Baronessa Varsi yana O‘zbekistonga safar qiladi

Image caption Bu Varsi xonimning O‘zbekistonga uchinchi safaridir

Buyuk Britaniyaning Tashqi ishlar bo‘yicha katta davlat vaziri baronessa Varsi 15 aprel kuni O‘zbekistonga safar qiladi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining bildirishicha, Saida Varsining O‘zbekiston Vazirlar mahkamasi, Tashqi ishlar, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirliklari, shuningdek, Oliy Majlis Senatida muzokaralar olib borishi kutilmoqda.

O‘zbek tomoniga ko‘ra, britan mulozimining navbatdagi tashrifi O‘zbekiston va Britaniya o‘rtasida kechayotgan doimiy muloqotlarning bir qismidir.

Bu Britaniya hukumatida birinchi musulmon ayol vazir bo‘lgan Baronessa Varsining oxirgi ikki yilda O‘zbekistonga uchinchi safaridir.

London va Toshkent o‘rtasidagi diplomatik muloqotlarning faollashuviga Afg‘onistondan britan qo‘shinlarini olib chiqish rejasi sabab bo‘lgan.

O‘zbekiston temir yo‘llari g‘arb qo‘shinlari va harbiy texnikasining Afg‘onistondan olib chiqilishida muhim rol o‘ynashi kutiladi.

Afg‘onistonni tashqi dunyo bilan bog‘lovchi yagona temir yo‘li Amudaryo ustida barpo etilgan.

2015 yilgacha Britaniya Afg‘onistondagi to‘rt milliardga yaqin harbiy va noharbiy jihozlarini olib chiqib ketishi kerak.

O‘zbekiston o‘z hududidan xavfsiz yo‘lak yaratib berishi evaziga Britaniya 700 ming dollarlik texnika hamda jihozlarini sovg‘a qilishi xabar qilingan.

Avvalroq Britaniya matbuoti rasmiy Toshkent hamkorlik evaziga London oldiga mushkul talablarni qo‘ygani haqida yozgan.

Jumladan, "Independent" ro‘znomasining ma‘lumoticha, o‘zbek tomoni Bosh vazir Devid Kameronning Toshkentga safari va Prezident Karimovning davlat tashrifi bilan Britaniyaga kelishini talab qilgan.

Inson huquqlari guruhlari Kameron hukumatini dunyodagi eng repressiv tuzumlardan biri bo‘lgan Prezident Karimov hukumati bilan yaqin hamkorlikdan tiyilishga chaqirganlar.

Ichki repressiyalar xavfi

Hozirga qadar Baronessa Varsi Britaniya hukumatining Toshkentga safar qilgan eng yuqori martabali mulozimidir.

Avvalroq Britaniya parlamenti Varsi xonimdan O‘zbekistonga sovg‘a qilinishi kutilayotgan harbiy jihozlar Prezident Karimovning muxoliflariga qarshi qo‘llanmasligi borasida kafolat talab qilgan.

O‘tgan yil 9 iyul kuni britan parlamentida kechgan munozaralar chog‘ida Varsi xonim harbiy jihozlarning O‘zbekistondagi ichki repressiyalarda qo‘llanmasligi, ular sovg‘a qilinadimi yoki sotiladimi, asosiy me‘zonlardan ekani va buni juda jiddiy qabul qilishlarini aytgan.

Baronessa Varsiga ko‘ra, agar ayni jihozlardan birontasining o‘tmishda O‘zbekistondagi tartibsizliklar chog‘ida ishlatilgani tasdiqlansa yoki ishlatilishi mumkinligiga doir ishoralar bo‘lsa, ular O‘zbekistonga berilmaydi.

"Mening o‘zim o‘tmishda O‘zbekiston bu jihozlardan qanchasini sotib olgani, qayerdan sotib olgani va qanday maqsadlarda ishlatgani borasida juda ko‘p tafsilotlarni o‘rganib chiqdim", - deb aytgan Britaniya hukumati mulozimi.

2005 yil mayida Andijonda namoyishchilarni o‘ldirgan hukumat askarlari Britaniyaning Land Rover mashinalaridan foydalangani haqidagi iddaolar ortidan Britaniya parlamenti tekshiruv o‘tkazishni talab qilgan edi.

Keyinroq bu mashinalarning Turkiyadan eksport qilingani ma‘lum bo‘lgan va britaniyalik deputatlar eksport tartibini kuchaytirishni talab qilganlar.

Baronessa Varsi Britaniya Tashqi ishlar vazirligida Afg‘oniston, Pokiston, Bangladesh va Markaziy Osiyo davlatlari bilan birga BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan aloqalar, shuningdek, inson huquqlari uchun mas‘ul mulozim hisoblanadi.

Ammo uning O‘zbekistonga tashriflari chog‘ida hukumat mulozimlari oldiga inson huquqlari masalasini qanchalik qat‘iy bir shaklda qo‘ygani yo-da mahalliy huquq faollari bilan muloqot olib borgani ma‘lum emas.

Varsi xonim o‘tgan yili Toshkentga safari tafsilotlari haqida BBCga gapirishdan bosh tortgan edi.

Britaniya mulozimlari O‘zbekiston hukumati bilan joriy hamkorlik birinchi navbatda Afg‘onistondan qo‘shinlarni olib chiqish ehtiyoji bilan bog‘liq ekanini e‘tirof etishadi.