Dehli va Kobul: Saylovlar, umidlar va xavotirlar

Image caption Oxirgi yillarda ikkala mamlakatda ham siyosiy barqarorlik hukmron bo‘ldi

Bir yarim soatlik parvozdan so‘ng - bu Hindiston poytaxtidan Mumbay yoki Kalkuttaga borishdan ko‘ra kam vaqt sarflanadigan safar - Nyu Dehlining yashil hiyobonlari ortda qolib siz o‘zingizni Kobulda, yalang‘och beton devorlar, simtikanli to‘siqlar va qum to‘ldirilgan qoplardan iborat blok-postlar orasida ko‘rasiz.

Faqatgina Buyuk Mo‘g‘ullar davri me‘morlik obidalarining oltin suvi yuritilgan gumbazlari bu ikki davlatning o‘tmishidagi umumiylikni eslatadi- buyuk shohlar Ashoka, Bobur va Shoh Jahon Dehlidan turib Kobulni boshqarishgan.

Bu ikki dunyo o‘rtasida nima umumiylik bo‘lishi mumkin?-degan savol tug‘iladi. Hindiston- mustamlaka ostidan chiqqan mamlakatning namunaviy ko‘rinishi: dunyodagi yirik demokratiya, ko‘pchilik nazarida, o‘zining kompyuter bilimdonlari, Bollivud kinoyulduzlari va Forbes ro‘yxatining birinchi o‘ntaligidagi magnatlari bilan ko‘tarilib borayotgan yirik davlat. Afg‘oniston - deyarli "shakllanmagan davlat" nomini olgan, islom radikalizmi uyasiga qiyoslanadigan va Osiyodagi eng qashshoq mamlakat, korruptsiya darajasi bo‘yicha dunyo reytingida oxiridan uchinchi o‘rinni egallagan.

Lekin ayni kunlarda bu ikkisini ko‘p narsa birlashtiradi. Hindistonda ham, Afg‘onistonda ham tarixiy saylovlar bo‘lib o‘tmoqda, saylov natijalari ularning kelajaklarini aniqlab berishi bilan muhim o‘rin tutadi.

Oxirgi yillarda ikkala mamlakatda ham siyosiy barqarorlik hukmron bo‘ldi: Prezident Homid Karzay 2001 yilda qudratga keldi, bosh vazir-iqtisodchi Manmoxan Singx Hindiston Milliy Kongressi partiyasi a‘zosi va Neru-Gandilar siyosati davomchisi, 2004 yilda bu lavozimga keldi. Ikkalasining ham lavozimdan ketish muddati bir vaqtga to‘g‘ri kelmoqda.

Afg‘onistondagi uch yetakchi nomzodlar - Abdullo Abdullo, Zalmay Rasul va Ashraf G‘ani - ovro‘pocha ma‘lumot olgan, dinda mo‘‘tadil, kiyinishlari ham sipo va salobatli. Nomzodlarning mashhurligi milliy-qabilaviy belgilarga qarab ajraladi.

Image copyright AFP

Hindistonda yetakchi nomzodlar - Milliy kongressdan Raxul Gandi va "Bxaratiya janata parti"dan Narendra Modi - barcha tomondan bir-biriga qarama-qarshi: so‘l va o‘ng, dunyoviy liberal va konservativ millatchi, chevara, nevara, bosh vazirlarning o‘g‘li va eng past tabaqadan chiqib, o‘z-o‘zini namoyon qilgan shaxs.

Ikkala tomonga ham siyosat va din uzviy bog‘langan: saylovlar bir vaqtning o‘zida hinduizm va islom hayotda qanday ahamiyat kasb etishi kerak, degan savolni aniqlashtiradigan referendum bo‘lib ham hisoblanadi.

Afg‘onistondagi prezidentlik saylovlari birinchi bosqichida ovoz beruvchilar ishtiroki 58 foizni tashkil qilgan.

Tolibonning saylovlarni barbod qilish tahdidi bo‘lgan Afg‘onistonda ovoz berishga qatnashishning o‘zi mullalar va shariat normalari qattiq ta‘kidlanadigan jamiyatga qarshi ovoz berish aslida.

Image copyright Getty

Hindiston Milliy kongressi oshkora va g‘urur bilan dunyoviy mafkurani targ‘ib qiladi, BDP esa xuddi shunday qat‘iyat bilan "xarma"-to‘g‘rilik va burchni yoqlab keladi.

Narendra Modi tarafdorlarining saylovoldi loyihalarining asosiy bandlaridan biri Rama va Ayodxe xudolarining tug‘ilgan joylarida hindular ibodatxonasini qurishdir.

XVI asrda Hindistonni bosib olgan Boburiylar, yoki hindlar ta‘biri bilan aytganda Buyuk Mo‘g‘ullar ibodatxonani buzib, uning o‘rniga masjid qurganlar. 1992 yilda hindular masjidni buzib tashlaganlar, o‘shandan buyon ushbu maydon bo‘sh turibdi.

Ikkala mamlakatda ham iqtisodning qoniqarsiz ahvoli joriy hukumatga nisbatan korruptsiya ayblovlari bilan birga jamiyatda radikal islohotlarga tashna kayfiyatni tug‘diradi.

O‘n yil oldin ikki xalq ham ma‘naviy ko‘tarilish davrini boshdan kechirdilar: Afg‘oniston 30 yillik qurolli to‘qnashuvlardan so‘ng yangi davrga kirdi, Hindiston esa atom quroliga ega bo‘ldi va iqtisodda Xitoy bilan tenglashgan davlatga aylanishni xohladi. Lekin ko‘p umidlar o‘zini oqlamadi, va ko‘tarinkilik, ishonch o‘rnini toqatsizlik va darg‘azablik egalladi. Bu ayniqsa birinchi marta ovoz beruvchi avlod orasida ko‘zga tashlandi.

Bu kuzatuvchilar uchun ham noodatiy, lekin Afg‘onistondagi vaziyat bugun ko‘p narsalarni va‘da qilayotgandek ko‘rinadi.

Tarixda ilk bor u yerda hokimiyat tinch yo‘l bilan almashmoqda.

Toliblarning saylovlarni barbod qilish tahdidlariga qaramasdan, ovoz beruvchilarning ishtiroki shu qadar yuqori bo‘ldiki, ko‘p saylov maskanlari tushga keliboq yangi saylov qog‘ozlarini keltirishlariga to‘g‘ri keldi. Poytaxt Kobul va viloyatlarda kuchli yomg‘irga qaramasdan, saylovlarda ovoz berish imkoniyatiga ega 12 milliondan yetti millioni ovoz berishga qatnashdi. Bu o‘tgan safargi saylovlardan uch million kishi ko‘p deganidir.

Yana shu narsa aniq bo‘ldiki, Afg‘on hukumati o‘zidagi barcha kamchiliklari bilan birga, NATO qo‘shinlari shu yil oxirida chiqib ketgach, umuman olganda xavfsizlikni ta‘minlashga qodir ekanini ko‘rsatdi.

Va nihoyat, Afg‘on siyosiy elitasi hatto rivojlangan davlatlar darajasida munosib nomzodlarni ilgari sura oldi.

Misol uchun, Ashraf G‘ani - sobiq moliya vaziri va Jahon bankining xodimi, Kolumbiya universitetida iqtisod fanlari doktori darajasini olgan.

Mamlakat tarixida saylovlardan keyin yangi bo‘lim ochilishiga umidlar bor.

Narendra Modidan nima kutish mumkin?

Image copyright Reuters

Hindistonliklar ikki narsadan birini tanlashlariga to‘g‘ri keladi. Hindiston Milliy Kongressi ko‘pchilikning nazarida tanazzul, korruptsiya va qarindoshchilik ramzi. BDP iqtisodga yangi hayot berishni va‘da qilmoqda, biroq Narendra Modining milliy va diniy ozchiliklarga nisbatan tutgan mavqei xavotirlarni ham uyg‘otadi.

Modi 2001 yilda Gujarat shtati bosh vaziri bo‘lganidan bir yil o‘tib, qonli to‘qnashuvlar yuz bergan, unda asosan musulmonlardan iborat mingdan ortiq kishi o‘ldirilgan va 200 mingdan ortig‘i uylaridan haydab chiqarilgan edi. Ularning aksariyati hali ham jamlog‘larda kun kechirishadi.

Modini o‘shanda to‘qnashuvlarni bartaraf etishga e‘tibor bermaganlikda ayblashgan. Siyosatchi buni rad qilib keladi. Biroq o‘tgan yil uni 2001 yil voqealariga munosabati so‘ralganda, shubhali javob qaytardi. U ustidan mashina o‘tib ketgan it bolasiga achinganchalik jabrlangan musulmonlarga achinishini aytgan.

Bugun Modi islohotlarga tashna aholi orasida obro‘si baland va so‘rovlarga ko‘ra, uning g‘alaba qozonishi uchun yaxshigina imkoniyatlari bor.

Saylov kampaniyasi davomida u o‘zini mamlakatni tartibga sola oladigan rostgo‘y va harakatchan siyosatchi sifatida ko‘rsatishga urindi. Balki u o‘zida millatchilik va diniy toqatsizlik sifatlarini ortga tashlagandir. Shunday deya umid qilgisi keladi odam.

Eng asosiysi- ikki mamlakatda ham saylovchilarning faol ishtiroki shuni ko‘rsatadiki, Osiyoda ham demokratiyaga chanqoqlik oshib bormoqda. Saylov natijalaridan qat‘iy nazar, kutishga esa juda kam vaqt qoldi, bu juda a‘lo xabar.