O‘zbekistonda Rossiyaning yana bir shirkati "tekshirilmoqda"

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
Image caption "Ohangarontsement" Rossiya kapitali ishtirokidagi so‘nggi yirik shirkatlardan biri

O‘zbekistonda yana bir yirik qo‘shma korxona faoliyati yuzasidan tekshiruvlar boshlangani haqida xabarlar olingan.

O‘zmetronom nashrining yozishicha, "Ohangarontsement"dagi tekshiruvlar O‘zbekistonda amal qiladigan mahsulotlarni realizatsiya qilishning noqonuniy sxemalari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

2006 yilda "Ohangarontsement"ni sotib olgan Rossiyaning "Evrotsement" guruhi o‘tgan vaqt mobaynida O‘zbekistonga yangi texnologiyalar olib kirgan va sifatli mahsulotlari bilan tanilgani aytiladi.

Bundan ikki yil muqaddam Qozog‘iston shirkatiga tegishli "Bekobodtsement"da o‘tkazilgan tekshiruvlar shirkatning milliylashtirilishi bilan tugagandi.

BBCning tekshiruvlar yuzasidan "Evrotsement" shirkatiga qilgan murojaatlari hozircha natija bergani yo‘q.

O‘tmishda Rossiyaning O‘zbekistondagi kamida ikki yirik shirkati moliyaviy qallobliklar va yuzlab million dollar miqdoridagi soliqlarni to‘lamaganlikda ayblangan.

"Vimm-Bill-Dann" va "MTS" shirkatlari O‘zbekiston xo‘jalik mahkamalaridagi uzoq tortishuvlar ortidan o‘zbek bozorini tark etishga majbur bo‘lganlar.

Toshkentdan iqtisodiy sharhlovchi Anvar Husayinovga ko‘ra, "Ohangarontsement" O‘zbekistonda Rossiya kapitali ishtirokida faoliyatini davom ettirayotgan kam sonli yirik shirkatlardan biridir.

Anvar Husayinov Rossiya shirkatining mahsulotlarni realizatsiya qilishning noqonuniy sxemalarida ishtirok etgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi farazlarga qo‘shilmaydi.

Ammo uning aytishicha, tekshiruvlar shirkat mahsulotlarini sotish bilan shug‘ullangan mahalliy vositachilar faoliyatiga e‘tirozlardan boshlangan bo‘lishi ehtimoli mavjud.

"Ayni paytda, - deydi u, agar O‘zbekistonning tekshiruvchi idoralari istasa, moliyaviy qallobliklarni topish va jinoiy ish ochish muammo emas".

Anvar Husayinovga ko‘ra, agar O‘zbekistonda muvaffaqiyatli faoliyat olib borayotgan yana bir xorijiy qo‘shma korxona turli vajlar bilan yopilgudek bo‘lsa, bundan eng ko‘p zarar ko‘radiganlar ish bilan ta‘minlangan va nisbatan yaxshi maosh oladigan oddiy o‘zbeklar bo‘ladi.