Ukraina sharqidagi to‘qnashuvlarda talofatlar bor

Image copyright AFP
Image caption Rossiyaparast qurollilar shanba kuni Slavyanksda nazorat o‘rnatishgan

Ukraina Ichki ishlar vazirligining bildirishicha, sharqiy Slavyansk shahrida ukrain hukumat kuchlari rossiyaparast qurollilar bilan to‘qnashgan.

Ichki ishlar vaziri Arsen Avakovga ko‘ra, har ikki tomondan talofatlar bor.

Ukraina kuchlari rossiyaparast qurollilar qo‘lida qolayotgan shaharda nazorat o‘rnatishga harakat qilmoqda.

Otishmalarda kamida bir ukrain zobiti halok bo‘lgan.

Rossiyaparast kuchlar shanba kuni shaharda nazorat o‘rnatishi ortidan Kiyev ularga qarshi "aksilterror amaliyoti"ni boshlagan.

Image copyright AFP
Image caption Ukraina sharqida katta sondagi rusiyzabon aholi istiqomat qiladi

Kiyev va g‘arb davlatlari Moskvani tartibsizliklarga gijgijlashda ayblaydi, Kreml esa bu ayblarni rad etgan.

Slavyansk Donetsk viloyatidagi rossiyaparast namoyishchilar hujumiga uchragan uch shahardan biridir.

Qurollangan va harbiy kiyimdagi odamlar Slavyansk va Kramatorsk shaharlaridagi militsiya idoralari va ma‘muriy binolarni bosib olgan.

BBC muxbirlariga ko‘ra, qurollilar yaxshi uyushgan bo‘lgan va shahar bo‘ylab qisqa vaqt oralig‘ida nazorat o‘rnatishgan.

Shaharga kirishdagi asosiy yo‘llarda nazorat-o‘tish nuqtalari o‘rnatilgan.

"Aksilterror" amaliyoti

Ichki ishlar vaziri Avakov rossiyaparast qurollilarning amallarini "Rossiya tajovuzining ko‘rinishi" deb tasvirlagan va ularga qarshi amayoliyotlar boshlanishidan avval mahalliy aholini uylaridan chiqmaslik haqida ogohlantirgan.

"Bo‘lginchilar yaqinlashib kelayotgan maxsus kuchlarni hech qanday ogohlantirishsiz nishonga olmoqda", - deb aytgan janob Avakov.

Image copyright n
Image caption Har ikki tomondan talofatlar haqida xabarlar kelmoqda

Donetsk hokimi Sergey Taruta mintaqada tartibni qayta o‘rnatish uchun "barcha qonuniy vositalar" ishga solinishini aytgan.

Rossiyaparast namoyishchilar shuningdek, Donetsk markazidagi hokimiyat binolarini ishg‘ol qilishda davom etganlar.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ukraina sharqida har qanday kuch ishlatish kelasi haftaga mo‘ljallangan muzokaralarni xavf ostiga qo‘yishi haqida ogohlantirgan.

Unga ko‘ra, Kiyev "mamlakat taqdiri uchun mas‘uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir emasligini ko‘rsatmoqda".

Ammo AQSh Rossiya dastaklayotgan kuchlar Kiyevdagi yangi hukumatga putur yetkazish uchun yaxshi tashkillashtirilgan kampaniya olib borayotganliklarini aytgan.

Qo‘shma Shtatlar Davlat Kotibi Jon Kerri Rossiya Ukraina chegarasidan qo‘shinlarini olib ketmagani taqdirda Moskva uchun "qo‘shimcha oqibatlar"dan ogohlantirgan.

Ukraina sharqida katta sondagi rusiyzabon aholi istiqomat qiladi.

Shu yil fevralida Ukrainaning rossiyaparast prezidenti Viktor Yanukovich hokimiyatdan ag‘darilganidan buyon sharqiy viloyatlarda norozilik namoyishlari davom etib keladi.