Ostonada norozilik bildirganlar hibsga olindi

O‘z shaxsiy uylarining "davlat manfaatlari uchun" olib qo‘yilishidan norozi bir guruh ayollar Bosh prokuratura binosi oldida o‘zlarini panjaraga zanjir orqali bog‘lab namoyish o‘tkazgan.

Namoyishchilarni kuch bilan olib ketish jarayonini tasvirga tushirmoqchi bo‘lgan jurnalistlarga politsiya xalaqit berdi.

Uylarining "davlat manfaatlari uchun" olib qo‘yilshidan norozi 6 nafar ayol mahalliy vaqt bilan tongi 8:30 o‘zlarini Bosh prokuratura binosi oldidagi panjaraga zanjir bilan bog‘lab norozilik namoyishi o‘tkaza boshlagan.

Keyinchalik ularning oldiga 2 yoshdan tortib 12 yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmagan farzandlari va yana 4 nafar ayol kelib qo‘shilgan.

Namoyishchilar Bosh prokuror Asxat Daulbayev bilan uchrashishni talab qilishgan. Yig‘ilganlar ularning uylariga tovon puli sifatida berilayotgan o‘rtacha 5 million tanga yoki 27 500 dollar pulga rozi bo‘lmasdan uylarini saqlab qolishni talab qilishgan.

Namoyish ishtirokchilaridan Sandugash Serikbayevaning BBCga ma‘lum qilishicha, ulardan tortib olinayotgan yerlar xususiy qo‘llarga qimmat bahoga sotiladi.

"Bizdan yerni "davlat manfaati uchun" deb olishmoqda. Yerlarimiz xususiy qo‘llarga qayta sotilishi haqida barcha isbotlarimiz bor. "Davlat manfaatiga" deb olishmoqda va xususiy shaxslarga qayta sotishadi. Bizlardan yerni arzimagan pulga olishmoqda. Ko‘p bolali oilalar ko‘chada qolayapti", - deydi Sandugash Serikbayeva.

Sandugash o‘zlarini panjaraga zanjirband qilinganini dardlariga quloq solishlariga erishish uchun bilan izohladi.

Chunki 11 aprelda ham ular Bosh prokuratura oldiga kelishgan. Ularni hech kim eshitmasdan avtobuslarga tiqib politsiya idorasiga olib ketishgandi. Bu safar zanjirband hollarida dardlarini eshitishlariga umid qilishgan.

Namoyishchilar 2 soat turganidan keyin ularning oldiga prokuratura xodimi chiqqan va namoyishchilarning hujjatlari nusxasini olgan va norozilarning biriga 15 may kuni prokuraturada uchrashuv bo‘lishini bildirgan.

Prokuratura xodimi ketishi bilan hodisa joyiga Favqulotda vaziyatlar va politsiya xodimlari yetib kelgan.

"Ular yana jurnalistlarni kaltaklab tarqatib, bizlarni avtobusga tiqishdi", - deydi Sandugash Serikbayeva.

Voqea joyidan jurnalistlarning aytishicha, favqulodda vaziyatlar xodimlari panjara ortidan ularga bog‘langan zanjirlarni omburlar yordamida uzgan. Politsiya esa ayol va bolalarni avtobusga tiqqan.

Serikbayevaning bildirishicha, zanjirni uzish va avtobusga tiqish jarayonida ayollardan biri tan jarohati olgan va shifokorga murojaat qilgan.

Politsiya idorasiga olib kelingan namoyishchilarni 1,5 soat o‘tgandan so‘ng hech qanday ayb qo‘ymasdan qo‘yib yuborishgan.

Uylari buzilishidan norozi bo‘layotganlarning aytishicha, 3000 ga yaqin odamning uyi "davlat manfaati uchun" olinmoqda.

Sandugash Serikbayevaning ma‘lum qilishicha, davlat berayotgan pulga Ostonadan uy sotib olib bo‘lmaydi. Ular o‘z huquqlarining tiklanishi uchun oxirigacha kurashishini va uylarini saqlab qolishga bel bog‘laganini ma‘lum qilishdi.

Jurnalistlar ham qarshilikka uchradi

Namoyishchilarni zanjirdan ajratib olish va ularni avtobusga majburan solish jarayonini tasvirga olmoqchi bo‘lgan jurnalistlarga politsiya xalaqit bergan.

Politsiya bilan "to‘qnashuv" paytida 16/12 telekanali tasvirchisi Viktor Gudz boshidan jarohatlangan.

"To‘g‘risini aytsam, nima bo‘lganini eslay olmayman. Militsiya paydo bo‘lganini bilaman. Jurnalist va muxbirlarga hujum qildi. Men alohida turib qolgan ekanman. Kamerani olib qo‘ymoqchi bo‘lganini eslayman. Kameram menga bog‘langan edi. Ularga kamerani bermaganimni eslayman, keyin nima bo‘lganini bilmayman", - deydi Viktor Gudz.

Hamkasblari tomonidan olingan suratda ushbu to‘qnashuvdan keyin Viktorning peshonasidan qon oqayotganini ko‘rish mumkin.

Tasvirchi ayni damda uyda ekanligini sog‘lig‘i yaxshi bo‘lsada o‘zida kuchli stress his qilayotgani bildirdi.

16/12 telekanali tasvirchisi ishlashiga politsiya tomonidan xalaqit berilgani va tan jarohati yetkazilgani bilan hech qayerga shikoyat qilmasligini bildirdi.

"Siz bizning adliyaga ishonasizmi? Bu kulgili va haqiqatdan yiroq. Men ahmoqqa o‘xshab qolaman. Meni tentak qilib tashlashadi", - deydi Viktor Gudz.

Jurnalistlarning ishlashiga politsiya tomonidan xalaqit berish holati bundan sal oldin ham kuzatilgan edi. Ayni mana shu namoyishchilarni kuch bilan avtobusga solinayotganini tasvirga olmoqchi bo‘lgan jurnalistlarga politsiya kuch bilan qarshilik ko‘rsatgan edi.

Biroq Ostona Ichki ishlar departamenti matbuot xizmati jurnalistlarga kuch ishlatilgani va xalaqit berilganini rad etgan edi.