Ukraina sharqida maxsus amaliyot boshlash haqidagi farmon imzolandi

Image copyright AFP
Image caption Maxsus amaliyot o‘tkazish bo‘yicha shtabga shaxsan Turchinovning o‘zi rahbarlik qiladi

Ukrainaning muvaqqat Prezidenti Oleksandr Turchinov mamlakat sharqida maxsus amaliyot boshlash haqidagi farmonni imzolagan.

Farmon "Terrorchilik xavfini bartaraf etish va Ukrainaning hududiy yaxlitligini saqlash yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan choralar to‘g‘risida" deb nomlanadi.

Farmonning bajarilishini nazorat qilish Xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Andrey Parubiyga yuklatilgan.

RIA Novosti agentligining o‘z manba‘siga tayanib xabar qilishicha, maxsus amaliyot o‘tkazish bo‘yicha shtabga shaxsan Turchinovning o‘zi rahbarlik qiladi.

13 aprel kuni Turchinov aksilterror amaliyotiga Ukraina Qurolli kuchlari jalb qilinishini aytgan.

Ayni paytda Ukraina BMTga mamlakat sharqidagi amaliyotlarda ishtirok etishni taklif qilgan.

Bu haqda Ukrainaning muvaqqat prezidenti Oleksandr Turchinov Birlashgan Millatlar Bosh Kotibi Pan Gi Mun bilan telefon muloqotidan so‘ng ma‘lum qilgan.

Putin "xavotir"da

Rossiya Prezidentining matbuot kotibiga ko‘ra, Ukraina sharqida yashovchi aholidan Vladimir Putinga ko‘plab murojaatlar kelib tushgan.

"Vladimir Putin Ukrainaning sharqiy mintaqalaridagi vaziyatni katta xavotir bilan kuzatmoqda. Shaxsan Putinga u yoki bu ko‘rinishda yordam berish, u yo bu shaklda vaziyatga aralashish so‘ralgan ko‘plab murojaatlar kelmoqda", - deb aytgan Dmitriy Peskov.

Image copyright AFP
Image caption Putin Ukraina sharqidagi voqealarni "xavotir bilan kuzatayotgani" bildirilgan

Reyter agentligining xabar berishicha, dushanba kuni o‘zini "Donetsk Xalq Respublikasi"ning bir qismi deb atagan rossiyaparast faollar Putinga murojaat yo‘llab, o‘zlarini "millatchi kuchlar"dan himoya qilishini so‘rashgan.

Dushanba kuni Ukraina sharqida ma‘muriy binolarni bosib olish va norozilik chiqishlari davom etgan.

Rossiyaparast jangarilarga o‘zlari egallab turgan hokimiyat binolarini tark etish uchun berilgan muhlatga qaramay, qurolli olomon Donetsk yaqinidagi Gorlovka shahar ichki ishlar boshqarmasi binosini zab etgan.

Ukrainaning muvaqqat prezidenti Rossiyaning "tajovuzi"ni qoralagan, ammo shu bilan birga umumxalq referendumi o‘tkazish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlagan.

Oleksandr Turchinov Kiyev rossiyaparast namoyishchilarning asosiy talabi bo‘lgan mamlakatning kelajagi borasidagi ovoz berishga qarshi emasligini aytgan.

Janob Turchinov shuningdek, Ukraina Slavyansk va boshqa shaharlardagi hokimiyat binolarini egallab turgan qurollilarga qarshi "yirik aksilterror amaliyoti" hozirlayotganini aytgan.

Ammo jangarilarga berilgan muhlat allaqachon tugab ketganiga qaramay, amaliyotlar boshlanmagan.

Muxbirlarga ko‘ra, ukrainlar janob Turchinov rossiyaparast guruhlarga qarshi kuch ishlatish tahdidini amalga oshira oladimi, yo‘qmi, kutib turishibdi.

"Bo‘lginchilik amaliyoti"

Dushanba kuni ertalab Ukraina sharqidagi hokimiyat binolarini egallab turgan rossiyaparast ishg‘olchilarga berilgan muhlat tugagan.

Ukrainaning muvaqqat prezidenti agar binolar mahalliy vaqt bilan soat 9 ga qadar bo‘shatilmasa, ishg‘olchilarga qarshi harbiy harakatlar boshlanishi haqida ogohlantirgan.

Ammo muxbirlarga ko‘ra, hanuzgacha Slavyanskdagi ishg‘ol qilingan militsiya idorasi uzra Rossiya bayrog‘i hilpiramoqda.

Yakshanba kuni shahar chetida rossiyaparast qurollilar bilan yuz bergan to‘qnashuvlarda kamida bir ukrain zobiti halok bo‘lgan.

BMT Xavfsizlik Kengashining favqulodda majlisida Rossiya Ukrainani mamlakat sharqidagi namoyishchilarga qarshi kuch ishlatmaslik haqida ogohlantirgan.

Rossiyaning Birlashgan Millatlardagi elchisi Vitaliy Churkin ukrain hukumatini "haqiqiy muloqotni boshlash"ga chaqirgan.

Ammo Ukraina elchisi Yuriy Sergeyev o‘z mamlakati sharqidagi inqiroz Moskva tomonidan sun‘iy ravishda yaratilganini aytgan.

Dushanba kuni Ukraina Tashqi ishlar vazirligi "bo‘lginchilik amaliyoti" ortida Rossiya maxsus kuchlari turganiga doir dalillarga ega ekanini aytgan.

Ukrain tomoni ushbu dalillarni shu hafta oxirida Jenevada o‘tishi kutilayotgan anjumanda namoyish etmoqchi.

Rasmiy Kiyev Slavyansk va boshqa shaharlardagi qurollilar o‘zlari egallab turgan hokimiyat binolarini tark etmagani taqdirda harbiy kuch qo‘llashini aytgan.

Image caption Isyonchilar shaharni barrikadalar bilan o‘rab olgan

Yakshanba kuni muvaqqat Prezident Oleksandr Turchinov binolarni ishg‘ol qilgan qurollilarga qarshi "keng miqyosdagi aksilterror amaliyoti" o‘tkazilishini aytgan.

BBCning Donetskdagi muxbiri Daniel Sandfordga ko‘ra, dushanba Ukraina uchun hal qiluvchi kun bo‘lishi mumkin.

Ammo shu bilan birga muxbirimizning ilova qilishicha, o‘tmishda bu kabi muhlatlar ko‘plab berilgan va natijasiz tugagan.

Kiyevdagi yangi ma‘muriyat Ukraina sharqida o‘z ta‘sirini o‘rnatishga qiynalmoqda.

O‘tgan dam olish kunlari qator shaharlar rossiyaparast qurollilar qo‘liga o‘tgan.

Donetsk viloyatining Slavyansk shahrida isyonchilar barrikadalar qurib, shaharga kirish yo‘llarida nazorat - o‘tish nuqtalarini o‘rnatishgan.

Garchi Kiyev Slavyanskda nazoratni qayta o‘rnatishini aytgan esa-da, yirik miqyosdagi harbiy harakat boshlangudek bo‘lsa, chegara yaqinida minglab qo‘shinlari bilan shay turgan Rossiya harakatga kechishi mumkin.

Muvaqqat Prezident Turchinov o‘tgan oy Rossiyaga qo‘shib olingan Qrimdagi hodisalarning Ukraina sharqida takrorlanishiga yo‘l qo‘ymasligini aytgan.

Ukraina sharqida katta sondagi rusiyzabon aholi istiqomat qiladi.

Shu yil fevralida Ukrainaning rossiyaparast prezidenti Viktor Yanukovich hokimiyatdan ag‘darilganidan buyon sharqiy viloyatlarda norozilik namoyishlari davom etib keladi.