Turkiya: yuzdan ortiq amaldor telefon suhbatlari uchun iste‘foga chiqarildi

Image copyright Getty

Turkiyaning Anado‘li axborot agentligi Ichki ishlar vaziri Efkan Aliga iqtibosan xabar qilishicha, davlat tizimidagi turli idoralarning 150 dan ortiq amaldori noqonuniy telefon suhbatlarini eshitganlikka aloqadorilik bilan ishdan bo‘shatilgan.

Uning aytishicha, ayni paytda bunday noqonuniy amallarni tashkilotchilarini aniqlash ustida surishtiruvlar ketmoqda.

Bundan oldin davlat amaldorlarining telefonlarini eshitishda gumonlangan olti politsiyachi qo‘lga olingan edi.

Shuningdek, Turkiya Bosh vaziri Erdo‘g‘on davlat mulozimlarining telefonlarini eshitishni ayg‘oqchilikka tenglashtirgan.

25 fevralda Turkiya ommaviy axborot vositalari xabar tarqatishicha, 2011 yil Istanbul prokuraturasi tomonidan "Salam" tashkilotiga qarshi aksilterror amaliyotlar davomida yetti mingdan ortiq ham davlat vakillari, ham muxolif a‘zolarining, shuningdek bosh vazir oila a‘zolarining telefon suhbatlari tinglangani oshkor etilgan.

Bundan tashqari aksilterror amaliyotlar doirasida Turkiya xavfsizlik xizmati rahbari Hakan Fidanning telefon muloqotlari eshitilgan.

Turkiya Bosh vaziri Erdo‘g‘on noqonuniy telefon suhbatlarini eshitish orqasida Fatxulla Gulen harakatining a‘zolarini turganini aytgandi.

Rajab Toyib Erdo‘g‘on shuningdek, bir paytlar yaqin ittifoqchisi bo‘lgan Fatxulla Gulenning harakati islomiy emas, siyosiylashgan va noqonuniy bir tizimga aylanganini aytgan.

Erdo‘g‘on Gulenni Turkiya ichki ishlariga aralashmaslikka chaqirgan va AQSh Gulenning zimdan olib borayotgan aksilhukumat harakatlarini quvvatlayotganini aytgan.

Fatxulla Gulen "Xizmat" jamoatchilik harakati va Turkiya yozuvchi va jurnalistlar fondi asoschisi hisoblanadi.

Bosh vazirning telefon suhbati

Bundan oldin Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyib Erdo‘g‘an internetga sizib chiqqan o‘g‘li bilan bo‘lgan telefon suhbati internetga chiqqan, Erdo‘g‘on bu audio yozuvlarini soxta deb atagandi.

Telefon suhbatida u go‘yoki o‘g‘li bilan yirik miqdordagi pullarni qayerga yashirishni muhokama qiladi.

Bosh vazirning parlamentga aytishicha, YouTube videoxostingiga qo‘yilgan audiofayl "xiyonatkorona to‘hmat" bo‘lib, aybdorlar jazosini olishi kerak.

Erdo‘g‘an uning korruptsiyaga aloqadorligi haqidagi ayblovlarni mo‘‘tadil musulmonlar harakati - "Xizmat" tomonidan uyushtirilgan fitna, deb hisoblaydi.

Telefon suhbatida janob Erdo‘g‘an o‘g‘li Biloldan uydagi millionlab yevroni yashirishni so‘raydi.

Turk muxolifati ayni audio yozuvlar tufayli undan iste‘foga chiqishni talab qilganlar.

Haqqoniyligi isbotlanmagan telefon suhbati go‘yoki dekabr oyida bo‘lib o‘tgan.

O‘shanda bosh vazirning tijoriy hamkorlari va uch vazirning o‘g‘li pora berish va olishga aloqadorlik ayblovlari bilan hibsga olingan edi.

Korruptsiya ayblovlari bilan boshlatilgan tekshiruv 11 yildan buyon iqtidorda bo‘lgan janob Ero‘g‘an hokimiyatini mart oyiga belgilangan saylovlar oldidan savol ostiga olishi haqida aytildi.

Biroq "Adolat va taraqqiyot" partiyasining saylovlarda g‘alabasi ortidan gapirgan Erdo‘g‘on, muxoliflariga mag‘lubiyat ancha qimmatga tushishi bilan ogohlantirgandi.