimi...Xullas kalom, bu o‘yinda hammasini qat‘iyat hal qildi va Madrid jamoasi shunisi bilan yutib ketdi, nazarimda.

BBC: Vadim aka, agar sir bo‘lmasa, shaxsan o‘zingiz bu yil Ovro‘po chempionlari chempionligi uchun bellashayotgan qay bir jamoaga ishqibozlik qildingiz?

Vadim Abramov: Men aslida "Barselona"ning ishqiboziman. Agar, qolgan to‘rt jamoaga keladigan bo‘lsak, ularning orasidan Olmoniyaning "Bavariya" jamoasiga muxlislik qilaman. Chunki Bosh murabbiysi Xosep Gvardiola jamoasi o‘yinining sifati bilan hozir "Bavariya"ning hammadan kuchli ekanini ko‘rsatib qo‘ydim.

BBC: Demak, sizningcha, bu yilgi mavsumda ham "Bavariya" Ovro‘po Chempionlari chempioni bo‘ladi?

Vadim Abramov: Final faqat bitta o‘yindan iborat bo‘ladi. Shu bois ham, agar, yakuniy bosqichga "Bavariya" va "Atletiko" chiqadigan bo‘lishsa, oldindan bir narsa deyish qiyin. Chunki bitta o‘yin, baribir, bittaligini qiladi. Hatto, qizil iblislarga qarshi o‘yin ham shuni ko‘rsatdiki, agar, siz "Bavariya" darvozasini dastlabki daqiqalardayoq zabt etmasangiz, o‘yinning qanday yakun topishini bashorat qilish qiyin bo‘ladi. Shuning uchun ham, bu - futbol. Hech narsani oldindan bashorat qilib bo‘lmaydi. Menimcha, "Bavariya" va "Atletiko" finalga chiqishadi. Final esa, baribir, final: Kuchli o‘yin namoyish etgan va omadi kulib boqqan jamoagina g‘olib chiqadi.

BBC: Eslatib o‘tamiz, bu yilgi Ovro‘po Chempionlari chempionini aniqlab beruvchi final uchrashuvi 24 may kuni Lissabonda bo‘lib o‘tadi. Juma 11 aprel kunining o‘zida tashlangan boshqa bir qur‘a natijasiga muvofiq esa, bu yilgi Ovro‘po Ligasi yarim final bellashuvlarida Italiyaning "Yuventus" jamoasi "Benfika", "Sevilya" esa, "Valensiya"ga qarshi to‘p surishadi.