Baronessa Varsi O‘zbekistondagi bolalar mehnatini muhokama qilgan

Britaniyaning Tashqi ishlar bo‘yicha katta davlat vaziri Saida Varsi Toshkentdagi muzokaralari doirasida O‘zbekistondagi majburiy bolalar mehnatini muhokama qilgan.

Bu boradagi muloqotlar haqida baronessa Varsining o‘zi Twitterdagi sahifasida ma‘lum qildi.

"Paxta yig‘im-terimida bolalar mehnatidan foydalanish haqida uzoq davom etgan muloqot. O‘zbekiston va XMT (Xalqaro Mehnat Tashkiloti-tahr.) o‘rtasida mustahkam hamkorlikni ko‘rish yoqimli", deb yozgan britan mulozimi.

Bolalar mehnati bilan bog‘liq muloqotning qayerda bo‘lib o‘tgani ma‘lum emas.

Chorshanba kuni Varsi xonim O‘zbekiston Mudofaa vazirligi, Oliy Majlisi Senati va Tashqi ishlar vazirligida muzokaralar olib borgan.

Baronessa Varsi Toshkentdan yozgan yana bir twitida muzokaralar kun tartibidagi asosiy masalalar "Afg‘oniston, Ukraina va inson huquqlari" ekanini ma‘lum qilgan.

Britaniya hukumatidagi birinchi ayol vazir bo‘lgan Saida Varsi Tashqi ishlar vazirligining xalqaro tashkilotlar va inson huquqlari uchun ma‘sul mulozimi ham hisoblanadi.

Bu Baronessa Varsining oxirgi ikki yilda O‘zbekistonga qilgan uchinchi tashrifidir.

Ushbu tashriflar kun tartibidagi asosiy masala Afg‘onistondagi Britaniya qo‘shinlarini olib chiqish masalasidir.

Britaniya O‘zbekiston temir yo‘llaridan foydalanish evaziga 700 ming dollarlik harbiy texnika va jihozlarni O‘zbekistonga "sovg‘a qilishi"ni aytgan.

Inson huquqlari guruhlari Londonning Karimov hukumati bilan harbiy sohadagi hamkorligini tanqid qilishadi.

Varsi xonim avvalroq Britaniya parlamentida qilgan chiqishida O‘zbekistonga beriladigan harbiy jihozlar ichki repressiyalarda qo‘llanmasligiga ishonch hosil qilishlarini aytgan.

O‘zbekiston paxta sanoatidagi bolalar mehnati uchun tanqid qilib kelinadi.

O‘tgan yili Toshkent birinchi marta Xalqaro Mehnat Tashkiloti hay‘atining mamlakatga safar qilishiga ruxsat bergan.

Hay‘at o‘zining dastlabki xulosalarida O‘zbekistonda "bolalar paxta terimiga majburlanmagani"ni aytgan.

Mahalliy huquq faollari tashkilotning xulosalarini savol ostiga olganlar.